Rossiya droni Kiyevdagi Fanlar akademiyasi binosiga urildi (video)

Olam

−

image

Bugun, 28 sentyabr kuni Kiyev markazida Rossiya droni Ukraina Milliy fanlar akademiyasi binosiga borib urildi. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, zarba oqibatida binoda yong‘in chiqib, kamida bir nafar ayol halok bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida yaralanganlar ham bor. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda hujum paytida bino ichida odamlar bo‘lgani ko‘rinadi. Ular yong‘in ichida qolgan binodan derazalar orqali chiqishga uringan.

Nashrga ko‘ra, Fanlar akademiyasi binosidan taxminan 300 metr masofada Germaniya elchixonasi va “Ukrtelekom” kompaniyasi ofisi joylashgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham hujum haqida bayonot berdi.

“Rossiyaning Ukraina Fanlar akademiyasi binosiga hujumi. Hozir qutqaruv ishlari olib borilmoqda, yong‘in o‘chirilmoqda, binoda bo‘lishi mumkin bo‘lgan odamlar qidirilmoqda. Barcha xizmatlar jalb etilgan”, deb yozgan Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.

Uning qayd etishicha, bugun Kiyevda farmatsevtika kompaniyasi va benzin to‘ldirish shoxobchalariga, Dneprda esa biznes markaziga hujum qilingan. Boshqa shaharlar va hududlarda fuqarolik ob’ektlari, korxonalar va aloqa ob’ektlari nishonga olingan.

“Afsuski, halok bo‘lganlar ham bor. Mening chuqur hamdardligimni ularning oila a’zolari va yaqinlariga yetkazaman”, degan Ukraina Prezidenti.

Shuningdek, Zelenskiy Rossiya ushbu hujumlar uchun javob berishi kerakligini ham ta’kidlagan.

“Ukraina hamkorlarining har biri bu vahshiylik va bunday hujumlar orqali quyidagi narsani tushunishi kerak: Ukrainaga ko‘mak berish — bu odamlarning hayotini qo‘llab-quvvatlash, terror hech qachon va hech joyda normallashtirilmasligi kerak”, deb yozgan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya sodir etgan barcha hujumlari uchun javob berishi va haqiqiy oqibatlarga duch kelishi kerak.

Ma’lumot uchun, Kiyevdagi Ukraina Milliy Fanlar akademiyasi Prezidiumi binosi milliy ahamiyatga ega tarixiy yodgorlik hisoblanadi. 1850 yillarda qurilgan ushbu bino 1919 yilda Ukraina Fanlar akademiyasiga o‘tkazilgan. 1918 yilda tashkil etilgan Ukraina Milliy Fanlar akademiyasi mamlakatning eng yuqori ilmiy tashkiloti bo‘lib, tabiiy, texnik, ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha tadqiqotlarni olib boradi. To‘liq ko‘lamli urush davrida akademiyaning 300 dan ortiq ob’ekti vayron qilingan yoki shikastlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumlari oqibatida Sumi va Xarkov shaharlarida uch kishi, Kiyev yaqinidagi bozorga zarba berilishi natijasida esa yana ikki kishi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing