Mattarella qizi bilan Xorazmga bordi
Jamiyat
−
11 noyabr 2023
9482O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella va uning qizi Laura Mattarella bugun, 11 noyabr kuni Xorazmga keldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Urganch xalqaro aeroportida mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov hamda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov kutib olgan.
Italiya Prezidenti Xivadagi “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasining tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella Samarqandga borib, Registon maydonini tomosha qilgandi.
Ma’lumot uchun, 9 noyabr kuni Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella qizi Laura Mattarella bilan birga O‘zbekistonga kelgandi. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Bosh vazir Abdulla Aripov kutib oldi. Bugun, 10 noyabr kuni ertalab Serjo va Laura Mattarellalar Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Keyinchalik Ko‘ksaroy qarorgohida Italiya Prezidenti Serjo Mattarellani rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimdan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella Ko‘ksaroy qarorgohida ikki tomonlama muzokara o‘tkazdi. Undan keyin esa ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
LiveBarchasi