Sherali Jo‘rayevning qabri ochilishi mumkinmi?
Intervyu
−
27 aprel
137370Bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Botir Qodirov marhum, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekanini aytib, otalikni belgilash bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgani keng muhokama qilinmoqda. Marhum Sherali Jo‘rayevning ukasi Halimjon Nurmatov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lib, "Botir Qodirov bizning urug‘dan emas", deyayotgan bir vaqtda xonanda unda barcha dalillar borligi va ularni sudga taqdim etishini aytmoqda. Sud majlisi 2 may kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Unda da’vogar Botir Qodirov va javobgar Sherali Jo‘rayevning kenja o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayevlar ishtirok etadi.
Xo‘sh, otalikni belgilash masalasidagi sud majlisi qanday tartibda bo‘lib o‘tadi? Unda kimlar ishtirok etadi va qanday dalillar taqdim etilishi mumkin? Ayni shu savollarga advokat Mavluda To‘rayeva javob beradi.
Advokatning aytishicha, har bir fuqaro o‘z huquqini sud orqali himoya qilishga haqli va Botir Qodirov ham otalikni belgilash masalasida sudga murojaat qilish huquqidan foydalangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Sherali Jo‘rayev vafot etgani sababli otalikni to‘g‘ridan to‘g‘ri aniqlashning imkoni yo‘q. Demak, bu vaziyatda ish sud orqali hal etiladi. Shuningdek, sud majlisida taqdim etilgan barcha dalillar inobatga olinadi.
Mavluda To‘rayeva, advokat – Sud ishni ko‘rish jarayonida holatga aloqador barcha dalil va faktlarga tayanadi. Ish doirasida da’vogar yoki javobgar tomonidan taqdim etilgan har bir (qarindoshlar bilan tushilgan fotosurat, ota-bolaligini isbotlovchi ma’lumot, video, audio yozuvlar, yozishmalar, qarindoshlarning ko‘rsatmalari) dalil sud tomonidan inobatga olinadi.
Feruza Najmiddinova, jurnalist.: – Xonanda Sherali Jo‘rayevning ukasi Halimjon Nurmatov bilan birga DNK tekshiruvidan o‘tgani va ularning amaki-jiyan ekani tasdiqlangani haqida hujjat borligini aytmoqda. Sud bu tekshiruv xulosasini inobatga oladimi?
M.T.: – Birinchi navbatda ko‘p hollarda taraflar o‘z ixtiyorlari bilan otalik va qarindoshlikni belgilash (DNK) testiga murojaat qiladi. Bu holatda Botir Qodirov sudga DNK natijasini taqdim etishi lozim. Tomonlarning iltimosnomasiga asosan mutaxassis ekspertning fikri va xulosasi beriladi. Tomonlardan birining sudga taqdim qilayotgan DNK xulosasi ko‘p hollarda yetarli bo‘ladi. Agar sud lozim topsa, uning amakisidan ham yaqinroq bo‘lgan kishilar (Sherali Jo‘rayevning ikki o‘g‘li Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayev, marhumning aka-uka yoki opa-singlisi)dan qon-qarindoshlikni aniqlash uchun qaytadan DNK tekshiruvidan o‘tishni so‘raydi.
F.N.: – Agar Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlar DNK tekshiruvidan o‘tishdan bosh tortsa, marhumning qabri ochilishi mumkinmi?
M.T.: – Ikkinchi tomon tekshiruvdan o‘tishga rozi bo‘lmagan taqdirda, sud marhumning qabrini ochishga ruxsat bermaydi, chunki aynan otalik faktini belgilash uchun qabrni ochishga yo‘l qo‘yilmaydi. Negaki bu murdani tahqirlash hisoblanadi. Bu holatda yuqorida taqdim etilgan dalillarning o‘zi yetarli hisoblanadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, agar Botir Qodirov haqiqatdan ham marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekani tasdiqlansa, boshqa farzandlari kabi merosga ega bo‘lishi va marhumning ham moddiy, ham ma’naviy merosiga egalik qilishi mumkin.
Bilishimcha, Botir Qodirov Shohjahon Jo‘rayevning ijtimoiy tarmoqlarda Qodirovning onasi haqida post qoldirganidan keyin onasining sha’ni, or-nomusi va o‘zining qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida otalik faktini belgilash uchun da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan. Agar bu holatda Qodirov haqiqatdan ham Jo‘rayevning o‘g‘li ekani tasdiqlansa, Botir Qodirov Shohjahon Jo‘rayevni uning onasini haqorat qilgani uchun sudga berishi va Jo‘rayev ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Jo‘rayevlar ishi
Botir Qodirov shu yilning fevral oyi boshlarida onasining sha’ni, or-nomusi va o‘zining qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida otalik faktini belgilash uchun da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Mazkur ish 15 aprel kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida sudya O‘tanboyeva tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. Biroq javobgar (Zohirshoh Jo‘rayev) vakili ish bilan tanishish uchun sudni boshqa kunga qoldirishni so‘ragan. Birinchi sud majlisi 23 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Bildirilishicha, sud majlisida da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilib, guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish uchun ishni ko‘rish yana 2 mayga qoldirilgan.
Da’vo arizasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining 2023 yil 29 sentyabrdagi mutaxassis fikri ilova qilingan. Unda Halimjon Nurmatov bilan Botir Sheraliyevich Qodirovning amaki-jiyan ekanligi bo‘yicha fikr berilgan.
Botir Qodirovning o‘zi Jo‘rayevlarni sudga berganiga Sherali Jo‘rayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayevning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga uni haqoratlab qo‘ygan posti sabab bo‘lganini aytdi.
Gap shundaki, xonanda Shohjahon Jo‘rayev o‘zining Instagram sahifasida Botir Qodirovga tegishtirib, noo‘rin so‘zlarni yozgan. Qodirovning prodyuseri Asror Isoxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu post sababli qo‘shiqchi marhum san’atkor Sherali Jo‘rayev oilasini sudga berishga majbur bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ ushbu mavzuga oydinlik kiritish maqsadida Sherali Jo‘rayevning ukasi Halimjon Nurmatov bilan bog‘landi. Buni qarangki, u Botir Qodirov bilan amaki-jiyan ekanini aniqlash uchun DNK tekshiruvi o‘tkazilganini rad etmoqda.
Xonanda Botir Qodirov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida barcha savollarga javob berib, Sherali Jo‘rayev shubhasiz uning otasi ekani, xonanda 20 yoshga to‘lgunga qadar ota-bola juda ko‘p bordi-keldi qilib turgani, onasiga bo‘lgan tazyiqlar, unda otalik faktini isbotlovchi barcha dalillar borligini aytdi.
Botir Qodirov bilan to‘liq intervyuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qiling.
LiveBarchasi