Turkiy Kengash Bosh kotibi o‘rinbosari O‘zbekistonning tarixdagi o‘rni tiklanishiga umid qilyapti
Olam
−
22 dekabr 2019
5054Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekiston joriy yilning sentyabr oyida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga qo‘shildi. Prezident sentyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlari sammitida ishtirok etdi.
22 dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan saylovlarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashidan 5 nafar hamda Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasidan 9 nafar kuzatuvchi ishtirok etmoqda. Ular orasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi Bosh kotibining o‘rinbosari Umar Ko‘jaman ham bor. O‘zbekistondagi saylov jarayonlarini ilk bor kuzatayotgan mutaxassis QALAMPIR.UZ’ga ushbu saylov qanchalik xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tayotganini ma’lum qildi.
“Bu yerda juda muhim bo‘lgan parlament saylovlarini kuzatyapmiz. Tashrifimiz doirasida Markaziy saylov komissiyasi raisi, siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdik. Bugun esa ovoz berish jarayoninini kuzatyapmiz. Ertaga bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida kuzatuvlarimizning natijalarini O‘zbekiston, dunyo va mintaqa jamoatchiligiga e’lon qilamiz. Shuningdek, o‘z bayonotimizni a’zo davlatlarga ham yetkazamiz.
Bugungacha bo‘lgan ish mobaynida saylov jarayoni haqiqatan ham hayajonli va ko‘tarinki ruhda o‘tayotganiga guvoh bo‘ldik. Ham Markaziy saylov komissiyasi, ham siyosiy partiyalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda buni o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rdik va his qildik.
Siyosiy partiyalar ham tuman, ham shahar, ham Oliy Majlisda juda katta o‘zgarishlarga qadam bosyaptilar. Ya’ni yangi kadrlar Yangi O‘zbekistonning qurilishida juda muhim rol o‘ynaydilar. Shu bois bo‘lsa kerak bu saylovning shiori “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar”. Saylov jarayoni ushbu shior ostida tashkiliy ishlarga, saylov kodeksiga, xalqaro standartlarga uyg‘un o‘tmoqda. Biz buni kuzatish va guvohlik qilishdan juda mamnunmiz.
O‘ylaymanki, tuman, shahar va Oliy Majlisga saylanadigan deputatlar Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi islohotlar jarayoniga hissa qo‘shib, yangi O‘zbekistonni quradilar. Umid qilamizki, O‘zbekiston tarixda qanchalik muhim rol o‘ynagan bo‘lsa, kelajakda mintaqada ham, Osiyoda ham, dunyoda ham muhim rolga ega bo‘ladi”.
LiveBarchasi