Zelenskiyni “kalamushlar” tishlayapti: Bosh prokuror ofisidan dollar to‘la seyf chiqdi
Tahlil
−
20:07 1105 7 daqiqa
Zelenskiyni “kalamushlar” tishlayapti
Ukraina besh yildan ortiq vaqtdan beri urush girdobida. U Rossiya bilan jangni davom ettirar ekan, mamlakat ichida korrupsiya bilan bog‘liq yangi mojarolar kuchaymoqda. Raketa va dronlar hujumiga uchragan va uchrayotgan shahar hamda qishloqlar iqtisodiyoti esa urushning og‘ir yukini ko‘tarishga majbur. Shunday sharoitda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy G‘arb davlatlaridan qurol va milliardlab dollarlik moliyaviy yordam so‘rab, chora izlayotgan bir paytda, mamlakatning yuqori martabali amaldorlari davlat mablag‘larini “talamoqda”.
Tasavvur qiling, bir tomonda ukrainalik askar frontda turibdi. U oilasi va mamlakati uchun kurashyapti. Boshqa tomonda esa davlat budjeti turibdi. Bu pulga qurol sotib olinishi, harbiylar ta’minlanishi, vayron bo‘lgan infratuzilma tiklanishi, elektr tarmoqlari ta’mirlanishi kerak. Davlat mansabdorlari esa o‘sha budjetni yeb yotsa… O‘zi shundoq ham xavfli o‘pqon hisoblangan korrupsiyaning oqibatlari urush davrida yanada og‘irlashadi. O‘g‘irlangan har bir million dollar frontga yetib bormagan dron, sotib olinmagan zirh, ta’mirlanmagan elektr tarmog‘i, yordam kutayotgan oilaga yetib bormagan mablag‘ hisoblanadi. Bu pullarning asl egasi – front va front ortida turganlarga yetib bormasligi esa ularning o‘limiga rozi bo‘lish bilan barobar.
“Jig‘ildon”li seyf
5 sentyabr kuni Ukrainaning Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuraturasi idorasida firibgarlik bilan bog‘liq qo‘ng‘iroq markazlariga homiylik qilish bo‘yicha tergov ishi davomida seyf topilgan. Prokuratura mazkur naqd pul solingan seyfning fotosuratini e’lon qildi. Idoraning Telegram-kanaliga joylangan mazkur suratda balandligi taxminan bir metr bo‘lgan, bir nechta tokchalar va pastki qismida tortma bilan jihozlangan metall seyf ko‘rinadi. Ichkarida eski va yangi nusxadagi 100 dollarlik banknotalar qator qilib joylashtirilgan. Tasvirga qarab xulosa qilinsa, seyf naqd pul bilan taxminan yarmigacha to‘ldirilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, pullarni yiqqanlar firibgar koll-markazlarni himoya qilish evaziga muntazam ravishda pora olib kelgan. Tushunganingizdek, gap oddiy bir korrupsiya epizodi haqida ketmayapti. Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi (NABU) ma’lumotlariga ko‘ra, noqonuniy daromadlar ko‘chmas mulk, qimmatbaho buyumlar va boshqa aktivlarni sotib olish orqali yuvilgan bo‘lishi mumkin. Tergovchilar 20 million grivnadan ortiq mablag‘ ko‘chmas mulk, zargarlik buyumlari va boshqa qimmatli narsalarga sarflanganini, yana 10 million grivnaga yaqin mablag‘ esa boshqa shaxslarning bank hisoblariga joylashtirilganini aytmoqda. Bundan tashqari, kamida 12 million grivnalik aktivlar haqiqiy egalarini yashirish maqsadida uchinchi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgani haqida ham ma’lumot berilgan. Tergov doirasida 5 nafar gumonlanuvchi aniqlangan. Eng e’tiborli jihati esa – tergov Bosh prokuratura rahbariyatigacha yetib borgan. Milliy byuro xodimlari Bosh prokuror Ruslan Kravchenkoning ofisida ham tintuv o‘tkazgan va Kravchenko ofisining kiberdepartamenti boshlig‘i Sergey Krapivani qo‘lga olgan. Kravchenko ushbu jinoiy sxemada bevosita ayblangan bo‘lmasada, uning idorasi tintuvlarni tasdiqlagan, ammo prokuror koll-markazlarni himoya qilishga buyruq bergani, noqonuniy pul olgani yoki ushbu daromaddan foyda ko‘rgani haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar yo‘qligini bildirgan. Kravchenkoning o‘zi esa 6 sentyabr kuni o‘zining jinoiy tashkilotga aloqasi borligini rad etdi.
“E’lon qilingan suhbatlar va mening ulardagi ishtirokimga kelsak, noqonuniy koll-markazlardan mablag‘ olganim va ularni legallashtirishga aloqadorligim haqidagi da’volarni qat’iyan rad etaman.
Suhbatlardan ko‘rinib turibdiki, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning mening noqonuniy koll-markazlardan mablag‘ olish va ularni legallashtirishga aloqadorligim haqidagi avvalgi bayonotlari hech qanday tasdiqqa ega emas. Suhbatlar shunchaki suhbat, pul solingan seyfning surati esa shunchaki pul solingan seyfning surati, xolos. Uning na menga, na prokuraturaga aloqasi bor. Advokatlarning ta’kidlashicha, bu boshqa jinoyat ishi doirasida olingan surat”, degan u.
Bosh prokuror tegishli organlar yoki jamoatchilik o‘zining shaxsiy daromadlarini xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, sun’iy oshirib olgan deb o‘ylayotgan bo‘lsa, qattiq adashayotganini aytgan.
“Safarlarim va oilamning maishiy xarajatlariga kelsak, barcha xarajatlar faqat amaldagi qonunchilik va deklaratsiyada ko‘rsatilgan daromadlarim doirasida amalga oshirilgan, hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilmagan.
AQSH vizasini olish va noutbuk xarid qilish masalasiga kelsak: vizaga oid hujjatlarni rafiqam mustaqil ravishda tayyorlagan va vizani ham o‘zi olgan. Unda yangi noutbuk yo‘q!
Oilamiz ijara huquqi asosida yashayotgan, maydoni 280 kvadrat metr bo‘lgan uyga kelsak: biz bu uyni hali qishda tanlagan edik, biroq u ayrim qo‘shimcha ishlar va jihozlarni sozlashni talab qilgan. Aynan shu kontekstda ustalarning ishlari, signalizatsiya va maishiy texnika masalalari muhokama qilingan. Uyga 2026 yil 1 mayda ko‘chib o‘tganmiz. Doimiy yashash joyim qonunchilikka muvofiq deklaratsiya qilinadi.Mening lavozimim meni tekshiruvdan ozod qilmaydi. Ammo u ayblovlarni faktlar bilan isbotlash talabini ham bekor qilmaydi”, degan u.
Ammo, kuni kecha 7 sentyabr kuni Kravchenko o‘zining Telegram-kanalida siyosiy qarama-qarshiliklar sababli iste’foga chiqish to‘g‘risida hukumatga ariza berganini ma’lum qildi.
“Bu siyosiy qaror. Va men uni ongli ravishda qabul qildim. Bosh prokuror lavozimidan siyosiy qarama-qarshilik vositasi sifatida foydalanilishini istamayman. Menga qo‘yilayotgan ayblovlar bo‘yicha pozitsiyam o‘zgarishsiz qolmoqda.
O‘z ishini halol bajarayotgan hamkasblarimga minnatdorlik bildiraman. Sudlarda ayblovni qo‘llab-quvvatlayotgan, jabrlanganlar bilan ishlayotgan, Rossiya jinoyatlarini hujjatlashtirayotgan va davlat manfaatlarini himoya qilayotgan barchaga rahmat. Sizlarning mehnatingiz hech qanday holatda qadrsizlantirilmasligi kerak”, degan u.
Kravchenko Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiydan o‘zining iste’fo haqidagi arizasini qabul qilishini so‘ragan.
“Menga bildirgan ishonchi uchun Ukraina Prezidenti va Oliy Radasiga minnatdorlik bildiraman hamda lavozimdan ozod etish haqidagi arizamni qabul qilishingizni so‘rayman”, deb qo‘shimcha qilgan u.
Agar jinoyatchilarni jazolashi kerak bo‘lgan tizimning o‘zida mansabdorlar noqonuniy sxemalarda gumon qilinsa, davlatga kim ishonadi, Zelenskiy kimga ishonadi?
G‘arb Ukrainaga ishonmayapti(mi?)
Aslida prokuratura atrofidagi mazkur so‘nggi mojaro Ukrainadagi korrupsiya muammolarining faqat bittasi, xolos. Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosining (NABU) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida idora va Korrupsiyaga qarshi maxsus prokuraturasi (SAPO) 360 ta yangi tergov boshlagan. 107 ta davlat amaldoriga gumon e’lon qilingan. 56 ta ish bo‘yicha 106 nafar ayblanuvchiga nisbatan materiallar sudga yuborilgan. 76 kishi bo‘yicha ayblov hukmlari chiqarilgan. Eng muhimi, bu ishlar oddiy quyi bo‘g‘indagi xodimlar bilan cheklanmagan. NABU hisobotida sobiq Prezident ofisi rahbari, uning sobiq o‘rinbosari va sobiq energetika vaziri kabi yuqori martabali shaxslar ham tilga olingan. Demak, masala birgina “pora olgan amaldor” haqida emas. Gap davlat tizimining yuqori qavatlarigacha kirib borgan korrupsiya o‘pqoni haqida.
“Midas” ishi
Ukrainadagi eng katta korrupsiya mojarolaridan biri sifatida tilga olinayotgan ishlardan biri – “Midas”. Bu ish Energetika sohasidagi korrupsiya va millionlab dollar miqdoridagi noqonuniy mablag‘lar haqidagi gumonlarni o‘z ichiga oladi. 2026 yil fevralida Ukraina korrupsiyaga qarshi organlari sobiq energetika vaziri German Galushchenkoni pul yuvish va noqonuniy to‘lovlar bilan bog‘liq ish doirasida gumonlanuvchi sifatida ko‘rsatgan. Ish Zelenskiyning ichki siyosiy doirasigacha yetib borgan. Yevropa va xalqaro ekspertlar ham Ukrainadagi korrupsiya mojarolari mamlakatning urush olib borish qobiliyatiga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Chatham House ekspertlari Ukrainaga 2026–2027 yillarda taxminan 60 milliard dollar tashqi moliyalashtirish zarur bo‘lishi mumkinligini, korrupsiya mojarolari esa Yevropa davlatlarining Kiyevga mablag‘ ajratish borasidagi ishonchiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini qayd etgan. Bu yerda masalaning eng og‘riqli nuqtasi ham shu. Mamlakat yordam so‘raydi, G‘arb bo‘lsa – berganimiz qani? Yohud bersak, o‘zlaring yeysanlarku degan vajni qo‘yadi. Hattoki, sentyabr oyi boshida Ukraina parlamenti xalqaro moliyaviy yordam bilan bog‘liq muhim soliq qonunini ham qabul qila olmadi. Qonun 226 ta ovoz talab qilgan bo‘lsada, 194 deputat ovoz berdi. Agar qonun yetarli ovozni to‘plab, kuchga kirsa, Ukrainaga yiliga qariyb 10 milliard grivna daromad keltirishi va IMF hamda Yevropa mablag‘larini jalb qilish jarayoniga yordam berishi mumkin edi.
Zelenskiy yolg‘iz qoladi(mi?)
Vladimir Zelenskiy urushning eng og‘ir davrlaridan birida mamlakatni boshqarayotgan Prezident. Uning oldida bir vaqtning o‘zida bir nechta front turibdi. Rossiyaga qarshi harbiy front, G‘arb bilan diplomatik front, Iqtisodiy front va endi korrupsiyaga qarshi ichki front. O‘zi shundoq ham tarang vaziyatda turgan, Rossiyaga qarshi kurashayotgan Ukraina Prezidenti atrofidagilarining yuqoridagi kalamushliklaridan bo‘lsa kerak, allaqachon ularni birin-ketin tozalashga kirishgan. Avgust oyida Zelenskiy o‘ziga yaqin mulozimi – Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Irina Mudrani, iyul oyida Ukrainaning Qirg‘iziston Respublikasidagi elchisi Valeriy Jovtenkoni va mamlakatning Tojikistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valeriy Yevdokimovni, Bosh vazir Yuliya Sviridenkoni, Mudofaa vaziri Mixaylo Fedorovni lavozimidan ozod etdi. Ammo hali hamon Rossiyaga kuniga 1000 ta dron uchirishga qurbi yetadigan, Wildberries logistika markazlarini kulini ko‘kka sovurayotgan Ukraina ichkaridan talato‘p qilinmoqda. Zelenskiy G‘arbdan kutayotgan yordamidan oldin o‘zida borini eplab olishi uchun yana nechtasini ishdan olishi kerak, hozircha bu savol bo‘lib qolmoqda.
Live
Barchasi