O‘xshash taqdirlar: Qirg‘iziston Prezidentlari lavozimidan qanday ketgan?
Olam
−
16 Oktabr 2020
28649Xabaringiz bor, kecha, 15 oktyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov muxolifat bosimi ostida iste’foga chiqdi. Respublika mustaqilligi yillarida uni to‘rtta Prezident boshqargan. Ulardan ikkitasi rangli inqiloblar natijasida ag‘darilgan, biri Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga muvofiq lavozimni tark etgan, Sooronbay Jeenbekov – ommaviy noroziliklar ostida iste’foga chiqishga qaror qilgan.
Asqar Akayev (1990-2005)
Qirg‘izistonning birinchi prezidenti, respublikaning hozirgi Chuy viloyatida tug‘ilgan Asqar Akayev mamlakatni 15 yil davomida boshqargan. U birinchi marta 1990 yil 27 oktyabrda respublika Oliy Kengashi tomonidan Prezident etib saylandi. Keyinchalik u umummilliy to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovlar davomida uch marta (1991, 1995 va 2000) eng yuqori davlat lavozimiga qayta saylandi. 2005 yil boshida Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalari bilan muxolifat 10% dan kam o‘rinlarni egalladi va ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar nafaqat ovoz berish natijalarini bekor qilishni, balki respublika Prezidenti Asqar Akayevning iste’fosini ham talab qilishdi. 24 mart kuni Bishkekda namoyishchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashgan. Muxolifat Hukumat uyiga bostirib kirdi va shu kuni Asqar Akayev respublikani tark etdi. 4 aprel kuni u Moskvada bo‘lganida, 5 apreldan boshlab Qirg‘iziston Prezidenti lavozimini tark etish to‘g‘risida rasmiy bayonot berdi. 11 aprel kuni Jo‘qorg‘u Kenesh deputatlari Akayevning iste’fosini ma’qulladilar. Xuddi shu kuni, Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Qurmanbek Bakiyevning qarori bilan sobiq prezidentning oilasi daxlsizlik huquqidan va uning o‘zi esa respublika qonunchiligiga muvofiq berilgan imtiyozlarning bir qismidan mahrum qilindi.
2010 yil 13 avgustda Qirg‘iziston hukumatining qarori bilan Asqar Akayev daxlsizlik maqomidan va mamlakatning sobiq prezidenti unvonidan mahrum qilindi. 2005 yildan beri Qirg‘izistonning sobiq rahbari Moskvada yashagan va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. 2006 yildan – Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi. U Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti kompleks tizimlarini matematik tadqiqotlar institutining yetakchi ilmiy xodimi. Rossiya Fanlar akademiyasi Markaziy iqtisodiyot va matematika institutining bosh ilmiy xodimi.
Qurmanbek Bakiyev (2005-2010)
Qirg‘iz muxolifati rahbarlaridan biri bo‘lgan Qurmanbek Bakiyev respublikani 2005 yildagi “Lola inqilobi”dan va Asqar Akayevning ag‘darilishidan keyin o‘z qo‘liga oldi.
U 2005 yil 10 iyulda Prezident etib saylangan (2009 yilda qayta saylangan). 2010 yil 7 aprelda davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatga Roza Otunbayeva boshchiligidagi muxolifat tomonidan tuzilgan yangi muvaqqat hukumat keldi. Qurmanbek Bakiyev Bishkekdan janubda, Jalolobod viloyati hududidagi ota-bobolari qishlog‘ida yashiringan. Bir necha kundan keyin u Qozog‘istonga uchib ketdi, u yerdan 16 aprelda vaqtinchalik hukumatga davlat rahbari lavozimidan ketishi to‘g‘risida bayonot yubordi. Bir necha kundan keyin Bakiyev Belarusga yo‘l oldi, u yerda Belarusda hali ham yashaydi va ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra fuqarolikni olgan.
2010 yil 4 mayda muvaqqat hukumatning qarori bilan Qurmanbek Bakiyev sobiq davlat rahbari maqomidan va daxlsizlik huquqidan mahrum qilindi. 8 may kuni u Qirg‘iziston hukumati tomonidan qidiruvga berilgan. Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi bir necha bor Bakiyevni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida Minskka so‘rov yuborgan, ammo rad etilgan.
Mamlakatda sobiq prezidentga bir nechta ayblovlar qo‘yilgan. 2013 yil fevral oyida u mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanib, sirtdan 24 yillik qamoq jazosiga, 2014 yil aprelda – Britaniyaning Oxus Gold kon kompaniyasi rahbari Shon Deylini o‘ldirishga urinishda ayblanib, 25 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2014 yil iyulda – 2010 yil 7 aprelda Bishkekda muxolifat mitingini otishni uyushtirgani uchun mol-mulki musodara qilinib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
2017 yil dekabrda – qishloq xo‘jaligi yerlarini uy-joy qurish uchun mo‘ljallangan uchastkalarga noqonuniy aylantirganlik uchun 10 yil qamoq jazosiga tayinlangan.
Almazbek Atamboyev (2010-2017)
Qirg‘izistonning shimoliy Chuy viloyatida tug‘ilgan Almazbek Atamboyev 2011 yil 30 oktyabrda Prezident etib saylangan. U olti yil davomida hokimiyatda bo‘lgan va konstitutsiyaga binoan yangi Prezidentlik muddatiga nomzodini ko‘rsata olmagan. 2017 yilda Atamboyev o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqan birinchi davlat rahbari bo‘ldi. Shu bilan birga, u Prezident lavozimiga mamlakat Bosh vaziri janublik Sooronbay Jeenbekovni nomzodini ilgari surishni tavsiya qildi. O‘z navbatida Jeenbekov saylov kampaniyasi davomida bir necha bor g‘olib bo‘lgan taqdirda Atamboyev siyosatini davom ettirishini aytib va’da berdi.
2018 yil bahorda saylovlardan keyin, siyosatchilar orasidagi munosabat keskinlashdi. Atamboyev Prezident va uning atrofidagilarni klanlashish va korrupsiyada aybladi. Bunga javoban Sooronbay Jeenbekov sobiq Prezident davrida yuqori lavozimga tayinlangan asli shimoldan bo‘lgan bir qancha amaldorlarni iste’foga chiqardi.
2019 yil iyun oyida deputatlar Atamboyevga qarshi bir qator ayblovlarni ilgari surdi. Ularning orasida korrupsiya ham bor edi. Oxir-oqibat Atamboyev sobiq Prezident maqomi va daxlsizlikdan mahrum qilindi. Sobiq davlat rahbari Chu viloyatidagi qishlog‘i Qo‘y-Toshdagi uyiga yashirindi. IIV Tergov xizmati Atamboyevga jinoiy ishlardan birida guvoh sifatida ko‘rsatma berishi uchun uch marta ogohlantirish berdi. Biroq u so‘roqqa bormadi. 2019 yil 8 avgustda Almazbek Atamboyev deyarli bir sutka davom etgan maxsus operatsiya natijasida qo‘lga olindi. Sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatdi, maxsus xizmat zobiti operatsiya vaqtida vafot etdi. Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Atamboyev xavfsizlik kuchlariga qurolli qarshilik ko‘rsatish orqali Konstitutsiyani buzganini aytdi.
Sobiq Prezident bir qator jinoyatlar, jumladan, korrupsiya, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, odam o‘ldirish, odamlarni garovga olish va boshqalarda abylandi. 2020 yil 23 iyunda Bishkek shahrining Pervomay tuman sudi uni jinoiy avtoritet Aziz Batukayevni qamoqdan ozod qilish ishi bo‘yicha mol-mulkini musodara qilgan holda 11 yil ikki oyga ozodlikdan mahrum qildi. Atamboyev Bishkekda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasida saqlanayotgandi. Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijasiga qarshi namoyishlar boshlangach 2020 yil 6 oktyabr kuni kechasi tarafdorlari tomonidan ozod qilindi. 9 oktyabr kuni amaldagi hokimiyatga qarshi Bishkekdagi mitingda ishtirok etdi. 10 oktyabr kuni qirg‘iziston poytaxtida tartibsizliklar uyushtirishda ayblanib, yana hibsga olindi.
Sooronbay Jeenbekov (2017-2020)
Sooronbay Jeenbekov Qirg‘izistonni uch yil davomida boshqardi. U 2017 yil 15 oktyabrda Almazbek Atamboyev va uning Sotsial-demokratik partiyasi ko‘magida saylangan. 2020 yil 5 oktyabrda Qirg‘iziston poytaxtida parlament saylovlari natijalariga qarshi miting boshlandi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, ko‘pchilik o‘rinlarni Hukumatga yaqin “Birimdik” (Birlik) va “Mekenik Qirg‘iziston” (Vatanim Qirg‘iziston) partiyalari egallagandi. Norozilik harakati politsiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi, davlat muassasalari egallab olindi va nomi qoralangan bir qator siyosatchilar, jumladan Almazbek Atamboyev ozod qilindi. 6 oktyabr kuni MSK saylov natijalarini bekor qildi. Muxolifat bosimi ostida 15 oktyabr kuni Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylov natijalari bekor qilingani va Hukumat iste’foga chiqarilganiga qaramay, mamlakatda vaziyat murakkaligicha qolgan. Jeenbekov Qirg‘iziston tarixida qon to‘kkan va o‘z fuqarolariga o‘q uzgan Prezident sifatida qolishni istamaganini aytib o‘tdi. U muxolifat yetakchilaridan bo‘lgan yangi Bosh vazir Sadir Japarovni Bishkekda vaziyatni normallashtirish uchun choralar ko‘rishga chaqirdi.
LiveBarchasi