Himoyasi zaiflashgan Rossiya, ogohlantirilgan Tramp va hujumga tayyorlanayotgan Shimoliy Koreya – Midweek

Tahlil

Reklama
0:00

Ukraina avjiga chiqdi!

Urush boshlanganidan beri Kiyev uchirgan dronlar Rossiya ichiga rekord darajada – naqd 2800 kilometr uzoqlikka kirib bordi. Bir tomonda energetika infratuzilmasiga zarbalar, boshqa tarafda esa zaiflashgan himoya tizimi. Xo‘sh, Rossiya haqiqatan ham mag‘lubiyatga yaqinmi yoki bu ikki davlat rahbarining shaxsiy nafratiga aylangan urushning yangi va dahshatli bosqichimi?

Dengizda esa qiyomat boshlandi! Ramziy ma’noda! AQSH va Eron o‘rtasida shafqatsiz “raqamlar poygasi” ketmoqda: olov ichida qolgan tankerlar, yakson etilgan harbiy kemalar va bular o‘z so‘zini aytdi. Brent neftining narxi 100 dollardan oshib ketdi. Tehron nafaqat Hormuzni, balki Arktikadan Hind okeanigacha bo‘lgan butun global savdo tomirlarini uzib qo‘yish bilan tahdid qilmoqda. Jahon iqtisodiyoti jarlikka qulaydimi?

Atrofda urush, ammo jang so‘zi bilan eng ko‘p ismi yonma-yon keladigan Kim Chen In birortasida qatnashmayapti. U zerikkan shekilli, dunyoga o‘zining yadroviy kallak tashuvchi yangi “o‘yinchog‘i”ni ko‘rsatdi. Hatto yaqin 8 oy ichida navbatdagi maxfiy rejasini namoyish etishni va’da qildi. Pxenyan Vashington va Seulga qanday jiddiy va jumboqli “sovg‘a” hozirlamoqda?

Urush – ikki shaxsning nafrati

Yer sharining bir chetida tinchlik haqidagi muzokaralar stoliga “xayrixohlik” bayrog‘ini qo‘yayotganlarni ko‘rib, tinchlik yaqin deb umid qildi dunyo. Ammo oradan bir-ikki kun o‘tib Rossiya Ukraina telekanalini jonli efir paytida bombardimon qilgani, Ukrainaning Arktika muzliklarini yorib o‘tgan dronlari haqiqiy voqelik nimadan iboratligini ko‘rsatmoqda. Keling, dastlab dalillarga yuzlansak. Rasmiy Moskvaning jurnalistlar ustidan bomba yog‘dirgani haqida alohida material tayyorlaganmiz. Uni ekranlaringizda paydo bo‘lgan sarlavha orqali tomosha qilishingiz mumkin. Biz esa hozir Ukrainaning rekord darajada Rossiya ichiga kirib borgan dronlari haqida gaplashamiz.

Yamal-Nenets avtonom okrugi gubernatori Dmitriy Artyuxovning ma’lum qilishicha, Rossiyaning Noviy Urengoy shahridagi sanoat ob’ektiga Ukraina dronlari hujum uyushtirgan. Gubernatorning ta’kidlashicha, ob’ektga qilingan hujum qaytarilgan, biroq portlash va dron parchalarining tushishi oqibatida jiddiy yong‘in kelib chiqqan. Ural federal okrugidagi vakolatli vakil Artyom Joga hodisa yonilg‘i-energetika majmuasida sodir bo‘lganini va ishchilar zudlik bilan evakuatsiya qilinganini qo‘shimcha qildi. E’tiborlisi, Joga ushbu zarbani Ural federal okrugining Arktika qismiga qilingan birinchi hujum deb atadi.

Ochiq manbali razvedka tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, nishonga olingan ob’ekt – Noviy Urengoydagi kondensatni transportirovkaga tayyorlash zavodi bo‘lib, u Ukraina chegarasidan taxminan 2800 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu esa Rossiya – Ukraina urushi boshlanganidan beri Ukraina hududidan berilgan eng uzoq masofali zarba bo‘lishi mumkin. Avvalroq eng uzoq masofali zarba sifatida iyul oyida Omsk neftni qayta ishlash zavodiga berilgan zarba qayd etilgan edi, ammo Noviy Urengoy bu rekordni yana 500 kilometrga uzaytirdi. “Fire Point” kompaniyasi bosh konstruktori Denis Shtilerman iyul oyidagi zarba uchun FP-1 dronidan foydalanilganini aytgan bo‘lsa-da, bu galgi Arktika parvozi qaysi texnika yordamida amalga oshirilgani rasman ochiqlanmadi. Xulosa aniq: Rossiyaning Arktikaga yaqin hududi endi ilgari o‘ylanganidek daxlsiz va xavfsiz maskan emas.

Aynan shu geostrategik zarbalar fonida siyosiy sahnada mutlaqo boshqacha ohanglar yangray boshladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan energetika va g‘alla masalalarida murosa qilishga tayyorligini bildirgan. “RIA Novosti” xabariga ko‘ra, Zelenskiy bu masalalar nafaqat Kiyev va Moskva uchun, balki Hindiston, BAA, Saudiya Arabistoni va Misr kabi dunyoning ko‘plab mamlakatlari uchun ham hayotiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Biroq u, bu murosa bir tomonlama bo‘lmasligi kerakligini eslatgan.

“G‘alla va energetika – Ukraina va Rossiya uchun og‘riqli masalalar. Biz murosa qilishga tayyormiz. Biz allaqachon juda ko‘p murosaga bordik. Biz doimo bir tomonlama ravishda oldinga qadam tashlaydigan yagona tomon bo‘lib qolmasligimiz kerak”, deydi Zelenskiy.

Ya’ni, Kiyev tili bilan aytganda: “Biz eshikni ochiq qoldirdik, lekin endi ichkariga kim birinchi bo‘lib kirishini kuzatyapmiz” deyilmoqda.

Vashingtonda esa voqealarga nisbatan mutlaqo boshqacha, bir oz sodda va optimistik baho berilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi ekanini iddao qildi. Tramp 9 sentyabr kuni jurnalistlarga bergan intervyusida Putin bilan hafta boshida bo‘lgan muloqotini eslagan:

“U kelishuv tuzishni xohlayapti. Agar Zelenskiy ham kelishuv istasa, bu juda yaxshi bo‘lar edi”, deydi AQSH prezidenti.

Trampning bu bayonoti uning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerning Moskva hamda Kiyevga qilgan diplomatik safaridan so‘ng yangradi. Tramp urushni to‘xtatish uchun o‘zining eng ishonchli vakillarini safarbar qilganini, ammo asosiy tugun boshqa joydaligini aytmoqda.

“To‘siq – bir-biridan nafratlanadigan ikki inson. Ular kelishsa bas!”, deydi Tramp o‘ziga xos piching va ochiqlik bilan Putin va Zelenskiyni nazarda tutib.

Uning fikricha, har qanday geosiyosiy ziddiyatdan ko‘ra, ko‘proq aynan ikki davlat rahbarining shaxsiy adovati tinchlik jarayoniga barham bermoqda. Ilgari Tramp ularni yarashtirish uchun o‘zining vakillarini vositachi qilib jo‘natganini, biroq shaxsiy adovat va bir-biriga bo‘lgan nafrat devori oldida bu urinishlar samarasiz ketganini ham qistirib o‘tgandi.
Shunga qaramay, AQSH, Ukraina va Yevropa razvedka xizmatlarining rasmiylari Trampning bu jo‘shqin optimizmiga qo‘shilmayapti va Kremlning haqiqatan ham urushni yakunlash niyati borligiga shubha bilan qaramoqda.

Xalqaro ekspertlar va yetakchi nashrlar berayotgan tahlillarsiz ham real vaziyatni anglash qiyin emas. Bir tomonda 2800 kilometr uzoqlikdagi energetika infratuzilmasiga berilayotgan aniq zarbalar, ikkinchi tarafda esa qilmishning aniq tasviri bilan ko‘rsatuvchi televideniyega hujum. Boshqa tomonda esa diplomatik minbarlardagi “murosa” haqidagi bayonotlar parallel ravishda mavjud. Demak, ikki Vladimir boshchiligidagi urush hali uzoq davom etishi mumkin.

“Dengiz qaroqchilari”. AQSH va Eron kemalari yo‘q qilindi

Yaqin Sharqning neftga boy quvurlari bugun haqiqiy porox bochkasiga aylanib bo‘ldi. Bir oy davom etgan nisbiy “iqtisodiy bosim” va sokinlik foni o‘z o‘rnini Fors va Ummon ko‘rfazlaridagi eng ulkan harbiy to‘qnashuvlar to‘lqiniga bo‘shatib berdi. 9 sentyabr kuni Eron va AQSH o‘rtasidagi urush boshlanganidan buyon dengizdagi kemalarga qilingan eng yirik zarbalar seriyasi qayd etildi.

Dastlab raqamlar va faktlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman. “Reuters” xabariga ko‘ra, Eron tomoni 10 ta dengiz kemasini nishonga olganini ma’lum qilgan bo‘lsa, AQSH harbiylari bunga javoban Eronning 5 ta neft tankerini yakson etgani va kemalarning olov ichida qolgani aks etgan kadrlarni e’lon qildi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi bu keskin chorani Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Amerika harbiy kemasiga ikki marta ballistik raketa bilan zarba berishga uringaniga javob hamda ogohlantirish bo‘lganini tushuntirmoqda. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio vaziyatga po‘pisa bilan izoh berdi.

“Eron AQSH harbiy kemalariga hujum qilishda davom etsa, har bir bunday harakat uchun kamida bitta tankerdan ayriladi”, deya Vashingtonning yangi taktikasini aytdi Marko Rubio. Amerika rasmiylarining ma’lum qilishicha, bir hafta ichida Eronga tegishli jami 10 ta tanker nishonga olingan.

Tehron esa qarab turgani yo‘q. Eron tomoni 2 ta AQSH harbiy kemasi va 8 ta tankerga muvaffaqiyatli zarba berganini da’vo qilmoqda. Dengizdagi bu “raqamlar poygasi” ortida esa allaqachon inson omili va logistika halokati turibdi. Dubay yaqinida turgan “Hercules Star” neft mahsulotlarini tashuvchi tankerdagi portlash oqibatida kamida bir dengizchi halok bo‘lgan, yana biri bedarak yo‘qolgan. Iroq port rasmiylarining bildirishicha, 2 million barrel mazut ortgan “New Andros” tankeri Iroq hududiy suvlarida dron zarbasiga uchrab, yong‘in ichida qolgan.

Britaniyaning Buyuk Britaniya dengiz savdosi operatsiyalari xavfsizligi agentligi esa Hormuz bo‘g‘ozi va unga tutash suvlarda bir nechta tijorat kemalariga qarata snaryadlardan o‘t ochilganini va kema ag‘darilishi xavfi tug‘ilganini tasdiqladi.

Dengizdagi alanga bir oz kamlik qilgandek, ziddiyat quruqlik va havo hududiga ham ko‘chdi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroilni chetlab o‘tib, Iordaniya hududidagi AQSH harbiy bazasiga ballistik raketalar bilan zarba berganini bildirdi. Iordaniya havo mudofaasi 18 ta raketani urib tushirganini, qolgan 2 tasi kimsasiz hududga tushganini ochiqladi.

AQSH rasmiysi barcha amerikalik harbiylar sog‘-salomat ekanini ma’lum qildi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi javob yanada shafqatsiz bo‘lishini e’lon qildi. Ular tez orada Pokiston chegarasidagi Chobahorgacha cho‘ziladigan va xalqaro navigatsiya uchun yopiq deb e’lon qilinadigan yangi taqiqlangan dengiz zonasi xaritasini taqdim etmoqchi. Ya’ni, Tehron faqat o‘z ostonasidagi Hormuz yo‘lini emas, balki Yevropa, Osiyo va Rossiyani bog‘lab turgan butun global dengiz va quruqlik savdo yo‘llarini falaj qilib qo‘yish bilan ogohlantirmoqda.

Geosiyosiy sahnadagi bu yong‘inga Vashingtondan berilayotgan munosabat esa alohida e’tiborga loyiq. AQSH Prezidenti Donald Tramp Tehronning bu tajovuzkorligini harbiy zarurat emas, balki Amerikaning ichki siyosatiga aralashuv deb baholamoqda.

“Menimcha, urush saylovdan keyin darhol tugaydi, chunki ular bundan ortiq chiday olmaydi. Ular noyabrdagi AQSH Kongressi saylovlariga umidsizlarcha ta’sir o‘tkazishga urinmoqda”, deydi Tramp jurnalistlarga bergan intervyusida. Trampning mantig‘iga ko‘ra, Eron energetika inqirozini keltirib chiqarish orqali Vashingtondagi siyosiy balansni o‘zgartirmoqchi.

Biroq Oq uy ichidagi manbalar va “The Wall Street Journal” e’lon qilgan tahlillar Trampning bu sodda optimizmini rad etadi. Nashrning yozishicha, Prezidentning yuqori martabali maslahatchilari, jumladan Vitse-prezident Jey Di Vens va Davlat kotibi Marko Rubio Trampni bu urush uning ikkinchi prezidentlik muddati tugaydigan 2029 yil yanvargacha davom etishi mumkinligidan ogohlantirgan. “Reuters” bu ma’lumotni mustaqil tasdiqlay olmaganini bildirgan bo‘lsa-da, voqealar rivoji aynan Vens va Rubioning xavotirlari haqiqatga yaqinroq ekanini ko‘rsatmoqda. Avvalroq Eron ham rasman urush Tramp prezidentlikdan ketgunicha davom etishini bildirgandi.

Xalqaro neft bozorlari ham har doimgidek harbiy harakatlarga zudlik bilan munosabat bildirdi. 9 sentyabr holatiga ko‘ra, Brent markali neft narxi barreli uchun 100 dollarlik chegaradan oshib ketdi. Bu joriy yilning iyul oyidan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Tahlil qilganda shunday bir mantiqiy manzara namoyon bo‘lyapti. Vashington urushni “saylovgacha bo‘lgan vaqtinchalik bosim” deb ko‘rsatishga urinmoqda, Tehron esa har bir neft tankeriga zarba berish orqali jahon iqtisodiyotining tomirini siqmoqda. Tomonlar bir-birining harbiy va iqtisodiy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishda davom etsa, neftning narxi yanada osmonga chiqishi aniq.

Kimning yangi xavfli “o‘yinchog‘i”

Tinch okeanining mintaqaviy xavfsizlik balansi navbatdagi sinov bosqichiga qadam qo‘ydi. G‘arb davlatlari sanksiyalar zanjirini mahkamroq tortishga urinayotgan bir paytda, Pxenyan o‘zining dengiz harbiy qudratini namoyish qilishda davom etmoqda. Joriy yilning 6 sentyabr kuni Vonsan shahri portida Shimoliy Koreya harbiy-dengiz kuchlari tarkibiga “Chxve Xyon” sinfidagi ikkinchi raketa tashuvchi harbiy kema – “Kan Kon” rasman qabul qilindi.

Voqeaning rasmiy qismi ham, harbiy-strategik mantig‘i ham alohida e’tiborga loyiq. Marosimda shaxsan ishtirok etgan Pxenyan yetakchisi Kim Chen In ushbu harbiy kemani oddiy mudofaa vositasi emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri “zarba beruvchi esminets” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, yangi kema mamlakatning umumiy yadroviy javob qaytarish tizimining ajralmas va faol qismiga aylanadi. Kim Chen Inning yonida rafiqasi Ri Sol Chju va so‘nggi paytlarda harbiy-siyosiy tadbirlarning doimiy figurasiga aylanib borayotgan qizi Kim Chju E ham ko‘rinish bergani alohida ahamiyatli.

Faktik ma’lumotlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 5 ming tonna suv sig‘imiga ega “Kan Kon” kemasi mamlakat Harbiy-dengiz kuchlarining Sharqiy dengiz flotida xizmat qiladi. Bu shunchaki oddiy kema emas, balki ummonda suzuvchi ulkan va o‘ta xavfli raketa bazasidir.

Uning asosiy kuchi va vazifasi – uzoq masofadagi nishonlarni, hatto dushman hududining ichkari qismlarini ham aniq va kuchli raketalar bilan poylash hamda ularga poytaxt yoki bazalardan turib zarba berishdir.

Kema bortida dushmanning radar tizimlarini aylanib o‘ta oladigan zamonaviy qanotli raketalar hamda taktik raketa majmualari joylashtirilgan. Harbiy ekspertlar va xalqaro razvedka manbalarining ta’kidlashicha, ushbu kemadan otiladigan ayrim raketalarga yadroviy kallaklarni ham o‘rnatish imkoniyati mavjud. Bu esa “Kan Kon” kemasini nafaqat oddiy harbiy harakatlar, balki strategik yadroviy tiyib turish va ogohlantirish vazifasini bajaruvchi o‘ta qudratli qurolga aylantiradi.

E’tiborli jihati, Shimoliy Koreya dengiz floti ushbu namoyishga yetib kelgunicha jiddiy muammolarga ham duch kelgan. “Kan Kon”ning qurilish tarixi mutlaqo silliq kechmagan. Kema 2025 yilning may oyida ilk bor suvga tushirilayotgan paytda texnik nosozlik sababli yonboshlab, qisman ag‘darilib ketgan edi. Pxenyan muhandislari uni suvdan chiqarib, ta’mirlab, taxminan bir oy o‘tib qayta suvga tushirishga erishdi. O‘tgan yilning iyul oyida esa aynan shu kema ishtirokida strategik qanotli raketalar va boshqa zamonaviy qurol tizimlarining sinovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani e’lon qilindi. Ya’ni, bir yarim yil oldin suv tubiga ketishiga bir baxya qolgan kema bugun Pxenyanning Tinch okeanidagi asosiy “muskuli”ga aylandi.

Shimoliy Koreya iyun oyida ushbu sinfdagi birinchi raketa tashuvchi harbiy kema – “Chxve Xyon”ni G‘arbiy dengiz flotiga joylashtirgan edi. “Kan Kon”ning Sharqiy flotga topshirilishi bilan Pxenyan mamlakatning har ikki sohili bo‘ylab yangi avlod raketa tashuvchi harbiy kemalar zanjirini yopdi.

Kim Chen In marosimdagi nutqida harbiy-dengiz kuchlarini rivojlantirish bo‘yicha “muhim va maxfiy reja” amalga oshirilayotganini shama qilib, uning dastlabki amaliy natijalari yaqin sakkiz oy ichida butun dunyoga namoyish etilishini bildirdi. U rejaning aniq tafsilotlarini ochiqlamadi. Biroq Pxenyan yaqin yillarda 5 ming tonnadan ortiq suv sig‘imiga ega yangi kemalar va 10 ming tonnali yirik esminetslar qurishni hamda yadroviy dvigatel bilan ishlaydigan suvosti kemasini yaratish ustida ish olib borayotganini sir tutmayapti.

Bu harbiy namoyish o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi. “Kan Kon”ning flotga qabul qilinishi AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya ishtirokidagi besh kunlik “Freedom Edge” yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlanishi arafasiga to‘g‘ri keldi. Pxenyan bunday ittifoqchilik mashg‘ulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z suverenitetiga tahdid deb baholaydi.

Tahlilchilar va xalqaro media nashrlarining qayd etishicha, Vashington va Seul har qancha ko‘p qirrali harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmasin, Pxenyan o‘zining yadroviy hamda dengiz triadasini izchillik bilan shakllantirib bo‘ldi. Sakkiz oydan so‘ng Kim Chen In yana qanday “kutilmagan sovg‘a” hozirlayotgani esa hozircha Koreya yarim orolidagi eng katta jumboq bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing