Erkaklar – bosh, ayollar – bo‘yin. Birinchi xonimlar O‘zbekistonga nega keldi?
Tahlil
−
10 noyabr 2023
6988Boshqalarni bilmadimu menga tashkilot, ittifoq, kengashlar, ularning sammitlari emas, unga kelayotgan Prezidentlarning rafiqalari, ularning bir-biri bilan qanday salomlashganiyu qanday libos kiygani, qayerga borgani juda qiziq. Jumladan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga kelgan Birinchi xonimlarning ham.
Xabaringiz bor, joriy yilning 8-9 noyabr kunlari poytaxt Toshkent Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitiga mezbonlik qildi. O‘zbekistonga turmush o‘rtoqlariga hamroh bo‘lib Turkiya Birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an, Eron Birinchi xonimi Jamila Alamolxoda, Qirg‘iziston Birinchi xonimi Oygul Japarova keldi. Negadir oxirgi vaqtlarda bordi-keldi, bor tovog‘im-kel tovog‘imni o‘rniga qo‘yayotgan Mehribon Aliyeva bu safar ko‘rinish bermadi.
O‘zbekistonning Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva esa mehmon birinchi xonimlarni zeriktirib qo‘ymadi. Lekin avvalgilaridek faqat madaniy tadbirlar bilan ham cheklangani yo‘q. Bu yoqda erkaklar iqtisodiy masalalarni hal qilayotganda ayollar ekologiya, uning umumdunyo aholisi, ayniqsa, bolalar kelajagida tutajak roli, avlodlarga xavfsiz, toza, ozoda va osuda zaminni meros qoldirish uchun Mirziyoyeva vasiyligidagi “Zamin” fondiga to‘plandi.
Birinchi xonimlarga O‘zbekiston Prezidentining kenja qizi – Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva hamrohlik qildi. Fondda “Bolalar va yoshlar harakatda — Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Forum ochilishida "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva yosh ekofaollarga murojaat qilar ekan, shunday dedi:
"Bugun bu yerda sizlarning toza, sog‘lom va barqaror muhit uchun kurashdagi yetakchiligingizni e’tirof etish maqsadida yig‘ildik. Qo‘shnilarimiz bilan birgalikda Samarqand ekologik oromgohi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda yoshlar va bolalarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiyaning imzolanishi yangi kelajak sari tashlangan muhim qadam bo‘ladi”, deydi Ziroat Mirziyoyeva.
Yig‘inda ishtirok etgan BMT Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Inger Andersenning fikricha, uzluksiz "yashil" ta’lim va ekologik madaniyatni shakllantirish orqali yoshlar salohiyatini mustahkamlash mumkin.
“Ekologik ta’lim ulkan ahamiyatga ega. U kelajak avlodlarga shunchaki norozilik vakillari bo‘lish emas, balki o‘zgarishlarning drayveriga aylanish uchun zarur ko‘nikma va bilimlarni beradi. Niyatimiz – keyingi avlodlar sayyora bilan uyg‘un hayot kechirishning yangi va yaxshiroq usullarini orzu qiladigan dadil hukumat yetakchilari, olim va novatorlar bo‘lsin”, deydi Inger Andersen .
YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis esa Iqlim o‘zgarishi va ekologik ta’lim masalalarining maktab dasturlariga kiritilishi bolalar va yoshlarning o‘zgarib borayotgan iqlimga moslashish ko‘nikmalaridan xabardorligini oshirishda muhim qadamdir, degan fikrda.
Turkiya Prezidentining rafiqasi Emina Erdo‘g‘an esa dunyodagi 8 milliard odam bilan birga barcha jonzotlarni xavf ostiga qo‘ygan iqlim inqirozidan eng ko‘p bolalar zarar ko‘rayotganini qayd etdi.
Uning fikricha, iqlim inqirozi – bola huquqlarining bir bo‘lagi. U so‘zida davom etib, dunyoda ro‘y berayotgan urushlar, xususan G‘azo inqiroziga e’tibor qaratdi.
“Mojarolar, terrorizm va ishg‘ollarning oldini ololmay, farzandlarimizni himoya qilolmagunimizcha, barcha ezgu niyatlarimiz o‘z mazmunini yo‘qotadi. 7 oktyabrdan beri Isroilning xalqaro huquqni buzgan hujumlarida yo‘qotilgan bolalarimiz soni so‘nggi uch yil ichida barcha mojaro zonalarida o‘ldirilgan bolalar sonidan allaqachon oshib ketdi. Nafratni zirhdek kiygan, rahm-shafqatini yo‘qotgan, vijdon ovozini o‘chirib qo‘ygan davlat bolalarning boshiga raketalar, bombalar yog‘dirib, dunyomizni halokatga tortmoqda. O‘t ochishni to‘xtatishni qabul qilmagan Isroil insonparvarlik yordamining G‘azoga yetib borishiga ruxsat bermayapti. Dahshatli zulm vijdonda tuzatib bo‘lmaydigan yaralar yaratadi”, deydi Turkiya Birinchi xonimi.
Emina Erdo‘g‘anning urg‘ulashicha, farzandlar va onalarning nolasini tili, dini, teri rangiga qarab ajratish bu insoniyatga qarshi jinoyatga sherik bo‘lishdir.
Birinchi xonim Erdo‘g‘an qon to‘kilishini to‘xtatishning yagona yo‘li masalaga diniy va tarixiy rishtalardan, siyosiy va tijorat aloqalaridan xoli ravishda vijdon va rahm-shafqat nazari bilan qarash ekanini aytdi.
U Myanma, Somali, Ukraina va Suriyada bo‘lgani kabi Falastinga nisbatan ham dunyodan xuddi shunday munosabatni kutayotganini bildirdi. Dunyoda hech bir shafqatsizlikni jim kuzata olmaydigan Turkiya, avval o‘t ochishni to‘xtatish, keyin esa doimiy tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlarini qat’iyat bilan davom ettirishini aytdi.
“Chunki biz bolalar o‘sib-ulg‘ayib, yer yuzini qonlari bilan emas, tabassumlari bilan bo‘yashlari mumkin bo‘lgan dunyoni xohlaymiz. Ularning nomlarini shahidlar ro‘yxatida emas, balki medallar, insoniyat manfaati uchun yaratilgan ixtirolar, kitoblar, san’at asarlarida ko‘rishni istaymiz. Osvensimda oilasidan ayrilgan vijdonli yahudiylar Falastindagi qon to‘kilishini to‘xtatish uchun kurashar ekan, qirg‘inning genotsidga aylanayotganini kuzatib turmagan jamiyatlarning faryodi falakka ko‘tarilgani sari insoniyatdan umidlarimiz ortib bormoqda”, deydi Emina Erdo‘g‘an.
So‘zi so‘nggida u iqlim o‘zgarishi bo‘yicha forumni tashkil etgani uchun O‘zbekistonning Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, forumda Eron Birinchi xonimi Jamila Alamolxoda, Qirg‘iziston Birinchi xonimi Oygul Japarova ham o‘z mamlakatlarida ekologik vaziyat va dunyodagi muammolarni yechish masalalari haqida nutq qilgan.
LiveBarchasi