Rossiya tahdidi: NATO davlatlari aholini evakuatsiya qilish rejasini tayyorlamoqda
Olam
−
20:22 1172 2 daqiqa
NATO mamlakatlari Rossiya tahdidi sababli aholini evakuatsiya qilish rejasini tayyorlamoqda. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Suvalki koridori – Belarus hududidan Kaliningrad viloyatigacha o‘tadigan Litva-Polsha chegarasining taxminan 100 kilometrga yaqin qismi bo‘lib, NATOning “axilles tovoni” (eng ojiz nuqtasi) hamda alyansning sharqiy qanotida Rossiyaning asosiy potensial nishonlaridan biri hisoblanadi. G‘arb razvedka xizmatlarining Rossiya Prezidenti Vladimir Putin NATO mamlakatlariga qarshi qurolli harakatlargacha bo‘lgan eskalatsiyaga borishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlari fonida, Litva va Polsha Rossiya hujumi yuz bergan taqdirga mo‘ljallangan rejalarni tayyorlamoqda.
Vilnyus va Varshava aholini Suvalki koridori orqali evakuatsiya qilish yo‘nalishlarini tashkil etish uchun protseduralar, logistika va infratuzilmani tayyorlamoqda. Chegaradagi mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun 20 ga yaqin polshalik xodim Litvaga yetib borgan. Sinovlarda Litva xizmatlarining 3000 ga yaqin xodimi va 1000 nafar volontyor ishtirok etmoqda. Mamlakatlar ushbu rejalarni amalga oshirish uchun asos bo‘luvchi ikki tomonlama bitim ustida ishlamoqda.
“Bu rejalar, shuningdek, zarurat tug‘ilganda Latviya va Estoniya aholisini ham evakuatsiya qilishni ko‘zda tutadi”, deydi Litva Inqirozli vaziyatlarni boshqarish milliy markazi direktori Vilmantas Vitkauskas.
G‘arb maxsus xizmatlarining ogohlantirishicha, Putin Davlat dumasiga saylovlardan so‘ng “yashirin safarbarlik” uchun zamin tayyorlamoqda, ushbu jarayonda xizmatga minglab rossiyaliklar chaqirilishi mumkin.
“Biz, agar shunday qaror qabul qilinsa, uni amalga oshirish imkonini beruvchi ma’muriy tayyorgarlikni kuzatmoqdamiz”, deydi ulardan biridagi manba “The Telegraph” nashriga.
Vitkauskasning aytishicha, Litva, shuningdek, harbiy harakatlar sodir bo‘lgan taqdirda, o‘z safarbarligini ta’minlash va “muhim asosiy lavozimlarni egallagan shaxslarning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olish” maqsadida Polsha bilan chegarada nazorat joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya hukumati ko‘p yillardan beri birinchi marta yirik qurolli nizo uchun mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasini yangilagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi