AQSH Isroilni sulhga rioya qilishga majburlashi kerak – Erdo‘g‘an
Olam
−
24 Oktabr 2025 2400 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning aytishicha, AQSH va boshqa davlatlar Isroilni G‘azo bo‘yicha otashkesim kelishuvini buzishni to‘xtatishga majbur etish uchun ko‘proq choralar ko‘rishi lozim, bu sanksiyalar joriy etish yoki qurol-yarog‘ savdosini to‘xtatishni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Bu haqda Erdo‘g‘an mintaqaviy Ko‘rfaz davlatlariga qilgan safaridan qaytib kelayotganida jurnalistlarga ma’lum qildi.
NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya G‘azoga qilingan Isroil hujumlarining eng qat’iy tanqidchilaridan biri bo‘lib otashkesim bo‘yicha muzokaralarda vositachi sifatida faol ishtirok eta boshladi. Bu faollik o‘tgan oyda Erdo‘g‘an bilan AQSH Prezidenti Donald Trampning Oq uydagi uchrashuvidan keyin kuchaydi.
“Turkiya o‘laroq, biz otashkesimni ta’minlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilmoqdamiz. HAMAS otashkesimga rioya qilmoqda, hatto bu borada ochiq bayonot ham bermoqda. Ammo Isroil otashkesimni buzishni davom ettirmoqda. Xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, AQSH, Isroilning kelishuvga to‘liq rioya etishini ta’minlash uchun ko‘proq harakat qilishi kerak. Isroil o‘z va’dalarini bajarishga majbur qilinishi lozim – sanksiyalar orqali yoki qurol-yarog‘ sotishni to‘xtatish yo‘li bilan”, dedi Erdo‘g‘an.
Anqara ma’lum qilganidek, u otashkesimni amalga oshirishni nazorat qiladigan “ishchi guruh” tarkibiga qo‘shilishga tayyor. Turkiya qurolli kuchlari zaruratga qarab harbiy yoki fuqarolik vazifasini bajarishi mumkin va mamlakat G‘azoni qayta tiklash jarayonida faol rol o‘ynashni rejalashtirmoqda.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 22 oktyabr kuni G‘azo sektorida turk xavfsizlik kuchlarining ishtirok etishiga qarshi ekanligini bildirgan. Netanyaxuning bu fikri haqida so‘ralganda, Erdo‘g‘an odatdagi tanqidiy bayonotlaridan tiyildi va G‘azodagi “maydonda” ishtirok etish bo‘yicha avvalgi qat’iy pozitsiyasini yumshatib, muzokaralar hali davom etayotganini aytdi.
“G‘azoda ishlaydigan ishchi guruh haqida muzokaralar davom etmoqda. Buning tartibi hali aniq emas. Bu ko‘p qirrali masala bo‘lgani uchun, muhokamalar ham keng qamrovli bo‘lmoqda. Biz G‘azoga har qanday ko‘makni berishga tayyormiz”, dedi u.
Shuningdek, Erdo‘g‘an ilgari aytgan fikrini takrorlab, endi Ko‘rfaz davlatlari G‘azoni qayta tiklash uchun moliyalashtirishda faol ishtirok etishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vazifani hech bir davlat yolg‘iz bajara olmaydi.
Isroil va Turkiya o‘rtasidagi avvalgi munosabatlar G‘azo urushi davrida yomonlashdi, Anqara Netanyaxu hukumatini genotsid sodir etishda ayblamoqda, Isroil esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etgan.
Live
Barchasi