Rossiya Kiyevni bombaladi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
13:43 558 2 daqiqa
Rossiya qo‘shinlari bugun, 30 sentyabrga o‘tar kechasi Kiyevdagi “De Novo” ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga zarba berdi. Shaharga uyushtirilgan raketa va dronlar hujumi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, 5 kishi jarohatlandi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi va Kiyev meri Vitaliy Klichko ma’lumotlariga tayanib, “Ukrinform” xabar berdi.
Qayd etilishicha, “De Novo” markazi internet-trafik almashinuvining asosiy nuqtalaridan biri bo‘lib, Ukraina Qurolli kuchlari manfaatlari yo‘lida axborotni qayta ishlash, saqlash va uzatishda foydalanilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi hujum qilingan boshqa ob’ektlar haqida ham ma’lumot bergan. Jumladan, Kiyev viloyatidagi Nalivaykovka qishlog‘ida harbiy-sanoat kompleksi korxonalarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi podstansiyaga zarba berilgan.
Shuningdek, Vishgoroddagi gidroelektr stansiyasi va Tripolskadagi issiqlik elektr stansiyasi ham nishonga olingan. Ular viloyatning shimoliy va janubiy qismlaridagi harbiy sanoat ob’ektlarini energiya bilan ta’minlagani aytilgan.
Gorenichi qishlog‘idagi energiya saqlash akkumulyatorlari majmuasi ham hujum qilingan ob’ektlar qatorida qayd etilgan. Mazkur ob’ekt mudofaa sanoati ob’ektlarining uzluksiz ishlashini ta’minlagani bildirilgan.
Odessa viloyatida esa Izmail portidagi ishlab chiqarish-sanoat majmuasiga zarba berilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, u yerda Ukraina Qurolli kuchlari uchun qurol-yarog‘ va yoqilg‘i saqlangan.
Bundan tashqari, Odessa portiga harbiy mol-mulk va ikki maqsadda foydalaniladigan yuklarni yetkazib bergan kemaga ham zarba berilgani bildirilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, Rossiya armiyasi Ukraina Qurolli kuchlari NATO mutaxassislari bilan birgalikda foydalanayotgan qaror qabul qilish markazlari, korxonalar va omborlarga zarba bermoqda. Bunda zarbdor dronlar va uzoq masofaga mo‘ljallangan yuqori aniqlikdagi qurollardan foydalanilayotgani qayd etilgan.
Kiyevdagi hujum oqibatida shaharning to‘rt tumanida yong‘in chiqqan va turli ob’ektlarga zarar yetgan. Jarohatlanganlarning 2 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya droni Kiyev markazidagi Ukraina Milliy fanlar akademiyasi binosiga borib urilgandi. Zarba oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan.
Live
Barchasi