G‘azodagi urushdan tortib, afg‘on muammosigacha. Toshkentdagi sammit qanday o‘tdi?
Tahlil
−
09 noyabr 2023
6835Ko‘pchilik toshkentliklar va poytaxt mehmonlari bugun yo‘llardagi tirbandliklardan nolidi. Ijtimoiy tarmoqlar yo‘llar aks etgan surat va videolar bilan to‘ldi. Toshkentdagi bu tirbandliklar bejiz emas. Boisi poytaxt 9 noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitiga mezbonlik qildi. Unda ishtirok etish uchun Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar hamda IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy O‘zbekistonga keldi. Shuningdek, ayni vaqtda Turkiyadan boshqa hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar ham Toshkentda mehmon bo‘lib turibdi. Afg‘onistondan esa sammitda hech kim qatnashmadi yoki taklif etilmadi.
Boshqalardan farqli o‘laroq Turkiya rahbari rafiqasi Emina Erdo‘g‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy rafiqasi Jamila Alamolxoda, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov rafiqasi Oygul Japarova bilan tashrif buyurdi. Doim turmush o‘rtog‘i bilan yetaklashib yuradigan Ozarbayjon Prezidentining rafiqasi – mamlakat birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva bu safar ko‘rinish bermadi.
Sammitda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga davriy raislikni O‘zbekiston qabul qilib oldi.
Sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tashkilotga a’zo barcha davlatlar va dunyoga daxldor nutq qildi. Shu o‘rinda Mirziyoyevning aytganlarini an’anaga ko‘ra boshidan emas, oxiridan ko‘rib chiqsak.
Mirziyoyevning nutqidagi eng otashin qismi yana G‘azo sektorida bir oydan oshiq vaqtdan buyon davom etayotgan xunrezliklar bilan bog‘liq. Bu safar ham O‘zbekiston rahbari Falastin masalasida O‘zbekistonning pozitsiyasi mustaqil Falastin davlatini tuzish ekanini alohida urg‘ulab aytdi.
“Global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan Yaqin Sharqdagi Falastin-Isroil urushi barchamizda katta tashvish uyg‘otmoqda. Ming afsuski, bu qonli nizo oqibatida avvalo, tinch aholi vakillari, ayniqsa, ayollar, bolalar va keksalar ko‘plab qurbon bo‘lmoqda. Urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olmoqda”, deydi O‘zbekiston rahbari.
Qarama-qarshilikning keng ko‘lamli nizoga aylanib ketishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, degan Mirziyoyev yana tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqirdi.
“Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni, o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz”, deydi Mirziyoyev.
Mirziyoyev sammitda qator takliflarni, to‘g‘rirog‘i 7 ta taklifni ilgari surdi. Ular o‘zaro tovar ayirboshlashdan tortib, transport-logistikagacha, ekologik barqarorlikdan tortib, turizm xizmatlarigacha mavzular bo‘ldi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston Tashkilotning asosiy hujjati bo‘lgan “Istiqbollar – 2025” ijrosini sarhisob qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Hozircha ishga solinmayotgan katta imkoniyatlarning chuqur tahlili asosida Tashkilotning kelajakdagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish vaqti kelganini aytgan Prezident, o‘tgan yili Iqtisodiy hamkolik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etganini, ammo a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizini tashkil etishini afsus bilan bildirdi.
“Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Mirziyoyev davlat va hukumat rahbarlarini ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chaqirdi.
Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekiston kabi dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydigan davlatlar dardini ham stol ustiga qo‘ydi. Shu ma’noda kelgusida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va Transafg‘on multimodal yo‘llarining ishga tushirilishi barcha a’zo davlatlar manfaatlariga mos kelishini bildirdi.
Ma’lumki, butun dunyoda ro‘y berayotgan bo‘xronlar, ayniqsa, Rossiya-Ukraina urushi, ob-havoning o‘zgarib borishi, qishning sovuq kelishi energiya barqarorligini puchga chiqarib, taqchillikka olib kelmoqda. Narxlarning o‘sishi va energetik inqiroz kuzatilmoqda. O‘tgan qishni amal-taqal o‘tkazgan dunyo, ayniqsa, Yevropa mamlakatlari qish eshik qoqayotgan shu kunlarda ko‘proq energiya g‘amini yemoqda. Bu Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarga ham begona muammo emas. Prezident shu masalada og‘iz ocharkan, milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshayotganini bildirdi.
Shuningdek, davlat rahbari xavotirlarini ham yashirmadi. Xo‘sh, bu nima deysizmi? Mirziyoyev muzliklarning erishi, suv resurslari taqchilligi, cho‘llanish, chang bo‘ronlari, tuproq yemirilishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi kabi jarayonlardan qattiq xavotir bildirdi. Tobora jiddiy muammoga aylanib borayotgan qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida Samarqand deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Mirziyoyevning so‘zini oxiridan boshlab, uning Falastin masalasiga to‘xtalganini aytgan edi. Davlat rahbari nutqi so‘ngida ko‘zdek qo‘shni Afg‘onistonni ham unutmadi. Xuddi biz yuqorida aytgandek, Prezidentlar e’tiborini sammitda Afg‘onistonning ishtirok etmayotganiga qaratdi.
Uning aytishicha, Afg‘oniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi.
“Barchangizni afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirishga, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy mas’uliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqiraman”, Mirziyoyev.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti – a’zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilotdir. U 1964 yilda Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan “Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” nomi bilan tuzilgan. Keyin 70-yillarda ichki mintaqaviy savdo susayib ketgani uchun o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 1985 yilda “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti” nomi bilan qaytadan o‘z faoliyatini boshladi. 1992 yilning 28 noyabrida Islomobod shahrida a’zo davlatlar Tashki ishlar vazirlari kengashining favqulodda yig‘ilishida Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlari IHTga a’zo bo‘lgan. Ammo 2021 yilning 15 avgust kuni Afg‘onistonda mavjud konstitutsion hokimiyat ag‘darilib, boshqaruv “Tolibon” qo‘liga o‘tgach, xalqaro ahamiyatga molik oliy martabali mehmonlar uchrashuvlariga Afg‘oniston vakillari taklif etilmay qo‘ygan. Boisi, hozircha “Tolibon” tomonidan tuzilgan Hukumat, uning qayta nomlagan Afg‘oniston Islom Amirligi yoki bayrog‘i ham hech bir davlat tomonidan tan olinmagan. Qobul bilan diplomatik aloqalarga ega bo‘lgan barcha mamlakatlarda esa diplomatik vakolatxonalar xalqaro hamjamiyat va BMT nizomlari doirasida tan olingan Afg‘oniston nomi va bayrog‘i ostida faoliyat yuritishda davom etmoqda.
Yana sammitga qaytsak. Unda ishtirok etgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ayni damda blokadadagi G‘azo sektorida 11 mingga yaqin falastinlik, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgani, shunga qaramay, dunyo sukut saqlayotganini urg‘uladi.
“Isroil hukumati barcha insoniy qadriyatlarni mensimay, maktablar, masjidlar, cherkovlar, shifoxonalar va universitetlarni bombardimon qilishda davom etmoqda. Isroil tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgan G‘azo sektorining 11 mingga yaqin aholisining 73 foizi ayollar va bolalardir”, deydi Turkiya rahbari.
Turkiya rahbari so‘zida davom etib, joriy yilning 15 noyabr kuni turmush o‘rtog‘i Emina Erdo‘g‘an boshchiligida Turkiyaning Istanbul shahrida G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha xalqaro yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi va davlat rahbarlarini rafiqalari hamrohligida Istanbulga chorladi.
Bundan tashqari, Turkiya Prezidenti Ozarbayjonda arman ishg‘olining yakuniga e’tibor qaratdi.
“Qorabog‘da 30 yildan ortiq davom etgan ishg‘olga to‘liq barham berish bilan biz mintaqada doimiy tinchlikka bir qadam yaqinlashdik”, deydi Turkiya Prezidenti.
Navbat yana arosatda qolgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga. Ochig‘ini aytsak, Erdo‘g‘anning katta-katta yig‘inlarda Shimoliy Kipr haqida nimalar deyishi bizga yod bo‘lib ketdi. Buyuk turk oilasining bir parchasi, ular ezilgan, adolatsizlik qurboni, ularni davramizda ko‘rishdan xursand bo‘lamiz va hakozo.
Gap shundaki, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini Turkiyadan boshqa mamlakat tan olmagan. Shunga qaramay, Erdo‘g‘an avval boshi uni Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida qo‘shilishiga erishdi. Shunday bo‘lsa-da Turkiy davlatlar uni SHKTRni kuzatuvchi sifatida tan olishni boshlagani yo‘q. Kamiga 2-3 noyabr kunlari tashkilotning Ostonada o‘tgan sammitida SHKTRning Turkiy davlatlar parlamentlari assambleyasi, Turkiy savdo-sanoat palatalari va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishini ma’qullovchi deklaratsiyani imzolatishga erishdi. O‘sha hujjatlarga asosan O‘zbekiston tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar Toshkentga keldi. 9 noyabr tongigacha hali u, hali bu bilan ko‘rishgan kishi bo‘ldi. Lekin tongda boshlangan sammitda uni yumaloq stol atrofiga o‘tkazishmadi. O‘tkazishmaydiyamda! Chunki bir davlatning tashkilot doirasida bo‘lsa-da tan olinishi uning alohida davlat sifatida ham tan olinishini anglatadi. Xullas, Ersin Tatar o‘tirmagan stoldan joy olgan Erdo‘g‘an so‘zida shunday dedi:
“Biz adolatsiz ravishda yakkalanib qolgan va ularga qarshi noqonuniy amaliyotlar tufayli bosimga uchragan kiprlik turklarning ovozini dunyoga yetkazishga mas’ulmiz”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbari so‘zida davom etib, G‘azodagi inqiroz sharoitida G‘arb davlatlarini ikkiyuzlamachilikda va ikki tomonlama standartlar siyosatida aybladi.
“Muttasil inson huquqlari va demokratiyadan so‘z ochadigan G‘arb davlatlari esa Isroilning qirg‘inini uzoqdan tomosha qilyapti. Bu mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar, bolalar qotillarini ayblashtni qo‘yingki, o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirolmaydigan darajada ojizlar”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘andan keyin so‘z olgan Ozarbayjon Prezidenti nutqi avvalida yana Ozarbayjonning Armaniston ustidan qo‘lga kiritgan g‘alabasi va Qorabog‘ning tortib olinganiga to‘xtaldi.
Uning qayd etishicha, yaqin kelajakda Ozarbayjon “yashil” energiya, jumladan, vodorod energiyasining salohiyatli eksportchisiga aylanadi. Yashil energiya sohasida dunyoning yetakchi kompaniyalari bo‘lgan xorijiy sarmoyadorlar bilan imzolangan shartnoma va memorandumlarga muvofiq, Ozarbayjonda qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish yaqin yillarda 10 GVtga etadi.
So‘zini Qur’on oyatlarini o‘qib, G‘azoda qurbon bo‘lganlar haqiga duo qilishdan boshlagan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy esa AQSH hukumati Isroil G‘azo sektorida sodir etayotgan jinoyatlarga sherik, deb aytdi
“Sionistik rejim armiyasi AQSH va ayrim Yevropa davlatlarining siyosiy, moliyaviy, harbiy va razvedka ko‘magida o‘zining harbiy mashinasini Falastinning himoyasiz xalqiga qarshi ishlatmoqda. Eron har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni ko‘rib chiqadi. G‘arbning, xususan Amerika hukumatining sionistlarning G‘azoga bostirib kirishi bu jinoyatning davom etishiga sabab bo‘ldi. Sionistlarning jinoyatlariga AQSH hukumati sherik ekani endi butun dunyoga ayon bo‘ldi", deydi Ibrohim Raisiy.
Xullas, shu shaklda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining 16-sammiti nihoyasiga yetdi. Davlat rahbarlari sammiti davom etayotgan bir vaqtda O‘zbekiston Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva mehmon Birinchi xonimlarni zeriktirib qo‘ygani yo‘q. Ularni o‘zi Vasiylik qilib kelayotgan “Zamin” fondiga boshlab bordi.
U yerda "Bolalar va yoshlar harakatda — Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi" xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Ularga Prezidentning kenja qizi Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva hamrohlik qildi.
Sammit yakunlangach, juda shoshib turgan ekan shekilli, birinchi bo‘lib O‘zbekistonni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tark etdi. Uni va rafiqasini aeroportda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kuzatib qo‘ydi.
Bizda hozircha shular. Sammitga doir mavzularni davom ettiramiz.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr