11 yashar bolani kim “o‘ldirdi“? So‘z shifokorlarga

Intervyu

Oxirgi vaqtlarda shifokorlarning bemorlarga bo‘lgan munosabati, o‘z ishiga nisbatan sadoqatsizligi mavzusi bilan bog‘liq holatlar kun tartibida turibdi. Shifokorlar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, bemorlarni davolayotgani rost, lekin ular orasida oq xalatga dog‘ tushirayotgan yoki mas’uliyatsizlari ham yo‘q emas, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy axborotiga tayanib, Toshkent viloyatida 11 yashar Muhammad O‘rinboyev koronavirusdan vafot etgani haqida xabar bergan edik. Bu mamlakatda koronavirusga chalingan bolalarning vafoti bilan bog‘liq ilk holat ekani aytilgandi. QALAMPIR.UZ Muhammad O‘rinboyevning ota-onasi bilan suhbatda bo‘lgani va bolakayning ota-onasi shifokorlardan noroziligi haqidagi videoni e’lon qilgan edi

Voqeaga bir tomonlama yondashmaslik, bu haqida to‘liq ma’lumot olish maqsadida Bo‘stonliq tumani tibbiyot birlashmasiga borib, bolakayni qabul qilgan shifokorlar bilan suhbatda bo‘ldik. Muhammad O‘rinboyevga nega COVID-19 tashxisi qo‘yilgani, uning holati aslida qanday bo‘lgani va ota-onasining noroziligiga shifokorlarning munosabati bilan qiziqdik. 

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 

Bolani qabul qilgan Bo‘stonliq tumani tibbiyot birlashmasi pediatri Nataliy Uskova bolakay olib kelinganda qanday holatda bo‘lgani haqida aytib berdi. 

“5 sentyabr kuni soat 8:00 larda bolakay burnidan ko‘p qon ketayotgani uchun murojaat qilindi. Uning burniga tompon qo‘yildi. Meni pediatr sifatida bolaga qarash, unga yordam berish uchun chaqirishdi. Nazorat vaqtida bolaning tana harorati 38 daraja edi. Nafas olishi juda qiyinlashib, daqiqasiga 52 martani tashkil etayotgandi. Saturatsiyasi ham 78 foizga tushib qolgandi. Bu juda yomon ko‘rsatkich. Bolaning ahvoli og‘ir edi. Men uni darhol rentgenga olib bordim, o‘pkasi tekshirildi. Rentgenda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlandi. O‘pkaning taxminan 50 foizi zararlangandi. Lekin biz aniq koronavirus, deb ayta olmasdik. Keyin men maslahatlashish uchun infeksionist va reanimatolog shifokorni chaqirdim. Ularga bolani tana harorati, yengil va qisqa yo‘tal, burundan qon ketishi bezovta qilayotganini aytdim. Bu bola avval bizda davolangandi. U nefrolog va hududiy pediartning hisobida turgan hamda kuzatib borilgan.

Bolakay garmonga bog‘lanib qolgandi. Muntazam ravishda garmon olardi. So‘nggi vaqtlarda 6 ta tabletkadan prednizolon qabul qilardi. Bizga murojaat qilishgan kuni prednizolon dori vositasini iste’mol qilmagandi. Biz  uchalamiz uni jamoa bo‘lib tekshirdik, renggen natijasini ko‘rdik va koronavirus infeksiyasi deb o‘yladik. Ammo aniq tashxis qo‘ya olmadik. Bu haqda o‘z rahbariyatimizga xabar qildik. Rahbariyat viloyat bilan gaplashdi va vaziyatni tushuntirdi. Biz bu bolani qayerga yotqizish mumkinligini so‘radik. Bola reanimatsion edi. Bizga Chirchiqdagi, 9-kichik tumandagi COVID markaziga yotqizishimiz aytildi. Biz o‘z tez yordam avtomobilimizda bolani COVID markaziga yubordik. Bolaning tana harorati yuqori va ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun biz unga Tana xaroratini tushiruvchi dorilar va garmon qildik”, deydi Nataliy Uskova

Bo‘stonliq tumani tibbiyot birlashmasi Reanimatsiya bo‘limi mudiri Xudoyor Do‘sovning aytishicha, bolaning ahvoli og‘ir bo‘lgan. U shifoxonaga kelganida isitmasi borligi, nafas olishi qiyinligi yaqqol ko‘rinib turganini aytib o‘tdi. Lekin bolakayning ota-onasi bergan bayonot shifokorlarniki bilan mos kelmayotgani sababli Reanimatsiya bo‘limi mudiri Xudoyor Do‘sovga bir necha savol bilan murojaat qildik.

Xudoyor Do‘sov, shifokor: — 5 sentyabr kuni taxminan soat 9:00 lar atrofida meni Reanimatsiya bo‘limidan chaqirishdi. Og‘ir ahvoldagi bola kelgani va uni ko‘rishim aytildi. Bolani kelib ko‘rgan vaqtimda, uni butun badani shishgan, teri va shilliq qavatlari och pushti rangda edi. Bola hansiragan holda edi. Uning burniga tampon qo‘yilgan va u tampon qon shimilgan holda qip-qizil bo‘lib turganini ayta olaman. Bemorning o‘pkasini eshitish jarayonida unda nam xirillash borligi, erkin nafas olmayotgani sezildi. Bolada oq Akrotsianoz belgilari bor edi. Zudlik bilan bolaning qondagi kislorod miqdori o‘lchanganda, 65-60 % ekanligi aniq bo‘ldi. Bolani zudlik bilan sun’iy nafas olish apparatiga uladik. Bola haqida onasidan ma’lumot olish jarayonida, unda chaqaloqlik vaqtidan Glomerulonefrit kasalligi borligi, 2012 yildan buyon Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi nefrologiya bo‘limi, keyinchalik Chirchiq shahridagi bolalar tibbiyot birlashmasining nefrologiya bo‘limida davolangani aniqlandi. Bu gal burnidan qon ketib, hansirab Bo‘stonliq tumani tibbiyot birlashmasining qabulxonasiga kelgan. Unda koronavirus kasalligining belgilari aniq yaqqol ko‘ringani, ya’ni qondagi kislorod miqdori 60 dan oshmagani, hansirashi 50-60 taga borganini hisobga olib, darhol ma’muriyatga ma’lumotlarni taqdim etdik. Bizni rahbariyat viloyat SSB bilan bog‘landi. 1,5 soatlar oralig‘ida bemorni Tez yordan mashinasida Chirchiq shahar COVID markaziga yubordik. Lekin shuni aniq aytamanki, bolaning ahvoli og‘ir edi

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Koronavirusga chalingan bemorlar orasida ham burundan qon ketishi kuzatiladimi?

X.D.: — Yo‘q, bunday holat koronavirusning belgisi deb ayta olmaymiz. 11 yosh bola deyarli 2012 yildan buyon Glomerulonefrit bilan kasallangan, burin qonashining sababi DVS (disseminirovannaya vnutrisosudistaya svyortivayemost) bo‘lishi mumkin. Bu qon tomirni ichida qonning ivish darajasi ortib ketadi. Ikkinchi tomondan COVID bolani ahvolini og‘irlashtirgan, lekin bolada hansirash borligi, qondagi kislorod miqdorining pastligiga qarab koronavirus ekkanligiga gumon paydo bo‘lib zudlik bilan COVID markaziga yuborishga qaror qildik.

F.N.: — Boladan analiz olmay turib, shunchaki gumon bilan uni Koronavirus bilan kasallangan bemorlar davolanayotgan shifoxonaga yuborish qanchalik to‘g‘ri?

X.D.: — Biz nafaqat klinik belgilariga qarab balki, rentgen natijasiga qarab ham shu qarorga keldik. Rentgen natijasi 50% o‘pkaning zararlanishini ko‘rsatgan edi. Bolaning natijalari ahvoliga qarab unda ko‘proq koronavirus deb o‘ylab darhol COVID markaziga yubordik.

F.N.: — Bolakayning ota-onasi bilan suhbatda bo‘lganimizda voqea bo‘lishidan avval bolakayda harorat bo‘lmaganini aytishdi. Bolani koronavirus deb aytsak ham shu kungacha u bilan muloqotda bo‘lgan yaqin qarindoshlari ham koronavirus bilan og‘rimagan.

X.D.: — Hozir hansirash hisobiga sizda yoki boshqada koronavirus bor deb ayta olmaymiz. Chunki ko‘p hollarda yurak yetishmovchiligi natijasida ham hansirash bo‘lishi mumkin. Astma kasalligi bilan og‘riganlarda, umuman nafas yetishmovchiligi bilan og‘riganlarda ham hansirash hollari bo‘ladi. Lekin shuni aytish kerak, bolada hansirash o‘zgacha edi. Nafasi yuzakiligi va tez-tez nafas olgani aynan koronavirusda uchrab turadi.

F.N.: — Bolani rentgen qilish jarayonida uni futbolkasi yechilmagan va uni rentgen qilish jarayonida onasidan qog‘oz tutib turish kerakligini aytishgan. Bu qanchalik to‘g‘ri?

X.D.: — Qog‘oz emas plyonkada kasseta bo‘ladi shuni tutib turishi aytilgan bo‘lishi mumkin. Rentgenda o‘ziga yarasha nurlanishi bor, xodimlarimiz har kuni rentgen xonasiga 10-20 marotaba kirishadi, ularni ham uyida bolalari bor, bu vaziyatda onasi ushlab turishi to‘g‘ri deb o‘ylayman.

Futbolkani yechilmaganiga kelsak, Rentgen apparatimiz yangi bo‘lganligi sababli, rentgen uchun kiyim halal bermaydi deb aytsam to‘g‘ri bo‘ladi.

F.N.: — Bolakayning otasi shifokorlarning “tezroq COVID deb yozib beringlar pul ishlab olamiz” degan gaplarini eshitgan, bu qanchalik rost va umuman bir bemorni koronavirus bo‘lib COVID markaziga ketishidan shifokorlar qanchalik manfaatdor?

X.D.: — Hech qaysi xodim kimnidir besabab COVID deb yozib, u markazga yuborishdan manfaatdor emas, bu uchun qo‘shimcha maosh olmaydi. Kim qanday talqin qilganini bilmayman, lekin  bu noto‘g‘ri.

F.N.: — Agar rentgenda 50% pnevmoniya aniqlansa, bu COVID-19 deganimi?

X.D.: — Doim ham emas. Rentgenogrammada Matovoye steklo degan tushuncha bor – o‘pkaning chegaralari noaniq yoyilgan, hattoki qovurg‘alarni sur’ati tiniq bo‘lmaydi. Bu ham SOVID’ning belgisi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda Muhammad O'rinboev

Baholaganlar

554

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing