Pedofillarga eng og‘ir jazoni qo‘llagan bo‘lardim – Prezident maslahatchisi

Jamiyat

Bugun huquq-tartibot idoralari bergan ma’lumotlarni o‘qir ekansiz, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, voyaga yetmaganlarni zo‘rlash, ayollarning o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganiga guvoh bo‘lasiz. Sizu bizgacha yetib kelayotgan va xabarimiz bo‘layotganlarining o‘zidan dahshatga tushyapmiz. Afsuski, bu mavzularni, muammolarni doim ham muhokama qilish, ovoz chiqarib gapirishga o‘rganmagan xalqmiz. 

Pedofiliyaga oid katta va kichik voqealarga kunda bo‘lmasa ham kunora duch kelyapmiz. Biroq ularning orasida Toshkentning Yangihayot tumanidagi 12 yashar qiz va Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining amaldorlar tomonidan zo‘rlanishi bilan bog‘liq holatlar odamlarni sergak torttirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda aynan pedofillar masalasiga to‘xtalar ekan, bu jinoyatni sodir etganlarga eng og‘ir jazo berish kerakligini ta’kidladi.

“Pedofiliya bu – fojia. Buni bartaraf qilish kerak. Menda shaxsiy fikr bildirishga vakolat yo‘q. Lekin pedofillarga eng og‘ir jazoni qo‘llagan bo‘lar edim. Bu kabi odamlar bilan muloqot ham qilish kerak emas. Murg‘ak bolaning hayotini barbod qilish bu – dahshat. Ertaga u kim bo‘ladi? Bunday [pedofiliya qurboni bo‘lgan] bolalar ruhiy tomondan mayib, majruh bo‘ladi. Bunga kim javob beradi? Nafs yo‘liga kirmasdan shu masalalarni o‘ylash kerak. Birinchi navbatda nafsni tarbiyalash kerak. 

Bizda tariqat yo‘nalishlari, ta’limotlari – Naqshbandiya, Yassaviya, Kubroviya yoki boshqa yo‘nalishlarimizda darg‘alarimiz bo‘la turib, nafs tarbiyasini butun dunyoga ko‘rsata turib, nima uchun o‘zimizni tarbiya qilmaymiz. Pedofil amaldor bo‘ladimi, puldor bo‘ladimi, oddiy nafsiba’d bo‘ladimi, kim bo‘lgan taqdirda ham [qilayotgan ishini] o‘ylashi, tafakkur qilishi kerak. Qonunlarimiz kuchli, lekin ularning ijrosini ta’minlash hammamizning vazifamiz”, deydi Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi 7 oy ichida O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlarning zo‘rlanishi bo‘yicha bir necha voqealar yuz berdi. Masalan, Toshkent shahri Yangihayot tumanida 12 yoshli qiz uyida ishchi bo‘lib ishlagan erkak tomonidan avval zo‘rlanib, keyin o‘ldirildi. Bundan tashqari, Chilonzor tumanida bog‘cha bolalari mudiraning o‘g‘li tomonidan shilqimlikka uchradi. Bu kabi holatlar haqida QALAMPIR.UZ'ning quyidagi maqolasida o‘qishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

zo'ravonlik Pedofillar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made