Dog‘istondagi terakt. Hozirgacha nimalar ma’lum?
Olam
−
24 iyun
19474Kecha, 23 iyun kuni kechqurun Dog‘istonda ikkita terakt sodir bo‘ldi. Jangarilar bir vaqtning o‘zida Maxachqal’a va Darbandga hujum qildi. Bu haqda “Lenta.ru” xabar berdi.
Yakshanba kuni soat 18:00 atrofida qurolli shaxslar tomonidan hujum qilingani haqidagi birinchi xabarlar paydo bo‘la boshladi. O‘shanda Darbandda jangarilar avtomat qurollari bilan Lenin ko‘chasidagi Bibi Maryam shafoati pravoslav cherkoviga hujum qilgan. Hujum paytida cherkovda marosim bo‘lib o‘tayotgan edi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar ichkariga bostirib kirib, faqat gaz to‘pponchasi bilan qurollangan qo‘riqchi Mixailni otib o‘qqa tutgan, so‘ngra 66 yoshli ruhoniy Nikolay Kotelnikovga pichoq bilan hujum qilgan.
Darbanddagi jangarilarning yana bir nishoni mahalliy sinagoga bo‘lgan: unga o‘t qo‘yilgan va yong‘in tezda butun binoni qamrab olgan. Taxminan bir vaqtning o‘zida Maxachqal’ada Yermoshkina ko‘chasidagi yo‘l politsiyasi postiga hujum uyushtirildi – bir politsiyachi halok bo‘ldi, yana olti nafari yaralandi. Shundan so‘ng Darband va Maxachqal’a politsiyasi jangarilarni qidirish va yo‘q qilishni boshladi.
Shu bilan birga, Maxachqal’ada pravoslav cherkovi yaqinida politsiya bilan otishma bo‘lib o‘tdi, u yerda 19 kishi o‘z xavfsizligi uchun bino ichiga qamalib olgan. Shu sababli bir qator Telegram-kanallarida ular jangarilar garoviga aylangani haqida xabarlar paydo bo‘ldi, biroq keyinchalik bu ma’lumot respublika Ichki ishlar vazirligi tomonidan rad etildi.
Taxminan soat 22:00 da Dog‘iston muftiyati to‘qqiz kishi terakt qurboni bo‘lganini, ulardan yetti nafari huquq-tartibot idoralari xodimlari ekanligini ma’lum qildi. Ehtimol, halok bo‘lgan ikki tinch aholi ruhoniy Nikolay Kotelnikov va cherkov qo‘riqchisi bo‘lgan.
Keyinroq, soat 22:30 da Rossiya Ichki ishlar vazirligi halok bo‘lganlardan biri shahar politsiya bo‘limi boshlig‘i ekanligini ma’lum qildi – u Darbandda terrorchilar bilan otishma paytida og‘ir jarohatdan vafot etgan. Dog‘iston muftiyligi 25 kishi jarohatlanganini aytdi.
Tungi soat ikkidan keyin Dog‘iston rahbari Sergey Melikov terakt qurbonlari haqida yangi ma’lumotlarni taqdim etdi: bu ma’lumotlarga ko‘ra, 15 dan ortiq politsiyachi, shuningdek, bir necha tinch aholi jangarilar qo‘llarida halok bo‘lgan.
Shu bilan birga, internetda 19 nafar yarador ro‘yxati paydo bo‘ldi: Maxachqal’ada 3 nafar tinch aholi vakili va 12 nafar huquq-tartibot idorasi xodimi turli darajada, Darbandda esa to‘rt nafar tinch fuqaro, ulardan ikki nafari shifoxonaga yotqizishni talab qilmagan, shuningdek, ikki nafar xavfsizlik xodimi yaralangan.
Taxminan soat 20:30 larda Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi Maxachqal’a va Darbanddagi hujumlar tufayli Dog‘istonda aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etilgani haqida xabar berdi.
O‘z navbatida, Rossiya Tergov qo‘mitasi respublikadagi qurolli hujumlar fakti bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (“Terrorchilik akti”) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Dog‘iston rahbari Sergey Melikov mintaqada tezkor shtab tuzilganini ma’lum qilib, mahalliy aholini vahimaga tushmaslikka va xotirjamlikni saqlashga chaqirdi.
Taxminan 23:00 da Milliy aksilterror qo‘mita Darbanddagi aksilterror operatsiyasining faol bosqichi tugaganini e’lon qildi – uning davomida ikkita jangari yo‘q qilindi. Tungi soat ikkiga yaqin qo‘mita besh nafar terrorchi zararsizlantirilganini ma’lum qildi: uch nafari Maxachqal’ada va ikkitasi Darbandda.
Ayni paytda Dog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Maxachqal’ada huquq-tartibot idoralari xodimlari to‘rt nafar jangarini yo‘q qilganini, ulardan uch nafari qarindoshi bo‘lganini ma’lum qildi. Dog‘iston rahbari Sergey Melikov ham Dog‘istondagi aksilterror operatsiyasi davomida olti nafar jangari yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Jangarilar orasida amaldorning o‘g‘illari ham bo‘lgan
Maxachqal’ada yo‘q qilingan jangarilar orasida Dog‘istonning Sergokalinskiy tumani rahbari Magomed Omarovning o‘g‘illari Usmon va Odil Omarovlar hamda uning jiyani ham bor. Bu xabarlar paydo bo‘lishi bilanoq, Omarov iste’foga chiqdi.
Shundan so‘ng, militsiya xodimlari Omarovni qo‘lga olish uchun Serg‘oqali qishlog‘iga borgan. Qishloq markazidagi maydonda huquq-tartibot idoralari xodimlari bo‘lgan mashina noma’lum shaxslar tomonidan o‘qqa tutilgan, politsiyachilardan biri yaralangan.
Biroq, bu voqeaga qaramay, Omarov hibsga olindi – Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari uni so‘roq qilishni boshladi va amaldorning uyi tintuv qilindi.
Shu bilan birga, Omarovning yaqin tanishi Maxachqal’aga hujumda ishtirok etgan amaldorning o‘g‘illari yaqin qarindoshlari orqali ishga olinishi mumkinligini aytdi.
LiveBarchasi