Endi to‘ylar qanday bo‘ladi? To‘y tashkilotchisi bilan suhbat
Intervyu
−
06 Iyun 2020 36111 3 daqiqa
To‘y – bu nafaqat urf-odat, balki yaxshigina biznes. O‘zbekistonda bir to‘yning ortidan yuzlab kishi ro‘zg‘or tebratadi. Osh damlagan oshpazdan tortib, girgittongacha, ko‘rpa qavigan kayvonilardan tortib, to‘yda qo‘shiq kuylagan xonandagacha... Xullas bunda sarflangan pullar bozorda aylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Senati o‘tgan yili to‘ylarni qisqartirishga oid qo‘shma qarorni qabul qildiyu bu biznes ortidan kun ko‘rayotgan minglab kishilarning ro‘zg‘ori uchun muqobil variantlarni taqdim etmadi. Artistlarni qo‘ya turaylik, ammo oddiy oshpaz yoki qandolatchi nima qilsin?
Bu ham yetmagandek, butun dunyoni egallagan koronavirus O‘zbekistonda ham to‘ylar o‘tkazish taqiqlanishiga sabab bo‘ldi. Respublika maxsus komissiyasi “yashil” hududlarda 30 kishilik to‘ylar o‘tkazishga ruxsat berdi. Shundoq ham odamlar karantindan foydalanib kamchiqim to‘ylar o‘tkazishga o‘rganib qoldi. Ammo masalaning biznes qismiga qarasak, minglab odamlarning qora qozoni qanday qaynaydi, degan savol bor. Ayni vaqtda ushbu biznes jar yoqasida turibdi. QALAMPIR.UZ koronavirus sabab biznesi to‘xtab qolgan to‘y tashkilotchisi Ra’no Ortiqova bilan suhbat o‘tkazdi.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — To‘y ham aslida biznes. Shunday emasmi?
Ra’no Ortiqova, tashkilotchi: — To‘g‘ri aytasiz bu biznes, bu mening yaxshi ko‘rgan ishim. Shu bilan birga, bu ish menga daromad ham olib keladi.
F.N.: — O‘zbekistonda to‘y tashkil qilishga biznes sifatida qarashadi va birgina to‘y ortidan, oshpaz, tasvirchi, raqqosa, chevarlar xullas yuzlab kishi ro‘zg‘or tebratadi, desak ham to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin hozirgi pandemiya sharoitida bu soha ancha oqsadi va nima deb o‘ylaysiz, karantindan keyin bu qanchalik ortga qaytadi?
R.O.: — Bilasizmi, to‘y bizning madaniyatimiz, qizlar tug‘ilgan uyda o‘sha kundanoq sarpo yig‘iladi, quda-anda, kimdir qizini ko‘rsatsa kimdir o‘g‘ilini ko‘rsatadi. Ota-onalar bir-biri bilan ko‘rishadi. Har tomonlama xursandchilik. Hozir pandemiya vaqtida biz ishsiz qoldik. Juda ko‘pchilik to‘ysiz, ishsiz, pulsiz o‘tiribmiz. Hozirgi sharoitdan karantindan keyin nima bo‘lishiga o‘zim ham xayronman. Guruhimiz bilan har kuni gaplashamiz, mendan endi nima bo‘ladi deb so‘rashadi. Yaxshi bo‘lib ketar deb ishonaman. Sababi biz tashkil qilishimiz kerak bo‘lgan to‘ylar barchasi to‘xtatildi. Ular 15-20 kishi bilan to‘y o‘tkazishga rozi bo‘lishmadi. Orzu-havasi bor. Hozir ham 30 kishi deyilyapti, bu bir uyda turadiganlarning oilasi, yaqinlari, xolos. Yaqinlarining o‘zi 30 kishi bo‘ladi. Shaxsan meni oilamda 8 ta odam, qizlar nevara kelinlar bilan 100 dan oshyapti.
F.N.: — Fikringizcha, bu oldingi darajasiga qaytadimi yo yo‘q?
R.O.: — Qaytadi. Chunki, biz o‘zbekmiz. Biz qarindosh-urug‘chilikni yaxshi ko‘ramiz. Biz bolalarni, tadbirlarni yaxshi ko‘ramiz.
F.N.: — Pandemiyadan keyin ham buni biznes deb aytish mumkinmi?
R.O.: — Shu savolni har kuni o‘zimga beryapman. Turmush o‘rtog‘im aytadilar: hammasi yaxshi bo‘ladi, biz o‘zbekmiz orzu-havas bilan to‘y qilishni yaxshi ko‘ramiz. Endi 300 ta emas, 150-200 tagacha to‘y o‘tkazilsa kerak.
Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi