O‘zbekistonda inklyuziv muhit yaratilgan maktablar soni qariyb besh barobarga oshdi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda ikki yilda inklyuziv muhit yaratilgan maktablar soni 729 tadan 3 ming 591 taga, ya’ni qariyb besh barobarga oshdi. Bu haqda bugun, 30 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

“Bugun tengdoshlari qatorida to‘laqonli muhitda ta’lim olayotgan alohida ehtiyojga ega 10 ming bolaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?” deydi Prezident.

Davlat rahbari alohida g‘amxo‘rlikka muhtoj farzandlar doimiy e’tiborda bo‘lishini ta’kidlagan.

Yaqinda Toshkent shahrida ko‘p funksional inklyuziv resurs maktabi ish boshlagan. U yerda ko‘rish, eshitish yoki harakatlanishida nuqsoni bo‘lgan, shuningdek, ruhiy rivojlanishda qo‘shimcha yordamga muhtoj bolalar sog‘lom tengdoshlari bilan bir muhitda o‘qib, tarbiya oladi.

Bunday maktablar yil oxirigacha Xorazm, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, kelgusi ikki yilda esa barcha hududlarda ochiladi.

“Bog‘cha bolaning qobiliyati kashf etiladigan, zehni ochiladigan maskanga aylanishi zarur”, deydi Prezident.

Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida milliy qadriyatlarimizga mos dastur ishlab chiqilgan. 180 ming tarbiyachi va pedagog yangi metodika bo‘yicha o‘qitilmoqda.

O‘yin orqali ta’lim berishga qaratilgan dastur hozir bog‘chalarning 30 foizida amal qiladi. Yil yakuniga qadar u 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga joriy etiladi.

Toshkentda UNESCO shafeligida Bolalarni erta yoshdan ta’limga jalb qilish mintaqaviy markazi va Italiyaning Rejjio Emiliya markazi ish boshlagan. Ular xalqaro standartlar va innovatsion yechimlarni joriy etish, o‘yin orqali ta’lim bo‘yicha amaliy qo‘llanmalar tayyorlashga xizmat qiladi.

Har yili 50 nafar ilg‘or tarbiyachi xorijda stajirovka o‘taydi, barcha bog‘chalar uchun 100 ta videokontent tayyorlanadi. Uch yillik dastur asosida davlat bog‘chalari elektron doska, kompyuter va rangli printer bilan jihozlanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing