1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2024 yilning 1 avgustidan e’tiboran qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlar ro‘yxatini bir yerga jamladi.

Elektr energiyasini hisoblash bo‘yicha yangi billing tizimi ishga tushiriladi

O‘zbekistonda elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimi joriy etiladi. Tizim sinov tarzida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 1 avgustdan mamlakat hududlarida ishga tushiriladi.

Amaldagi tizimda abonentning ism-familiyasi, pasport ma’lumotlari va hisob-raqami bo‘lgan bo‘lsa, yangi tizimda abonentning kadastr ma’lumotlari, bitta odam nomida nechta hisob raqami borligi kabi ma’lumotlar ham bo‘ladi. Tizimning mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan. U orqali iste’molchilar kunlik elektr energiyasi sarfini ko‘rib, tekshirib borishi, muammo yuzaga kelganda shikoyat qoldirishi mumkin bo‘ladi.

Master-reja hududidagi yerlar auksionga chiqariladi

2024 yilning 1 avgustidan yil yakunigacha belgilangan master-rejalarga muvofiq, mazkur hududdagi yer uchastkalari auksionga chiqariladi. Bu yerlar xizmat ko‘rsatish majmualari va servis ob’ektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlarini tashkil qilish uchun ajratiladi.

Avtomobil raqamlari tasodifiy tanlash yo‘li bilan beriladi

Ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi “Davlat raqam belgilari” modulida avtomatik tarzda tasodifiy tanlash yo‘li bilan beriladi.

Hozirda raqam belgilari o‘sib boruvchi raqamlash ketma-ketligi bo‘yicha beriladi, harflar va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan auksion orqali sotilgan raqamlar bundan mustasno.

Seysmik faol zonalarda ko‘p qavatli binolar seysmik himoya bilan quriladi

O‘zbekistonning barcha tuman va shaharlari hududlari kesimida mintaqaviy akselerogrammalar raqamlashtirilib, onlayn bazalari shakllantirilishi belgilangan.

1 avgustdan xavflilik omili III-IV toifa bo‘lgan ob’ektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi.

Futzal muxlislariga poyezdlar uchun chegirmalar beriladi

2024 yil avgust-oktyabr oylarida futzal bo‘yicha Jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar, shuningdek, chempionat o‘yinlariga chiptalari mavjud bo‘lgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yo‘l chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

qonunchilik 1 avgust

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing