Rossiya Ukraina jurnalistlarini bombaladi

Tahlil

Reklama
0:00

AQSHning kuchi 3 kunga yetdi: Rossiya Ukrainani yana bombalayapti

AQSH Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralarini qayta yo‘lga qo‘yishga urinayotgan bir paytda, qishning g‘amini yeyish bilan ovora bo‘lgan Zelenskiy boshchiligidagi Kiyev yana raketa va dronlarning zarbasi ostida qoldi. AQSHning hurmatiga 3 kunlik tiyilishdan so‘ng, Rossiya zarbalari Ukrainadagi turar joylar, omborlar, muhim infratuzilma va hatto jurnalistlar jonli efirda bo‘lgan telekanal binosigacha yetib bordi.

Tanaffus tugadi

5 sentyabr kuni Putin Moskvada AQSH vakillarining ta’biri bilan aytganda, iste’foga chiqqanidan keyin ham eslab yuriladigan uchrashuv o‘tkazganidan keyin Ukrainaga 3 kunga – 5 sentyabrdan 8 sentyabrgacha zarba berilmasligini buyurgandi. Mazkur xabar Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning qulog‘iga yetib borganidan so‘ng, Zelenskiy ham Ukraina 5 sentyabrdan boshlab Moskvaga zarba berishdan tiyilishga tayyorligini aytdi.

Aytilganidek, 8 sentyabrgacha Moskva Kiyevni, Kiyev esa Moskvani bezovta qilmadi. Muddat tugashi bilanoq, 8 sentyabr kuni Rossiya – Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlariga yirik raketa va dron hujumini amalga oshirdi. Faqat Kiyevning o‘zida hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi, 23 kishi esa jarohatlandi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, jarohatlanganlarning 14 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ularning 3 nafari og‘ir ahvolda.

Goloseyevskiy va Podilskiy tumanlaridagi bir nechta hududda noturar binolarda ham kuchli yong‘inlar yuz bergan. Dneprovskiy tumanida ham Rossiya zarbalaridan so‘ng quruq o‘tlar yonib, tuman osmonini tutun qoplagan. Goloseyevskiy tumanida hujum oqibatida dron qoldiqlari bir nechta hududga tushgan. Omborxonalar va xususiy maktab hududida yong‘in chiqqan. Shuningdek, dron qoldiqlari turar joy binosiga tushib, ayrim odamlar xonadonlarda qolib ketgan. Qurilishi tugallanmagan 26 qavatli bino ham zarar ko‘rgan. Darnitskiy tumaniga tushgan dron qoldiqlari omborxonalarga zarar yetkazib, yong‘in chiqishiga sabab bo‘lgan. Xususiy uy yaqinidagi garaj avtomobili bilan birga yonib ketgan. Podilskiy tumanida noturar binolar joylashgan hududlarning bir nechta qismiga ham dron qoldiqlari tushgan. Omborxonalarda yong‘in chiqqan. Solomyan tumanida esa dron qoldiqlari 1 ta noturar va 2 ta turar joy binosida yong‘in yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Shevchenkovskiy tumaniga tushgan dron qoldiqlari oqibatida omborxonada yong‘in chiqqani ma’lum qilingan. Podilskiy tumanida esa bino zarar ko‘rgan, biroq yong‘in qayd etilmagan.

Favqulodda xizmatlar zarar ko‘rgan hududlarga yo‘naltirilgan. Hodisa joylarida favqulodda xizmatlar va kommunal xodimlar ishlamoqda. Klichko 9 sentyabr kuni Rossiya hujumlari oqibatida yana 5 kishi yaralangani, 3 kishi shifoxonaga yetkazilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u qurbonlar soni va yetkazilgan zarar haqidagi ma’lumotlar tinmasdan yangilanayotganini bildirdi.

“Yagona yangiliklar”ga “shahed” tushdi

Turar-joy va ijtimoiy ob’ektlariga qilingan hujumlar yetmaganidek, Rossiya droni Ukrainaning “Biz – Ukraina” telekanali binosiga ham urildi. Hujum vaqtida jurnalistlar “Yagona yangiliklar” telemarafonida jonli efirda bo‘lgan va kanalning 5 nafar xodimi jarohatlangan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, telekanal binosi qisman vayron bo‘lgan. Hujumdan so‘ng binoda yong‘in chiqqan va Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xodimlari tomonidan o‘chirilgan. Hozir voqea joyida tezkor xizmatlar ish olib bormoqda.

“Bugun Rossiya OAV va jurnalistlarga hujum qildi. Dron “Yagona yangiliklar” telemarafonining “Biz – Ukraina” telekanali binosiga hujum qildi. Bu kunduzi, jurnalistlar efirda bo‘lgan paytda sodir bo‘ldi”, degan Zelenskiy.

Uning aniqlik kiritishicha, hozircha 5 nafar jabrlanuvchi haqida ma’lumot bor, biroq ularning soni yana oshishi mumkin.

Nega aynan bu telekanal, deydigan bo‘lsangiz, kanalda efirga ketadigan “Yagona yangiliklar” telemarafoni maxsus Rossiya hujumlarini yoritish uchun ochilgan. U 2022 yilning 24 fevralida, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlangan vaqtda ishga tushirilgan. Uning asosiy vazifasi – urush sharoitida aholiga mamlakatdagi vaziyat haqida uzluksiz axborot berish.

Unda asosan Rossiyaning raketa va dron hujumlari haqida tezkor xabarlar, frontdagi vaziyat va harbiy harakatlar, Ukraina Qurolli kuchlari faoliyati, prezident, hukumat va harbiy rahbariyat bayonotlari, Rossiya hujumlaridan keyingi vayronagarchilik va qutqaruv ishlari, xalqaro yordam va G‘arb davlatlari bilan muzokaralar, Ukraina siyosiy hayotidagi muhim voqealar, ekspertlar, harbiylar, siyosatchilar va jurnalistlar bilan jonli suhbatlar yoritiladi.

Urush paytida axborotning o‘zi ham strategik resursga aylanadi. O‘zi azal-azaldan odamzodni axborot bilan boshqarish eng qulay yechim bo‘lib kelgan. Anglaganingizdek, Rossiya o‘zi bilan bog‘liq mojarolar va qilmishlari yoritiladigan telekanalni yo‘q qilsa, ukrainlarni voqeliklardan uzib qo‘yadi. Demak, Rossiyaning mazkur hujumi ham aynan shu maqsadda amalga oshirildi, deyish mumkin.

Qish yaqin – Ukrainaga zaxira kerak

Ko‘rib turganingizdek, Rossiya rahbari Vladimir Putinning hali beri urushni tugatish niyati yo‘q. Tugatsa ham o‘z shartlari asosida tugatmoqchi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, Ukraina hali yana ancha Rossiyaga qarshi turib berishi kerak. Oldinda esa butun boshli qish turibdi.

Ukraina Shimoliy yarimsharda joylashgani uchun qish mamlakatga ancha sovuq keladi. Shundoq ham ukrainlarni ayamaydigan ayoz urush sharoitida ahvolni yanada og‘irlashtirishi turgan gap. Bularni yaxshi tushungan Zelenskiy esa kuzning ilk oylaridanoq tagi ko‘rinib qolgan qishki zaxiralarini to‘ldirish haqida qayg‘urishni boshlagan.

Sababi, o‘tgan qish Ukrainada Rossiya bilan mojaro boshlanganidan beri eng og‘ir qishlardan biri bo‘lgandi. Ayniqsa, Kiyevda elektr, issiqlik va suv bilan bog‘liq uzilishlar o‘ta ko‘p yuz bergan. Poytaxtda ayrim kunlari harorat -18 darajadan -25 darajagacha tushgan. Energetika infratuzilmasida ham uzoq vaqt elektr uzilishlari kuzatilgan. 2026 yilning yanvarida Kiyevdagi 1 milliondan ortiq xonadon elektrsiz qolgan. Bundan tashqari, yanvar oxiridagi yirik uzilishlardan birida Kiyevda elektr bilan birga suv ta’minoti ham izdan chiqqan, metro faoliyati ham 18–20 soatgacha to‘xtab qolgandi.

Qora kunlarni yashab o‘tgan Kiyev shuning uchun ham bu yil qishga tayyorgarlikka jiddiy kirishgan. Hozirda poytaxtda qishda elektr energiyasi uzoq vaqtga o‘chib qolishi va boshqa favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 25 ming kishi uchun oziq-ovqat hamda ichimlik suvi zaxiralari shakllantirilmoqda.

Shahar hokimligi oziq-ovqat mahsulotlari birinchi navbatda kam ta’minlangan fuqarolarga berilishini bildirgan. Tayyorlanayotgan zaxiralar elektr ta’minotida uzoq muddatli uzilishlar yuz berganda “Bardoshlilik punktlari”da, favqulodda vaziyatlarda jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatishda hamda avariya-qutqaruv ishlariga jalb etilgan xodimlarni ta’minlashda ishlatiladi.

Shu bilan birga, Kiyev rasmiylari qo‘shimcha ravishda yana 20 mingta oziq-ovqat to‘plamini xarid qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Kiyev ma’muriyati qish mavsumida aholining eng zaif qatlamlari uchun vaqtinchalik joylashtirish punktlari tayyorlanganini ham ma’lum qilgan. Ularga qishki joylashtirish bo‘yicha 1 300 dan ortiq yolg‘iz keksalar, nogiron farzandlari bor, qariyb 400 ta oila va 500 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsdan ariza kelib tushgan.

Kiyev shahar davlat ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Oleg Kuyavskiyning aytishicha, yordam birinchi navbatda kam ta’minlangan kiyevliklar va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yetkaziladi.

Bundan tashqari, Ukraina energetika vaziri Denis Shmigal ham avgust oyida Rossiya harbiylari kelayotgan qishda nafaqat energetika tizimlariga, balki suv ta’minoti tizimlariga ham zarba berishi mumkinligini aytgandi: “Avvalgi qishda ular elektr tarmoqlari va isitish tizimlariga zarba bergan, biroq elektr o‘chgan paytda gaz va suv bo‘lsa, yashab qolish mumkin edi. Suv va kanalizatsiyasiz 3 kundan ortiq chidash nihoyatda qiyin”, degan Shmigal.

Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti huzuridagi mudofaa texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha maslahatchisi Sergey Beskrestnov qishda mamlakatda oziq-ovqat yoki yonilg‘i ommaviy tanqisligi kutilmayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy xavf energetika ob’ektlariga berilishi mumkin bo‘lgan zarbalar bilan bog‘liq. Beskrestnov aholini generator va pauerbanklarni narxlar oshishidan oldin xarid qilishga chaqirgan.

Ayni paytda Ukrainada qand lavlagi ekilgan maydonlar mamlakat mustaqillikka erishganidan beri eng past ko‘rsatkichga tushgan. Joriy yilda ushbu ekin 162 ming gektar maydonga ekilgan. Bunga urush emas, jahon bozorida shakarning arzonlashgani sabab bo‘lgan. Shu bois yaqin marketing yilida shakar tanqisligi kutilmayapti.

Manfaatparast AQSH

Rossiya hujumlarni davom ettirar ekan, Kiyevning chidamliligi nafaqat qurol-yarog‘ va havo mudofaasiga, balki energetika tizimini saqlab qolish, aholini zarur resurslar bilan ta’minlash va xalqaro yordamni o‘z vaqtida jalb qilish qobiliyatiga ham bog‘liq bo‘ladi.

Xullas, urush qancha uzoq cho‘zilsa, uning front ortidagi dahshatli hayoti yana odatdagi xavfli manzaraga qaytib, tinch aholining sho‘riga sho‘rva to‘kilishi turgan gap. Parlament saylovlari oldidan tashqi aloqalardagi imijini yaxshilashga tirishayotgan AQSH vositachiligidagi uch kunlik tiyilishdan keyin Rossiyaning Kiyevga bergan yangi zarbalari tinchlik muzokaralarini hali real natijaga aylanmaganini ko‘rsatdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing