Kunlik emas, asrlik rejalar tuzganmiz – Erdo‘g‘an Turkiyaning maqsadini fosh qildi

Olam

photo_2020-02-05_21-38-57
Idlibda otishma natijasida halok bo‘lgan turk askarlari soni oltitaga yetdi north_east

Idlibda otishma natijasida halok bo‘lgan turk askarlari soni oltitaga yetdi

Suriya armiyasi chegaraoldi hududining katta qismini nazoratga oldi north_east

Suriya armiyasi chegaraoldi hududining katta qismini nazoratga oldi

Odatda dunyoning qaysi burchagida bo‘lmasin musulmonlar qatlamiga zulm qilinib, ular o‘ldirilsa, darrov unga qarshi chiqadigan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakati o‘zi boshchiligida olib borayotgan tashqi siyosatning mohiyatiga yana bir bor izoh berdi.

Erdo‘g‘an bugun, 5 fevral kuni Qiriqqal’a viloyatida o‘tgan mitingdagi nutqida dunyoda barcha davlatlar va odamlar teng huquqli ekaniga alohida urg‘u berdi.

“O‘ladigan dunyoda hech kimning bir-biriga ho‘jayin bo‘lishga haqqi yo‘q. Keldik va ketyapmiz. Dunyo ikki eshikli bir mehmonxona emasmi? Bir eshikdan kirib, ikkinchi eshikdan chiqamiz. O‘z vatandoshlarimiz bilan birgalikda, qo‘shnilarimizdan tortib, barcha mazlumlarning yaralariga malham bo‘lyapmiz. Arakandan (Myanma) Suriyagacha, Qrimdan Turkiston yerlariga qadar qayerdadir bir qardoshimizga nisbatan nohaqlik bo‘lsa, biz o‘sha yerdamiz.

Turkiyaning Suriya, Iroq, Liviya va Sharqiy O‘rta yer dengizida nima ishi bor deb so‘raganlar bu millatning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini bilmagan g‘ofillardir”, deydi Toyib Erdo‘g‘an.

Turkiya yetakchisi so‘zida davom etib, mamlakatning tashqi siyosatini tanqid qiluvchilar Suriyani parchalashga urinayotgan va millionlab odamlarning qochoq bo‘lishiga sabab bo‘layotganlarga shu savolni bermayotganiga hayronligini bildirdi.

“Shunisi qiziqki, o‘sha odamlar minglab kilometr naridan Suriyaga kelib, Suriyani qonli ko‘lga aylantirganlarga bu savollarni bermayapti. Bizni Liviya masalasida qoralaganlar o‘q dorilar ichida qolgan G‘arb mamlakatlarini ko‘rmayapti. Biz bu gaplarga e’tibor bermaymiz. 

Turkiyaning O‘rta yer dengizidagi harakatlariga qarshi chiqqanlar Isroil, Gretsiya, Janubiy Kiprning gaz siyosatiga g‘ing demayapti. Milliy tuyg‘ulari ko‘r bo‘lgan, siyosiy nafsi Vatan sevgisidan ustun bo‘lgan bu guruhga biz e’tibor bermadik, e’tibor bermaymiz ham”, deya o‘z qarashlarini ifodaladi Erdo‘g‘an.

Prezident bundan keyin ham muzokaralar stoli va kerak bo‘lsa, urush maydonida Turkiya manfaatlarini himoya qilishini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Turkiyani dunyoga “tirgak” qilish azaliy rejalaridan biri ekanini aytdi.

“Turkiyaning manfaatlarini amalga oshirish uchun nima qilish kerak bo‘lsa, hammasiga tayyormiz. Bundan keyin ham davlatimizning xavfsizligi, istiqboli va mustaqilligi uchun maydonda va stol atrofida bo‘lishda davom etamiz. Qadrli qardoshlarim, biz kunlik hisob-kitoblar emas, asrlik rejalar ortidan boryapmiz. Xuddi ajdodlarimiz kabi. Biz avlodlarimizga yanada obod, yanada kuchli, yanada obro‘li va o‘z so‘zini aytadigan mamlakat qoldirish dardidamiz”, deb so‘zini yakunladi Erdo‘g‘an.

Ma’lumot uchun, so‘nggi vaqtlarda Turkiyaning Rossiya bilan munosabatlari uncha yaxshi oqimda ketmayapti. Turkiya manfaatlari bir emas, ikki “qaynoq” nuqta – Suriya va Liviyada Rossiya bilan qarama-qarshi bo‘lib qolyapti.

Liviyada Turkiya BMT va G‘arb davlatlari tan olgan Faiz Sarroj hukumatini qo‘llasa, Rossiya Tripolini olishga kirishgan marshal Xalifa Haftar kuchlarini qo‘llab-quvvatlayapti.

Suriyada esa vaziyat yanada jiddiy. Putin “qanotlari” ostida bilganimni qilaman deyotgan Bashar Asad Turkiya qo‘shinlari terrorchilarga qarshi kurashayotgan hududda harbiy harakatlar boshladi. Ammo Liviyadan farqli Suriyada Rossiyaning rasmiy harbiy kuchlari faoliyat olib boradi va Suriyani kuchlantirib turadi.

Suriyaning Idlibga hujumlarni kuchaytirish fonida Anqara va uning ba’zi sheriklari rasmiy Damashq va Moskvani gumanitar binolar va turk harbiylariga zarba berishda ayblamoqda.

So‘nggi haftalarda Suriya harbiylari Turkiya askarlarini o‘qqa tutishi natijasida 10 ga yaqin turk harbiysi vafot etgani aytildi. Natijada “bufer zona” yaratilishi kerak bo‘lgan Idlibda vaziyat keskinlashdi. Endilikda hududda terrorchilar asosan “Jabahat an-Nusra” guruhi, Turkiya va Suriya harbiylari to‘qnash kelish xavfi ortdi.

Idlibdagi vaziyat

Rossiya, Eron va Turkiya 2017 yil may oyida Ostonada (hozirgi Nur-Sulton) Suriyada to‘rtta deskalatsiya zonasini yaratishga kelishib olgan edilar. Ulardan uchtasi 2018 yilda rasmiy Damashq nazoratiga o‘tdi. Idlib va qo‘shni Latakiya, Xama va Halab viloyatida joylashgan to‘rtinchisi hali ham hukumat qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol etilmagan. Xududning aksariyat qismi "Jabahat an-Nusra" terrorchilari tomonidan qo‘lga olingan.

2018 yil sentyabr oyida Sochida Rossiya va Turkiya Idlibda qurolsizlantirilgan zonani tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolagan edilar.

Idlibda o‘ndan ortiq turli xil guruhlar mavjud. Ularning eng yirigi, turkparast "Milliy ozodlik fronti" va "Jabahat an-Nusra" kabi jami 30 ming jangarilarning birlashmasidir.

Shu yilning yanvar oyi oxirida Suriya armiyasi Aleppo g‘arbiga hujum qilib, shaharning turar-joy hududlarini terrorchilardan tozalash maqsadida har kuni bombardimon qildi. Buning natijasida o‘nlab tinch aholi vakillari qurbon bo‘ldi. Uch kundan keyin Bashar Asad armiyasi 2012 yildan beri jangarilar nazorati ostidagi va ularning eng katta tayanch nuqtalaridan biri bo‘lgan Maaret Nuuman shahrini terroristlardan ozod qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Turkiya-Rossiya

Baholaganlar

167

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing