O‘zbekistondagi eng qimmat OTMlar ro‘yxati e’lon qilindi
Jamiyat
−
17 dekabr 2019
57291Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasidagi bir yillik kontrakt narxi eng qimmat OTMlar ro‘yxati e’lon qilindi.
Ro‘yxatda Akfa universiti 58 million so‘m yillik kontrakt to‘lovi bilan yetakchilik qilmoqda.
Mazkur oliy o‘quv yurtining yana bir jihati talabalar bu yerda 6 yil tahsil oladi. Darslar ingliz tilida olib boriladi. OTMda fundamental, tibbiy, aniq va gumanitar fanlar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislaro‘qitiladi.
Moskva davlat Xalqaro munosabatlar institutining O‘zbekistondagi filiali 52 million 230 ming so‘m bilan reytingda ikkinchi o‘rinni band qilib turibdi. MGMIOda “Biznes axborot” va “Yurisprudensiya” yo‘nalishlari bo‘yicha joriy yilning sentyabr oyidan darslar boshlangan.
Kuchli uchlikka Inha 30 million so‘m bilan nuqta qo‘ydi.
Mazkur OTM 2014 yil oktyabr oyidan “Kompyuter injiniringi” hamda “Dasturiy injiniring” yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni o‘qitmoqda.
Reytingda to‘rtinchi o‘rinni egallagan Vestminsterning ham yillik kontrakt to‘lovi 30 million so‘m. Vestminsterda O‘zbekiston va boshqa davlatlar fuqarolari uchun iqtisodiyot, menejment va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida talabalarga xalqaro miqyosda tan olingan oliy ma’lumot beriladi.
Singapur menejmentni rivojlantirish institutida (MDIS in Tashkent) bir yillik to‘lov 28 million 800 ming so‘m.
Turin politexnika universitetida bir yillik ta’lim narxi 28 million 500 ming so‘m.
Toshkent shahrida o‘tgan yil faoliyatini boshlagan Puchon universitetida yillik kontrakt narxi 28 million 250 ming so‘m.
Poytaxtdagi Vebster universiteti filiali 27 million 400 ming so‘m bilan ro‘yxatda sakkizinchi o‘rinda.
Toshkentdagi Yeoju texnika institutida yillik ta’lim narxi 26 million so‘m.
Amiti universitetining Toshkentdagi filiali (Amity university Tashkent)da bir yillik o‘qish narxi 25 million 350 ming so‘mni tashkil etadi.