Tatyana Karimova Mirziyoyevni g‘alaba bilan tabrikladi
Jamiyat
−
10 iyul 2023
17081O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova kecha, 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida g‘alaba qozongani va yana 7 yillik muddatga O‘zbekiston Prezidenti lavozimini egallagani munosabati bilan Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi. U o‘z tabrigini Instagram’dagi sahifasi orqali yo‘llagan.
“Prezidentimiz Shavkat Miramonovichni ishonchli g‘alabasi bilan tabriklayman.
Uning rahbarligida Yangi O‘zbekiston ham mamlakat ichida, ham xalqaro miqyosda ulkan yuksalishlarga erishmoqda. Uning oqilona siyosati tufayli yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda.
Shavkat Miramonovichga O‘zbekistonni yangi yutuq va muvaffaqiyatlar yo‘lida yanada yuksak cho‘qqilarga yetaklab borishini tilayman”, deb yozgan Karimovning 74 yashar bevasi.
Tatyana Karimovaning ijtimoiy tarmoqlardagi so‘nggi postlaridan biri qamoqda qolayotgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani ko‘rishga izn berilmayotgani haqida bo‘lgan edi. U joriy yilning 17 iyun kuni nabirasi Imonni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash asnosida, shunday degan edi:
“Nevaram Imonni 25 yoshni qarshi olgani bilan tabriklayman. Baxt, farog‘at, mehr-muhabbat tilayman. Lekin afsuski, bugungi go‘zal kun quvonchi to‘kis emas. 21-jazoni ijro etish koloniyasidagi qizim Gulnorani ko‘rishga ruxsat berilmadi…”
Keyinroq Tatyana Karimova ushbu postini tarmoqdan o‘chirib tashlagan.
Bugungacha Tatyana Karimova to‘ng‘ich qizi haqida umuman gapirmagan. Islom Karimovning dafn marosimida ham na Gulnora Karimova va uning farzandlari ko‘rinish bergan. Gulnora Karimova esa 2013 yilda o‘ziga bir qator ayblovlar qo‘yilishi va unga oid tashkilotlar yopilishida onasini ayblab chiqqandi.
LiveBarchasi