“Sendan ugina…” Tramp siyosiy mahbuslarning ozodligi evaziga Rossiyaga sanksiyalarni yumshatadi
Olam
−
08:53 773 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni siyosiy mahbuslarni ozod qilish evaziga yumshatish g‘oyasini ma’qulladi. Bu haqda “The Atlantic” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur taklifni AQSH Prezidentining maxsus vakili Jon Koul ilgari surgan. U avvalroq Belarusda sanksiyalarni yumshatish evaziga qariyb 500 nafar siyosiy mahbusning ozod etilishiga erishgan.
Shu bilan birga, AQSH Belarusning kaliyini yirik miqdorda sotib olish bo‘yicha kelishuvni muhokama qilmoqda. Koulning so‘zlariga ko‘ra, bu muzokaralarda Rossiya ham ishtirok etmoqda. Sababi Yevropa sanksiyalari tufayli Belarus kaliyini Rossiya hududi orqali olib chiqishga to‘g‘ri keladi.
Nashrning yozishicha, Koulning Rossiyaga nisbatan rejasi hozircha dastlabki bosqichda. U Moskva va Vashington o‘rtasidagi muzokaralardagi boshi berk ko‘chadan chiqishga qaratilgan. Taklifga ko‘ra, Rossiya siyosiy mahbuslarni ozod qilsa, AQSH sanksiyalarni yumshatishi va savdo bitimlarini qayta tiklashi mumkin.
Koul bunday kelishuvlar tinchlikka yordam berishini hisoblaydi. Uning fikricha, iqtisodiy aloqalar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga olib kelishi mumkin.
Ukraina esa bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamayapti. Prezident Vladimir Zelenskiy “The Atlantic” jurnalistiga urush tugamaguncha Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga qaratilgan har qanday urinishni to‘sib qo‘yish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytgan.
Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya esa mahbuslarni sanksiyalarni bekor qilish evaziga ozod qilish Rossiya va Belarus hukumatlarini yana ko‘proq odamlarni hibsga olishga undashi mumkinligini bildirgan.
“Ular har doim ko‘proq odamni hibsga olishi mumkin, G‘arb esa sanksiyalarni bekor qilib, kelishuvlar tuzish orqali bu rejimlarga ta’sir o‘tkazish vositalarini yo‘qotadi”, degan Tixanovskaya.
Nashrga ko‘ra, mazkur g‘oyani Koulga “Novoya gazeta”ning sobiq bosh muharriri va Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Dmitriy Muratov taklif qilgan. U Shuster orqali Koul bilan bog‘langan.
Koul hozir Rossiya qamoqxonalarida saqlanayotgan amerikaliklar ro‘yxatini ham tuzgan. Shuningdek, u Muratov bilan birga Rossiyadagi siyosiy mahbuslar, jurnalistlar va urushga qarshi pozitsiyasi sabab sudlangan boshqa shaxslar ro‘yxatini shakllantirgan. Ularning aniq ismlari va AQSH tomonidan qanday yon berishlar taklif qilinishi hozircha oshkor etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. U Rossiyaga nisbatan qonunda nazarda tutilgan sanksiyalar, bojlar va taqiqlarni nazarda tutadi hamda kengaytiradi.
Live
Barchasi