Uyqusiragan ko‘zlar, gul ko‘targan mitti qo‘llar. “Birinchi qo‘ng‘iroq”dan fotoreportaj
Jamiyat
−
04 Sentabr 2023
8847Bugun, 4 sentyabr - O‘zbekistonda 2023-2024 o‘quv yilining ilk kuni. Erta tongdan qo‘lida gul ko‘targan, oq-qora forma kiygan o‘quvchilarni har yerda uchratish mumkin. Bugungi kun, ayniqsa, joriy yilda birinchi sinfga ilk marotaba qadam qo‘ygan o‘quvchilar uchun hayajonlidir. QALAMPIR.UZ Olmazor tumani 298-maktabda bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiridan foto reportajni e’tiboringizga havola etadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda umumiy hisobda 732 ming 960 nafar bola birinchi sinfga qabul qilingan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkich (707 ming)dan ancha yuqori.
Bugun ilk marotaba birinchi sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchilarga Prezident sovg‘alari ham topshirildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda Prezident sovg‘asi tarkibiga kiruvchi maktab sumkasining dizayniga alohida e’tibor berilgan. Chunki sinflardagi o‘g‘il va qiz bolalar sonidagi farq tufayli ba’zida o‘g‘il bolalarga qizil, qiz bolalarga esa ko‘k sumkalar berilardi.
Shuningdek, bu yil “Prezident sovg‘asi” tarkibidagi o‘quv qurollari ham alohida ko‘rib chiqilgan. Jumladan, joriy yil o‘quv qurollari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• o‘quvchi sumkasi;
• 12 dona daftar;
• rasm daftari;
• akvarel bo‘yoqlari;
• qalamdon;
• sharikli ruchka;
• rangli qalam;
• 2 dona oddiy qalam;
• plastilin;
• yelim;
• 2 dona o‘chirg‘ich.
Ushbu o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida vazirlik tarkibida maxsus elektron baza shakllantirilgan bo‘lib, “Prezident sovg‘a”lari ushbu bazaga kiritilgan o‘quvchilar soniga mos ravishda tayyorlangan.
Shuningdek, joriy yilda birinchi sinfga qabul tizimida ham o‘zgarishlar amalga oshirildi. Qabul jarayonining onlayn amalga oshirilgani ham shular jumlasidandir. Ushbu jarayonda ota-onalarga yordam berish maqsadida hujjat topshirish yo‘riqnomasi ham ishlab chiqildi.
QALAMPIR.UZ jamoasi joriy yilda birinchi sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchilarga omad tilaydi.
LiveBarchasi