Mirziyoyev oktyabrda 8 yildan buyon bordi-keldi qilinmayotgan mamlakatga tashrif buyuradi
Jamiyat
−
17 Sentabr 2019
24916O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning oktyabr oyida Ozarbayjon Respublikasiga boradi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Prezident Mirziyoyevning safari 15 oktyabrga mo‘ljallangan. O‘zbekiston rahbari Baku shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining 7-sammitida ishtirok etadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston joriy yilning 14 sentyabr kuni qabul qilingan Qonunga muvofiq Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga qo‘shildi. 2009 yilda tuzilgan mazkur Kengashga bugungacha Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalari a’zo bo‘lgan.
Shavkat Mirziyoyev Bakuga tashrifi davomida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo davlatlar rahbarlari bilan keng va tor doirada uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Jumladan, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan ham muzorakalar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan 2018 yilning sentyabr oyida Qirg‘izistonning Cho‘lpon ota shahrida o‘tgan sammitda ishtirok etib, nutq so‘zlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari o‘rtasidagi bordi-keldilarning oxirgisiga joriy yilda 8 yil to‘ldi. So‘nggi bor Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 2010 yilning 27-28 sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Ilhom Aliyev tashrifi doirasida Toshkentda Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi ochildi. Markazni Prezident Aliyev va Shavkat Mirziyoyev ochib bergandi.
O‘zbekiston Respublikasi rahbarining Ozarbayjonga so‘nggi tashrifi esa 2011 yilning 11-12 sentyabr kunlariga to‘g‘ri kelgan. Tashrif doirasida Baku shahrida Alisher Navoiy haykali ochilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasidagi telefon orqali eng so‘nggi esa muloqot joriy yilning 28 may kuni amalga oshirildi. O‘shanda Prezident Mirziyoyev Ilhom Aliyevni Ozarbayjonning milliy bayrami - Respublika kuni munosabati bilan tabriklagan edi.