Ijtimoiy so‘rovnoma: Birinchi o‘qituvchingizni eslay olasizmi?
Jamiyat
−
01 Oktabr 2023
53361 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Mazkur bayram munosabati bilan QALMAPIR.UZ so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnoma savoli esa quyidagicha: Siz birinchi o‘qituvchingizni eslay olasizmi? Misol uchun, menga ilk bor yozishni, karra jadvalini o‘rgatgan muallimimni eslay olaman. Xo‘sh, sizchi, eslay oldingizmi?
“Ha, eslay olaman. Oxirgi marotaba bundan o‘n yil oldin ko‘rishgan edim”, deydi yo‘lovchilardan biri.
“Birinchi o‘qituvchim onam bo‘ladi. Ismi Dilshoda Umrzoqova. Oxirgi marotaba uyimdan kelishda, sentyabr oyining boshida ko‘rishgan edim”, deya esga oldi talaba qiz.
“Ha, albatta, eslay olaman. Faqat familiyalari esimda yo‘q, ammo ismlari Gulnora edi. Bizga birinchi sinfda dars bergan. Oxirgi marotaba ko‘rishganimizga ham 20 yildan oshdi”, deya xotirladi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.
So‘rovnoma jarayonida birinchi o‘qituvchisini eslay olmaganlar ham bo‘ldi. Ammo ko‘pchilik garchi uzoq yildan beri ko‘rishmagan, suhbatlashmagan bo‘lsada, xotirlay olishini, ismi hamon yodida ekanini aytdi.
“Ismi Dilorom edi. Oxirgi marotaba ko‘rishganimizga ham ancha yil bo‘ldi. Biz u paytda yosh edik, faqat birinchi va ikkinchi sinfda bizga dars bergan edi. Keyin biz boshqa maktabga ko‘chib ketganmiz”, deya esladi boshqa bir yo‘lovchi.
“Ha, eslay olaman. Ustozni esdan chiqarib bo‘ladimi?! Ustoz hayotdagi muhim bo‘lgan shaxslardan hisoblanadi. Ota-ona insonni hayotga keltirsa, hayot yo‘llarini, ilmni, dunyoni o‘rgatadigan bu ustoz hisoblanadi. Ustozim Annayeva Sarvara edi. Oxirgi marotaba 7-8 yil oldin ko‘rishgan edik”, deydi ayni damda o‘zi ham oliygohda dars berayotgan o‘qituvchi.
“Yaxshi eslay olaman. 299-maktabda ishlagan Lola opa birinchi sinfda rahbarlik qilgan. Shirina opa, Shoira opalarni – umuman olganda ko‘p murabbiylarni eslay olaman”, deya yodga oldi gul sotuvchisi.
“Juda ham yaxshi QALAMPIR’dan pozitiv narsa. Birinchi ustozim yaxshi, mehribon o‘qituvchi Lutfiya opa Qoraboyeva edi. Eng qizig‘i, misol uchun, kimlargadir birinchi sinfdan to to‘rtinchi sinfgacha o‘qituvchilar rahbarlik qiladigan bo‘lsa, bizga bu ustozimiz to‘qqizinchi sinfgacha rahbarlik qilgan. Hali ham hayot. Imkoniyat bo‘lsa ularni borib ko‘rishga harakat qilyapmiz”, deydi yana bir ishtirokchi yigit.
Bu galgi so‘rovnoma yanada qiziqroq va noodatiy bo‘lishi uchun biz mazkur savollar bilan QALAMPIR.UZ xodimlariga ham mikrafon tutdik.
“Ha eslay olaman. Ismi Alishboyeva Muyassar opa edi. Uchtepa tumanidagi 123-maktabda boshlang‘ich sinfdan dars bergan. Ular bilan ko‘rishmaymiz, telefonda gaplashmaymiz, lekin haligacha sog‘inaman”, deydi jurnalist Feruza Najmiddinova.
“Birinchi ustozim Guloyim Matyoqubova edi. Oxirgi marta, adashmasam, 2-3 yil oldin ko‘rishgan edik” deydi muxbir Alibek Beyjanov.
QALMAPIR.UZ muxbiri Firdavs Zavqiyevning aytishicha, uning birinchi o‘qituvchisi O‘ktam Tog‘ayev bo‘lib, u Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi 35-maktabda dars berib kelmoqda.
“Birinchi o‘qituvchimning ismlari Hojiya opa edi. Oxirgi marotaba ikki hafta oldin ko‘rishgan edik. Farzandli bo‘lganimda kelgandi”, deydi operator Izzat Qoraboyev.
So‘rovnomada tilga olingan, shu jumladan, O‘zbekistonning barcha o‘qituvchilarini 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan QALAMPIR.UZ jamoasi samimiy qutlab qoladi. Aziz muallimlar, murabbiylar, bayramingiz muborak bo‘lsin!