Ukainada “QVZchi” armiyani boshqaradi. Qozog‘istonda motam. Zelenskiy urushni tugatmoqchi – Weekend
Tahlil
−
18:48 985 17 daqiqa
Rossiya bilan jang qilayotgan Ukrainaning mudofaa vaziriga “QVZchi” odam o‘rinbosar bo‘ldi. Mas’uliyatli lavozimni egallagan sobiq shoumen endilikda butun armiyadagi raqamli tizimlar va harbiy hisob dasturiy ta’minotlari uchun mas’ul bo‘ladi. Kiyev kadrlar siyosatida kutilmagan va bir qarashda g‘alati tuyilgan bu qarorga sabab nima?
BMT minbariga chiqqan Netanyaxuni 80 dan ortiq davlat boykot qildi. Uning nutqini eshitmasdan namoyishkorona zalni tark etganlarni esa isroillik vakil birma-bir yozib oldi. Bunday “davomat daftaridagi minus” davlatlarga qaysi jihatdan ta’sir qilishi mumkin?
Si Szinpin 11 yil ichida ilk marta AQSHga bordi. Tramp barcha diplomatik protokollarni buzib, Xitoy raisini aeroportning o‘zida dabdaba va favqulodda ehtirom bilan kutib oldi. O‘ziga bino qo‘ygan prezident Xitoy yetakchisiga yaltoqlanishi nimani anglatadi? U nimani kutyapti?
Qozog‘istonda harbiy fojia. Beparvolik sababli 14 ta harbiy halok bo‘ldi. 4 tasi qutqarib qolindi. Mamlakatda motam. Hozircha 5 ta amaldor hibsga olindi. Ularning soni ortishi mumkin.
Si Szinpin AQSHda
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammit xalqaro siyosat haftasidagi eng asosiy voqealardan biriga aylandi. 24 sentyabrga o‘tar kechasi Xitoy yetakchisi uch kunlik davlat tashrifi bilan Amerikaga yetib kelganida, odatdagi protokollar va diplomatik qoidalar bir chetga surib qo‘yildi. Aslida, Vashingtondagi an’anaga ko‘ra, Amerika prezidentlari xorijiy davlat rahbarlarini aeroportda kutib olmaydi – qabul marosimi Oq uyda o‘tkaziladi. Boz ustiga, shu yilning may oyida Tramp Pekinga borganida Si Szinpin uni aeroportda qarshi olmagandi. Biroq Tramp bu safar barcha qoidalarni buzdi: u birinchi xonim Melaniya Tramp bilan birga Endryus qo‘shma harbiy bazasiga shaxsan borib, Xitoy raisini favqulodda ehtirom bilan kutib oldi.
G‘arb ommaviy axborot vositalari ushbu iltifot ortida yashiringan ramziy ma’nolarni va ikki davlat o‘rtasidagi yashirin raqobatni atroflicha tahlil qilmoqda. “The Washington Post” nashrining yozishicha, Trampning bu harakati Pekindagi may oyidagi qabul doirasidan chiqish va Si Szinpinga o‘ziga xos minnatdorlik bildirish, shuningdek, o‘n bir yil ichida Xitoy raisining Vashingtonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifiga alohida ahamiyat qaratish istagidan dalolat beradi. Air China aviakompaniyasining Boeing 747 samolyotidan tushgan Si Szinpin va uning rafiqasi Pen Liyuan uchun B-2 bombardimonchisi hamda F-22 qiruvchi samolyotlari ishtirokida harbiy havo parvozi namoyish etildi. Biroq, bunday balandparvoz ehtirom va dabdabali marosimlar ortida chuqur siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar yotgani sir emas.
“Shu yil boshida Pekinga borganimda Xitoy xalqining mehmondo‘stligini chin dildan his etgan edim. Bugun esa o‘n yildan ortiq vaqt ichida ilk bor Vashingtonga qaytganingizda sizga xuddi shunday ehtirom ko‘rsatishga harakat qildik. Prezident Si bilan ikkimiz ham turli tizimlarga vakillik qilishimizni yaxshi tushunamiz, ammo xalqlarimiz o‘rtasidagi rishtalar doimiydir va biz hech qachon hozirgidek yaxshi chiqisha olmaganmiz. Xalqlarimiz kelajakda hamjihatlik, tinchlik va muvaffaqiyatga erishishini tilayman”, dedi prezident.
Uchrashuv arafasida ikki oylik savdo sulhining uzaytirilgani e’lon qilindi. AQSH Moliya vaziri Skott Bessent tomonlar tariflar va eksport nazoratini kamaytirish bo‘yicha bitimni yakunlash uchun oxirgi muddat sifatida 2027 yilning 10 yanvar kunini belgilaganini ma’lum qildi.
“Kattaroq, keng ko‘lamli bitimga erisha olamizmi yoki yo‘qmi – bilmayman. Amaldagi kelishuv muddatini shunchaki yana uzaytirib borishimiz ham mumkin”, deya ta’kidladi Bessent.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ham tashrif unumli natijalar keltirishiga ishonch bildirdi. Shunga qaramay, ekspertlar ushbu sulhni uzoq muddatli barqarorlik kafolati deb hisoblamayapti. Sulh muddati atigi ikki oyga uzaytirilgani va ba’zi amerikalik mulozimlarning 3–6 oylik takliflariga mos kelmagani sababli, moliyaviy bozorlar bu xabarga xavotir bilan munosabat bildirdi – Xitoyning CSI 300 indeksi 24 sentyabr kuni 1,3 foizga, Osiyo aksiyalarining MSCI indeksi esa 0,7 foizga pasaydi.
“Associated Press” agentligining tahlilida ta’kidlanishicha, Oq uydagi muzokaralar stolida to‘planib qolgan muammolar tugallanmas darajada ko‘p. Tramp administratsiyasi Eronga qarshi iqtisodiy va harbiy tazyiqlarni oshirib, Pekindan Tehronga ta’sir o‘tkazishni talab qilmoqda. O‘z navbatida, Si Szinpin Trampdan Tayvanga qurol sotishni butunlay to‘xtatishni hamda ilg‘or mikrochiplar va sun’iy intellekt texnologiyalariga qo‘yilgan qat’iy eksport cheklovlarini yumshatishni istaydi. Sharqiy Osiyo bo‘yicha sobiq yuqori martabali mulozim Edgard Kagan ikki tarafning parda ortidagi falsafasini o‘zicha izohladi.
“Prezident Tramp vaqt o‘tishi bilan AQSH iqtisodiyoti o‘sib borishiga, sun’iy intellekt va texnologiyalar sohasida muvaffaqiyatlarga erishishiga qat’iy ishonadi. Si Szinpin esa Tramp bilan muzokaralar stoliga o‘tirganida, AQSH shiddat bilan tanazzulga yuz tutayotganiga va vaqt Xitoy tomonida ekaniga qat’iy ishonadi”, dedi u.
Darhaqiqat, har ikki yetakchida ham vaqtinchalik sulhni saqlab qolish uchun ichki siyosiy sabablar bor. Tramp noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar oldidan iqtisodiy muammolardan qochishga urinayotgan bo‘lsa, Si Szinpin ichki iqtisodiy qiyinchiliklar va qayta ishlash sektoridagi muammolarni tartibga solishga muhtoj.
Muzokaralardagi eng nozik va og‘riqli nuqtalardan biri – kamyob yer elementlari masalasidir. Vashington tog‘-kon va qayta ishlash korxonalarini jadal qurayotganiga qaramay, 2030 yillargacha kamyob yer elementlari bo‘yicha Pekinga to‘liq qaram bo‘lib qolaveradi. “Benchmark Mineral Intelligence” konsalting kompaniyasining ko‘rsatkichlariga ko‘ra, AQSHda eng zaruriy elementlarni qazib olish 3 baravardan ziyod oshgan bo‘lsa-da, mamlakat o‘z ehtiyojining atigi 42 foizini qoplashga qodir. Dunyo bo‘yicha ushbu resurslarning asosiy monopolisti bo‘lgan Xitoy eksport cheklovlarini kechiktirish muddatini uzaytirish masalasini asosiy dastak sifatida ushlab turibdi.
Endi uchrashuvning dabdabali ko‘rinishi va uning amaliy natijalari o‘rtasidagi ziddiyatga e’tibor qaratsak. Tramp Si Szinpinga Oq uyning yangi vertolyot maydonchasi va qurilayotgan ball zalini maqtanish bilan ko‘rsatdi, shuningdek, kechki ovqat paytida unga balandligi 90 santimetr bo‘lgan oq boshli burgut haykalini sovg‘a qildi.
“Oq boshli burgut – Qo‘shma Shtatlarning milliy ramzi va Amerikaning erkin hamda parvoz qiluvchi ruhining gavdalanishidir. U Pekinda yaxshi va ajoyib bir o‘rin topadi, deb umid qilamiz”, deya ta’kidladi Tramp.
Shuningdek, Tramp o‘zning Truth Social tarmog‘idagi sahifasida “sun’iy intellekt” iborasi o‘rniga Si Szinpinga ham ma’qul kelgan “super intellekt” atamasini qo‘llashni taklif etib, uchrashuv juda mahsuldor o‘tganini yozdi. Ziyofatga Ilon Mask, Tim Kuk, Sem Altman va jeff Bezos kabi texnologiya gigantlari va milliarderlar taklif etildi. Diplomatik iltifot sifatida Si Szinpin Atlantadagi hayvonot bog‘iga ikkita panda yuborishini e’lon qildi.
Biroq, bu do‘stona, shou uslubidagi diplomatik ko‘rinishlar ortida hech qanday keskin siyosiy burilish yoki burilish yasovchi kelishuv amalga oshmadi. “The New York Times” va “DW” xabarlarida keltirilishicha, Si Szinpin Oq uyda so‘zlagan nutqida ikki gigant davlat “Fukidid tuzog‘i”dan, ya’ni yangi kuchayib borayotgan va mavjud yetakchi mamlakat o‘rtasidagi muqarrar urushdan qochishi kerakligini ta’kidladi.
“Raqobatni tilga olishdan qochmasligimiz kerak, lekin raqobatimiz sog‘lom bo‘lishi va muayyan chegaralarda qolishi lozim. Bu g‘olib yoki mag‘lub bo‘ladigan kurash emas, balki bir-birimizga yetib olish poygasi bo‘lishi kerak”, dedi Si. U Tayvan mustaqilligiga qarshi chiqish talabini yana bir bor takrorladi.
Tramp esa diplomatik yaqinlikni maqtash bilan birga, Amerika texnologiyalar eksportiga qo‘yilgan qat’iy cheklovlarni saqlab qolishini bildirgan. Eron va Ukraina masalalarida ham tomonlarning qarashlari keskinligicha qoldi.
OAV vakillari ushbu sammitni Ronald Reygan va Mixail Gorbachev o‘rtasidagi Sovuq urushni tugatgan tarixiy kelishuvlarga qiyoslashdan yiroq ekanini ta’kidlamoqda. “CNN” ta’biri bilan aytganda, B-2 samolyotlari, qizil gilamlar, haykallar va “super intellekt” haqidagi balandparvoz gaplar ostida har ikki yetakchi ham o‘z pozitsiyasidan bir qadam ham chekinmadi. Tramp tadbirlarni xuddi shousimon televizion dasturdek o‘tkazgan bo‘lsa-da, CNN, MS NOW va Politico kabi yirik nashrlarning Oq uyga kirishini cheklagani sababli telekanallar umumiy lavhalarni uzatishdan bosh tortgani ham uchrashuvning parda ortidagi asabiyligidan nishona beradi. Yakuniy xulosa shuki, Vashingtondagi dabdabali qabul ikki mamlakat o‘rtasidagi chuqur strategik, iqtisodiy va harbiy raqobatni yumshata olmadi – tomonlar shunchaki vaqtni yutish va mavjud taranglikni vaqtincha muzlatib turish bilan cheklandi.
BMTdagi tomoshalar
Nyu-Yorkda 23 sentyabrdan 28 sentyabrgacha bo‘lib o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi joriy haftaning eng markaziy va shiddatli voqeasiga aylandi. Diplomatik maydondagi asosiy voqealardan biri – Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning ushbu nufuzli sammitda shaxsan ishtirok etishdan bosh tortgani bo‘ldi. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa BMT Bosh Assambleyasining asosiy kun tartibidagi nutqini so‘zlab bo‘lishi bilanoq, Si Szinpinni munosib va dabdaba bilan qarshi olish uchun zudlik bilan Vashington tomon oshiqdi. Trampning BMT minbaridan turib so‘zlagan nutqi esa odatdagidek tinchlik chaqiriqlari bilan emas, balki bir qator davlatlar, xususan Eron va savdo urushidagi raqiblariga nisbatan keskin tahdidlar, iqtisodiy va harbiy tazyiq ritorikasi bilan yodda qoldi.
BMTdagi bu kabi keskin diplomatik burilishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tishimiz mumkin edi, biroq ushbu global uchrashuvning boshqa muhim tafsilotlari bo‘yicha alohida tahliliy material tayyorlangan – uni hozir ekranlaringizda paydo bo‘lgan sarlavha orqali topib tomosha qilishingiz mumkin.
Umuman olganda, haftaning bosh mavzusiga aylangan BMT Bosh Assambleyasida asosiy diqqat-e’tibor Yaqin Sharqdagi inqiroz va Falastin xalqining fojiasiga qaratildi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan 190 dan ortiq davlat vakillarining mutlaq ko‘pchiligi – 140 dan ziyod mamlakat ochiqchasiga Falastin pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, mustaqil Falastin davlatini tan olish va harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, 100 ga yaqin davlat BMT Xavfsizlik Kengashining hozirgi tuzilmasi va vetolash tizimi o‘z faoliyatini bajara olmayotganini aytib, tashkilotni tubdan isloh qilish talabini ilgari surdi hamda 120 dan ortiq mamlakat vakillari Isroilning xatti-harakatlarini qat’iy qoraladi.
Vaziyatning eng yuqori nuqtasi esa Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning BMT minbaridagi navbatdagi nutqi boshlanishidan oldin yuz berdi. Netanyaxu taklif etilishi bilan rahbarlar va a’zolar uning nutqiga e’tiroz va norozilik belgisi sifatida zalni birdaniga tark etib chiqib ketishdi. E’tiborli tarafi shundaki, ularning ichida O‘zbekiston delegatsiyasi ham bor. Unga boshchilik qilgan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning tarixiy nutqini ham Qalampir.uz’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Netanyaxu ochiqchasiga boykot qilingach, BMT zalida qolgan Isroil delegatsiyasi vakillaridan biri ushbu jarayondan keyin aynan qaysi davlatlar va qaysi diplomatlar zalni tark etayotganini birma-bir ro‘yxat qilib, o‘ziga xos “davomat” yuritdi. Bu holat katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jahon hamjamiyatida BMT minbarining va undagi xalqaro huquq normalarining nechog‘lik tanazzulga uchrayotgani hamda global diplomatik bo‘linish qanchalik chuqurlashgani haligacha muhokama qilinyapti. Falastindagi qirg‘inlarni oqlagan, Turkiya, Qatar kabi davlatlarni yolg‘onchilikda ayblagan va zalni tark etganlarni “ma’naviy qo‘rqoqlar” deb atagan Netanyaxu o‘zi nimalar dedi degan savolga ham ekranlaringizda paydo bo‘lgan material orqali javob topishingiz mumkin.
“Biz muzokaralarga ochiqmiz”
AQSH Prezidenti Donald Tramp administratsiyasi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni keskin yumshatish hamda tomonlarni muloqot stoliga o‘tqazish bo‘yicha zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 3 ta asosiy taklifni ilgari surdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Axios” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Vashington tomonidan taqdim etilgan rejaga ko‘ra, birinchi navbatda Rossiya va Ukraina o‘rtasida bir-birining energetika infratuzilmalariga zarba berishni to‘xtatish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilishi lozim. Ikkinchi taklif – Qora dengizdagi don yo‘lagi faoliyatini to‘liq qayta tiklashni nazarda tutadi. Uchinchi va eng muhim qadam esa AQSH, Rossiya va Ukraina ishtirokida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uch tomonlama muzokaralar formatini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Axborot manbalarining ta’kidlashicha, Vashington ushbu oliy darajadagi uchrashuv uchun Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrini ehtimoliy maydon sifatida ko‘rmoqda. Ukraina rahbari Kiyev bunday muloqotga tayyorligini bildirdi.
“Biz muzokaralarga ochiqmiz – istalgan joyda va istalgan formatda. Uch tomonlama uchrashuvga kelsak, Amerika tomoni unga tayyorgarlik ko‘rishni va texnik darajadagi uch tomonlama uchrashuvni o‘tkazishni taklif qildi. Biz Amerika tomonidan sana bo‘yicha takliflarni kutyapmiz. O‘tkazilish joyiga kelsak – Qo‘shma Shtatlar BAAni taklif qildi”, deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bunday uch tomonlama sammit dekabr oyida Mayamida o‘tkazilishi rejalashtirilgan G20 sammiti doirasida ham tashkil etilishi mumkin va bu masala Tramp bilan muloqotda atroflicha muhokama qilingan. Biroq Kiyev yetakchisi Moskvaning haqiqiy niyatiga shubha bilan qarashini yashirmadi. U Vladimir Putinning bunday uch tomonlama muloqotdan qochish uchun “albatta biror sabab topishi” mumkinligini, Kreml tinchlik muloqotlariga shunchaki vaqtni yutish vositasi sifatida qarayotganini urg‘uladi.
Garchi rasmiy darajada shubhalar saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, sahna ortida diplomatik tayyorgarlik jarayonlari allaqachon boshlanib ketgan. Rossiya Prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev Nyu-Yorkka yetib kelgan va Vashingtonning so‘nggi takliflarini muhokama qilish uchun AQSHning maxsus vakillari Stiv Uitkoff hamda jared Kushner bilan uchrashishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Nyu-Yorkda Ukraina Prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov, AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff va Kirill Dmitriyev o‘rtasida parda ortida uch tomonlama uchrashuv tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Qiziqarlisi shundaki, Rossiya rasmiy doiralari bunday yashirin uchrashuv rejalashtirilayotganini darhol rad etishga shoshildi. Bu esa diplomatik maydonda tomonlar hali yakuniy to‘xtamga kelmagani va parda ortida savdolashuv ketayotganini anglatadi.
Ayni paytda AQSH Prezidenti Donald Tramp mojaroning iqtisodiy oqibatlariga to‘xtalar ekan, Rossiyadagi vaziyatga keskin va piching aralash baho berdi. Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya tomoniga qaratilgan fikrlarini yozdi.
“Rossiya, afsuski, Ukraina bilan urush tufayli neftni qayta ishlash sanoati ustidan nazoratni yo‘qotdi”, deb yozdi u.
Amerika Prezidentining fikricha, Ukrainaning ketma-ket zarbalari natijasida Rossiyadagi ko‘plab neftni qayta ishlash zavodlari portlatilgan va hozirda ularning salmoqli qismi umuman ishlamayapti. Tramp o‘z bayonotida urushning shafqatsiz statistikasini keltirib, ushbu toqatsiz holatga tezroq nuqta qo‘yilishi kerakligini yana bir bor aytdi.
“Butun dunyo aziyat chekmoqda. Har oy 25 ming kishi, asosan askarlar halok bo‘lmoqda. Bu bema’nilikdan boshqa narsa emas. Qanday sharmandalik!”, deb yozdi Tramp.
Xalqaro ekspertlar va g‘arb matbuotining tahlillariga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining ushbu favqulodda tashabbuslari zamirida doimiy va mustahkam tinchlik o‘rnatishdan ko‘ra, har ikki tomonni muvaqqat kelishuvlarga majburlash istagi yotadi. Trampning neft sanoati va yo‘qotishlar haqidagi bayonoti Moskvaga nisbatan diplomatik bosim o‘tkazish, ya’ni “agar muzokaraga o‘tirmasangiz, iqtisodiyotingiz va infratuzilmangiz yanada achinarli ahvolga tushadi” degan ishorani berishdir. Rossiya tomonining uch tomonlama uchrashuvlarni rad etayotgani va uchrashuvlarni inkor qilayotgani esa Kremlning harbiy harakatlarni to‘xtatmasdan turib, shartlarni o‘zi belgilashga urinayotganini ko‘rsatadi.
Portlashlar davom etmoqda
U yoqda Tramp Rossiya va Ukrainani yarashtirib qo‘yish haqida o‘nlab fikrlarini aytaveradi, bu yoqda esa ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy-siyosiy nizo yangi, yanada shiddatli va kutilmagan tus olishda davom etaveradi. Ikki tomon ham diplomatik parda ortidagi muzokaralar va balandparvoz gaplarga qaramay, amalda bir-birining energetika, sanoat va hatto fuqarolik infratuzilmalarini to‘liq falaj qilishga bor kuch-imkoniyatini safarbar etgan.
Hafta davomida sodir bo‘lgan voqealar vaziyat qanchalik qaltis ekanini yaqqol ko‘rsatdi. 24 sentyabr kuni tunda Ukraina Rossiya hududlariga yirik dron hujumini amalga oshirdi. “Reuters” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa kuchlari tun davomida jami 592 ta dronni yo‘q qilganini e’lon qildi. Biroq ushbu “muvaffaqiyatli aksil-zarbalar”ga qaramay, moddiy va ob’ektiv zararlar ko‘lami ancha katta. Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar hudud ustida 50 ga yaqin dron urib tushirilganini aytsa-da, hujum natijasida Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodi jiddiy shikastlanib, o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Samara viloyatida esa Moskva – Tolyatti yo‘nalishida ketayotgan yo‘lovchi poyezdining elektrovozi hamda birinchi vagoni tashqi ta’sir oqibatida zarar ko‘rib, harakat to‘xtatildi va mashinist jarohatlandi. Bundan tashqari, Belgorod, Perm, Ulyanovsk va Voronej viloyatlarida ham dronlar urib tushirilgani, turli sanoat ob’ektlari hamda elektronika zavodlariga zarar yetib, tinch aholi orasida halok bo‘lganlar va yaradorlar borligi xabar qilindi. Voronej gubernatori Aleksandr Gusev viloyat va unga tutash 6 ta tuman osmonida 88 ta dron yo‘q qilinganini bildirdi.
Bunday yirik zarbalarga javoban Moskva ham shafqatsiz taktikani davom ettirmoqda. Rossiya Qurolli kuchlari Kiyev, Zaporoje va Xarkov yo‘nalishlarida raketa hamda reaktiv dvigatelli uchuvchisiz apparatlar orqali zarbalarni ko‘paytirdi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, poytaxt bo‘ylab uyushtirilgan so‘nggi hujumlar oqibatida jami 5 kishi halok bo‘ldi, 31 kishi jarohatlandi. Solomyanskiy tumanidagi ofis binosi, tibbiyot muassasalari va DataGroup provayderining ma’lumotlar markaziga zarar yetgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiya dronlari hatto mashhur “McDonaldʼs” tarmog‘iga tegishli omborxonaga ham zarba berganini ta’kidladi.
“Jangovar dron – oddiy oziq-ovqat mahsulotlariga qarshi. Rossiya eskalatsiyani muntazam kengaytirmoqda: Amerika va boshqa mamlakatlarning bizneslari, ma’lumotlar markazi, internet provayderlari – kundalik hayotning o‘zi Rossiya uchun nishonga aylandi”, deya bayonot berdi u.
Sanoat va iqtisodiy jabhada ham ahvol nihoyatda og‘ir. Joriy yilning sentyabr oyida Ukraina metallurgiya sanoatida so‘nggi 100 yil ichida ilk bor mutlaq antirekord qayd etildi – mamlakat korxonalari bir tonna ham po‘lat eritmadi. Kiyevdagi Iqtisodiy barqarorlik forumida “Metinvest” xoldingi bosh direktori apparati rahbari Aleksandr Vodoviz ushbu fojiali nol ko‘rsatkichni e’lon qilar ekan, bunga Rossiyaning “Zaporojstal” kabi asosiy metallurgiya va energetika infratuzilmalariga bergan raketa zarbalari sabab bo‘lganini aytdi. Vodoviz hukumat taklif etayotgan arzimagan 2–5 million grivnalik yordamni keskin tanqid qilib, bitta sanoat pechining qiymati 500 million dollar turishi va uni ishga tushirishning o‘zigayoq 50 million dollar kerakligini eslatdi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakat eksportining asosiy ustuni bo‘lgan metallurgiya butunlay falajlangan.
Jang maydonidagi ushbu mantiqsizliklar va vayronagarchiliklar fonida Kiyev kadrlar siyosatida kutilmagan va bir qarashda g‘alati qarorlarni qabul qilmoqda. 2015 yilda “Hazilkashni kuldiring” shousida g‘olib chiqqan va ilgari “Mamaxoxotala” yumoristik studiyasi aktyori bo‘lgan qiziqchi Aleksey Reva Ukraina Mudofaa vazirining raqamli transformatsiyalar va raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan sobiq shoumen endilikda butun armiyadagi raqamli tizimlar va harbiy hisob dasturiy ta’minotlari uchun mas’ul bo‘ladi. Armiya taqdirini qiziqchi qo‘liga topshirish kabi ushbu qadam xalqaro kuzatuvchilar va siyosiy tahlilchilar orasida istehzoli munosabatlarga sabab bo‘lmoqda. Ammo unutmaslik kerakki, Zelenskiy ham prezident bo‘lguniga qadar bizning tilda aytganda – QVZchi bo‘lgan.
Harbiy frontdan tashqari, diplomatik va maxfiy parda orti o‘yinlari ham qizg‘in tus olgan. BMT Bosh assambleyasi doirasida Britaniya Bosh vaziri Endi Bernem bilan uchrashgan Vladimir Zelenskiy Telegram-kanalida Rossiyaning kutilmagan sovg‘asi haqida yozdi.
“Hozir Rossiya Ukrainaga yangi ommaviy hujum tayyorlayotgani haqida razvedka ma’lumotlari bor. Jang maydonidagi vaziyat Putin uchun muvaffaqiyatli emas. U g‘alaba qozonayotgani yo‘q, bu haqiqat. Ammo u mag‘lub ham bo‘layotgani yo‘q, chunki uning uchun insonlarning halok bo‘lishi mag‘lubiyat hisoblanmaydi”, deya ta’kidladi u.
Rossiya rahbariyati o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlashni yangi bosqichga olib chiqmoqda. “BBC” nashrining aniqlashicha, Sochida Vladimir Putinning ilgari buzib tashlangan “Bocharov ruchey” qarorgohi o‘rnida FXX nazorati ostida yangi va ancha ulkan kompleks qurilishi yakunlanmoqda. 2024 yilda dronlar hujumi xavfi sababli buzilgan qarorgoh o‘rnida 2026 yil kuziga kelib yangi binolar qad rostladi. Arkadiy Rotenberg bilan bog‘lanadigan pudratchilar tomonidan qurilayotgan ushbu majlislar va qarorgoh ob’ekti atrofida FXX 3 kvadrat kilometrdan ortiq maxsus qo‘riqlanadigan hudud barpo etmoqda. Ukraina dronlari Moskva osmonida bemalol uchgan holatlarga ham guvoh bo‘ldik. Shundan kelib chiqsak, bu imorat bejizga qurilmadi.
Qozog‘istondagi fojia
Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida ro‘y bergan dahshatli fojia hafta davomida dunyo mediasida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi. 24 sentyabr kuni Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlarining harbiy xizmatchilari rejalashtirilgan o‘quv-janggovar topshiriqni bajarishayotgan paytda kuchli shamol kuzatilgan va to‘lqinlar ko‘tarilgan. Oqibatda dengiz suvi va dovul harbiy xizmatchilarni oqizib ketgan.
Rasmiy ma’lumotlardagi dastlabki chalkashliklar ham e’tiborni tortmay qolmaydi. Mudofaa vazirligi dastlab 19 nafar harbiy xizmatchi dengizga oqib ketgani va ulardan 9 nafari halok bo‘lganini ma’lum qilgan bo‘lsa, keyinchalik Mang‘istau viloyati hokimligi suvga oqib ketganlar soni 17 nafar ekanini bildirdi. Biroq raqamlar qanday o‘zgarmasin, fojia ko‘lami kamaygani yo‘q. Askarlardan 14 nafari halok bo‘ldi va atigi 3 kishi qutqarib qolingani ma’lum qilindi.
Hodisa ortidan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalariga va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda fojianing kelib chiqish sabablarini har taraflama sinchiklab tergov qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Holat yuzasidan zudlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ushbu fojia sababli Oqtau shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha tantanali va bayram tadbirlari zudlik bilan bekor qilindi. Qozog‘iston Prezidentining tegishli farmoyishiga muvofiq, 25 sentyabr kuni butun mamlakat bo‘ylab umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi. Mamlakat bo‘yicha davlat bayroqlari tushirilib, ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar to‘xtatildi.
Qo‘shni davlatdagi ushbu og‘ir yo‘qotishga O‘zbekiston ham befarq qolmadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kaspiy dengizida harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan Qosim-Jomart To‘qayevga va birodar Qozog‘iston xalqiga chuqur hamdardlik yo‘lladi hamda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga sabr-toqat dildoshligini bildirdi.
Tergov harakatlari esa uzoq kuttirmadi. 25 sentyabr kuni Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi tarqatgan rasmiy axborotda aytilishicha, fojia ortidan Mudofaa vazirligining 5 nafar yuqori martabali va mas’ul mansabdor shaxsi qo‘lga olingan.
“Xizmatga sovuqqonlik bilan qarash va kemani boshqarish qoidalarini buzish, og‘ir oqibatlarga olib kelish bilan bog‘liq jinoiy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda gumonlanib, Qozog‘iston Respublikasi Qurolli kuchlarining oliy va katta qo‘mondonlik tarkibidagi mas’ul mansabdor shaxslari ushlandi”, deyiladi IIV xabarida.
Qo‘lga olinganlar orasida Harbiy-deniz kuchlari bosh qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, ikki nafar harbiy qism komandiri, dengiz piyodalari rotasi hamda kater komandirlari bor. Ularning barchasi gumonlanuvchi tariqasida Oqtau shahar politsiya boshqarmasining vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
Live
Barchasi