To‘qayev Qozog‘istonda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanishiga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi
Olam
−
30 iyun 2020
7391Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev aholini koronavirus infeksiyasi haqida xabardor qilishda mamlakatda ommaviy axborot vositalari yetarli darajada faoliyat ko‘rsatmayotgani, shu bois kasallik tarqalishi yuqori darajada qayd etilayotgani, idoralararo komissiya zarur operativ va qat’iy muvofiqlashtirish, monitoring va nazoratni to‘liq ta’minlay olmaginini qattiq tanqid qildi. Bu haqda u kecha, 29 iyun o‘tkazgan yig‘ilishida gapirgan.
Prezident laboratoriya tadqiqotlarining samaradorligini oshirish, reaktivlar va sarflanadigan materiallarni uzluksiz yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, shuningdek, laboratoriyalari soni va hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“Fuqarolar laboratoriyalar oldidagi ulkan navbatlar, ularda sanitariya me’yorlariga rioya qilmaslik to‘g‘risida haqli ravishda shikoyat qilmoqdalar. Bularning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri infeksiya xavfini o‘z ichiga oladi. Yuqumli kasalliklar o‘choqlarida, ayniqsa, qishloq joylarda ishlash uchun mobil laboratoriyalarni joylashtirish va mobil xizmatlarni yanada rivojlantirish uchun mablag‘ ajratish juda muhimdir”, deydi Qozog‘iston rahbari.
Davlat rahbari fuqarolarni zarur davolash vositalari va dori-darmonlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Buning uchun Hukumatga va viloyat hokimlariga barcha moliyaviy va infratuzilma resurslarini safarbar etish topshirildi.
“Iyul oyining oxiriga qadar pandemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanishini hisobga olgan holda yuqumli kasallikka chalingan bemor uchun yotoqlarni 50 foizga ko‘paytirishni buyuraman. Buning uchun hududlarning barcha imkoniyatlari safarbar etilishi kerak. Bu o‘z ichiga nafaqat davlat, balki nodavlat tibbiyot muassasalarini ham oladi”, deydi To‘qayev.
Prezident so‘zida davom etarkan, Hukumat oldiga dori-darmon muammosini 5 kun ichida yechish masalasini qo‘ydi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident To‘qayev ushbu yig‘ilishda mamlakatda mart va may oylarida bo‘lgani kabi ikki kunlik kuchaytirilgan karantin cheklovlarini joriy qilishni buyurgan.
LiveBarchasi