1 fevraldan 50 yillik avtomobillardan foydalanish taqiqlanadi

Jamiyat

image

2026 yilning 1 fevralidan boshlab ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi va ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi. Bu haqda hukumatning 20 fevral kuni qabul qilingan 11-sonli “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi. 

Qarorga ko‘ra, Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimi “Ma’muriy amaliyot” moduli mas’ul vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

2026 yil 1 fevraldan umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, konlar, shaxta va karerlarda qo‘llaniladigan maxsus transportlar, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar, shuningdek, “antikvar” avtomototransportlar uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi. 

Shu bilan birga, ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi.

Avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda quyidagi hujjatlarni vakolatli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olish yo‘lga qo‘yiladi:

  • avtomototransport oldi-sotdi shartnomasi;
  • “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ tomonidan berilgan auksion bayonnomalari;
  • davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan avtomototransportlarga beriladigan elektron hisob-ma’lumotlar;
  • avtomototransport vositasi mulkdorining ma’lumotlari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq eski transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobil antikvar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing