Xo‘rlangan, zo‘rlangan, o‘ldirilgan... Zulmga duchor bo‘lgan yil bolalari

Tahlil

image

Bugun, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Aslida bolalar himoyasi, huquqlari haqida yilning aynan ma’lum bir kunida emas, balki har bir soatda, har bir daqiqada qayg‘urish o‘ta muhimdir. Har doim hukumat yig‘ilishlarida, turli xil xalqaro anjumanlarda bolalarni asrash va ularning huquqlarini poymol qilmaslik haqida baralla gapiriladi. O‘zbeklar bolajon xalq ekanligi maqtalib, bir bolaga yetti mahalla ota-ona bo‘lishi kerakligi urg‘ulanadi. Ammo O‘zbekistonda bolalar huquqlari amalda nechog‘lik ta’minlanmoqda? Bu yo‘nalishdagi muammo, kamchilik va xatolarga ko‘z yumilmayaptimi?

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda O‘zbekistonda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 10,5 mln dan ziyodni tashkil etmoqda.

Statistikaga ko‘ra, 2022 yilga kelib bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning oldini olish xalqaro indeksida O‘zbekiston oldingi yilga nisbatan 7 pog‘onaga pastlagan, ya’ni 59 davlat ichidan 58-o‘rindan joy olgan.

Ha, bu o‘rin qaysidir ma’noda O‘zbekistonda bolalar huquqi sohasi qay daraja ekanini ko‘rsatib beradi. Bugun yilning oltinchi oyi boshlandi. Shu qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda qanchadan qancha bolalar zo‘ravonlik, qotillik, nomusga tegish kabi jinoyatlarning qurboniga aylandi. Bugun QALAMPIR.UZ ushbu maqolada kattalarning qurboniga aylangan begunoh yil bolalari haqida so‘z yuritadi.

Bog‘chadagi dahshatlar

Odatda bolalar bog‘chalari deganda ko‘z o‘ngimizga xavfsiz, go‘daklar kulgusiga to‘la joy keladi. Ammo har doim ham tasavvur qilganlarimiz o‘ylaganimizdek bo‘lib chiqmaydi. Chilonzordagi bog‘chalardan birida shilqimlikka uchragan qizaloqlar voqeasi jamoatchilik orasida ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, voqea qanday yuz bergandi? Chilonzor tumanida joylashgan 230-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida 4 nafar qizaloq tegajog‘lik qurboniga aylandi. Bog‘cha mudirasining 11-sinf o‘g‘li 4 nafar qizchani uxlashga yotganidan so‘ng, ularga turli xil tegajog‘liklar qilgan. Qarshilik bildirgan bolalarni esa qo‘rqitgan. Ushbu holatdan jabrlanuvchi qizchalarning ota-onalari xabar topib, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Shundan so‘ng 15 yoshli yigitga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ish ochildi. Bundan tashqari, bog‘cha mudirasi ham ishdan olindi. Xo‘sh, bu bilan jabrlanuvchi bolalarning ruhiy holati avvalgidek bo‘ladimi, ularning ota-onalari farzandlarini yana bog‘chalarga ishonib topshira oladimi?

Bundan tashqari, bog‘chada bolalar “bog‘cha opa”laridan kaltak yeyayotgani, qiynoqqa solingani haqida ham tez-tez eshitamiz. Ehhe, shunga o‘xshash voqealarni sanashga barmog‘imiz yetmay qoldi. Bunday holatlarning jamiyatda ko‘p uchrayotgani maktabgacha ta’lim tashkilotlari sohasi islohotga muhtoj ekanini ko‘rsatib beradi.

Muslima voqeasi

Toshkentda yanvar oyi oxirida ko‘pchilikning qalbini larzaga solgan voqea yuz berdi. Yangihayot tumanida 12 yoshli qiz maktabdan qaytayotganida qo‘shnisi bo‘lgan erkak uni kuzatib kelib, aldab mahallasidagi tashlandiq joyga olib ketgan. 29 yoshli erkak voyaga yetmagan qizni avval zo‘rlab, keyin o‘ldirib ketadi.

Qiz kelavermaganidan so‘ng uning oilasi xavotirga tushib, qidira boshlaydi. Voqeadan bexabar ota-onaga qotil ham qizni izlashda yordam beradi va to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itib boshqa tomonlarga yo‘naltiradi. Tasavvur qilyapsizmi, qotil hech nima bo‘lmaganday xotirjam holda shunchaki oilani manzilidan adashtirib yuboradi.

Bolasini zo‘rlab o‘ldirilgan holda topgan onaning ahvoli esa qalblarni junbushga keltirdi.

Ha, bu voqeadan so‘ng qotil erkak jinoiy javobgarlikka tortilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Ammo Muslima endi oramizda yo‘q…

Xorazmlik pedofil amaldorlar qissasi

Mehribonlik uyi. Bu so‘zni eshitganimizda xayolimizga ota-onasidan yetim qolgan, turli xil sabab bilan tashlab ketilgan davlat himoyasidagi bolalar keladi. Ammo “Onangni qozi so‘ksa, dodingni kimga aytasan?” deganlaridek, “davlat”ning o‘zi ularga xiyonat qilsa, kimga ishonish kerak?

Xo‘sh, Xorazmda ro‘y bergan pedofil amaldorlar qissasi qanday boshlangandi?

Gap shundaki, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Aybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Anvar Quryazov viloyat Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari Yu.X. bilan til biriktirib, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zo‘rlab kelgan. Muttasil tarzda zo‘rlab kelingan mehribonlik uyining 3 nafar qizlari voyaga yetmagan bo‘lib, 15-17 yoshli qizlar bo‘lgan. Ularning “katta oyi”si majburlab, ikki amaldorning qo‘liga topshirgan. Bunga rozi bo‘lmagan qizlarni esa mehribonlik uyi direktori turli xil qiynoqlarga solgan. Masalan, qizlardan birining ukasini kaltaklagan, yana birini esa xonaga qamab, och qoldirgan.

Ushbu jirkanch holat 2022 yilda yuz bergan bo‘lib, sud jarayoni imi-jimida o‘tkazib yuborilgan. Jinoyatchilarga sud tomonidan berilgan jazo esa odamni ham yig‘lashga, ham kulishga majbur qiladi. Ya’ni Aybek Masharipov va Anvar Quryazovga nisbatan 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Tushunyapsizmi, ikki amaldor bir necha voyaga yetmagan qizlarning hayotini qora sahifaga bulg‘aganu, lekin ular atigi 1 yildan oshiq uy qamog‘ida (shu ham bo‘lsa tunda uyidan chiqmaslik) o‘tirish jazosini olgan.

Qizlarning “katta oyi”si esa 5 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan kifoyalangan.

Bu voqeadan jamoatchilik xabar topgandan so‘ng amaldorlarning ishi Toshkentdagi sudda qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. “Urushdan so‘ng qahramonlar ko‘payadi” deganlaridek, bu holatdan keyin bir necha amaldorlar pedofillarni yomonlab chiqdi. Ammo endi qizlarning ruhiy va jismoniy holati avvalgidek bo‘ladimi, jamiyatda o‘zlarini erkin va xavfsiz his qila oladimi? Bu bizga qorong‘u, ammo bu voqea jamiyatning qora nuqtasiga aylandi.

Sergeli fojiasi

Xo‘sh, yuqoridagi voqeada bolalarga ularning qo‘shtirnoq ichidagi “katta oyi”si xiyonat qilib, ularni pedofillarni qo‘liga topshirgandi. Eh, shu qizlarning ota-onasi bo‘lganda bu mudhish voqealar yuz bermagan bo‘lardi deyishingiz mumkin. Ammo ota-onalar ham o‘z bolalarining qotiliga aylanishi mumkin.

Joriy yilning 3 aprel kuni Toshkent shahar Sergeli tumanida 27 yoshli ayol 3 nafar farzandi bilan o‘zini 9-qavatdan pastga tashlagan edi.

Bu voqeada hech kim tirik qolmadi. Tasavvur qilyapsizmi, onaning bu qarori bilan nafaqat o‘zi, balki 3 kelajak avlod ham halok bo‘ldi. Ushbu fojia jamiyatda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Ba’zilar onani, ba’zilar ularga e’tibor bermagan otani tanqid qilib chiqdi. Shuningdek, jamoatchilik onaning bu holatga kelishi ruhiy bosimlar tufayli yuz berganini ham ta’kidladi. Ammo ayol birinchi navbatda ona edi, u hali hayotning to‘la quvonchini ko‘rmagan jigarbandlarining umriga zomin bo‘lmasligi kerak edi. Bu holatga aslida nima sabab bo‘lgani bizga qorong‘u. Ammo uch nafar go‘dak kattalarning qurboniga aylandi.

Nima qilish kerak?

2022 yilgi statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda go‘daklar o‘limi bo‘yicha koeffitsiyent 8,7 foizni tashkil qiladi. Xorazm va Andijon viloyatlarida eng ko‘p bolalar o‘limi kuzatilgan. Shuningdek, besh yoshga to‘lmasdan vafot etish ko‘rsatkichi har 1000 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan 25 tani tashkil etadi.  Yillar bo‘yicha statistikaga qarasak, holat yaxshilanib borgan. Ammo bu natija bilan maqtana olmaymiz. Xo‘sh, O‘zbekistonda bolalar o‘limini kamaytirish, ular yashayotgan jamiyatni xavfsiz qilish uchun nimalar qilish kerak?

Umuman olganda bolalar xavfsizligini ta’minlash, ularning himoyasini kuchaytirish, o‘lim holatlarini kamaytirish uchun birgina aspekt yetarli bo‘lmaydi. Birinchi navbatda tug‘ilish va oilani rejalashtirishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Oilada mehr va e’tibor, moddiy ta’minlash teng taqsimlanishi kerak. 

Shuningdek, onalar va bolalarning jismoniy, ruhiy salomatligi nazoratda bo‘lishi, bolalar oziqlanishi ta’minlanishi zarur. Bolalar ta’limi va tarbiyasida ham onaning, ham otaning teng ishtirok etishi muhim masaladir. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, eng muhim jihatlardan biri bu mamlakatda voyaga yetmaganlar huquqini ta’minlovchi, ularni himoya qiluvchi qonunlarning amalda ishlashidir.


Maqola muallifi

Teglar

pedofil amaldorlar Sergeli fojiasi Muslima voqeasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made