Komilovning o‘g‘li tarix ustidan saroy quryapti
Tahlil
−
06 iyul 2023
36516Prezident maslahatchisining o‘g‘li Toshkentda “Kreml”monand mehmonxona quradi. Ha, to‘g‘ri eshitdingiz – Toshkentda yana bir haybatli mehmonxona qad rostlaydi. Mehmonxona lokatsiyasi sobiq Davlat xavfsizligi xizmati binosi.
Orangizda “iya, DXXning sobiq binosi Madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatida edi, qanday qilib mehmonxona quriladi?” deydiganlar ham topiladi. Quriladi. Qanday qilib, kim tomonidan ekanini QALAMPIR.UZ surishtiruvini ko‘rib bilib olasiz.
Inshoot madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatida bo‘lganmi?
DXXning sobiq [“Markaziy bino”] binosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabridagi 846-sonli qaroriga ko‘ra, arxitektura yodgorligi sifatida ro‘yxatga olingan, hamda ushbu qarorda mazkur bino badiiy yoki o‘zga madaniy qimmatliligi tufayli unga garov va ipoteka qo‘llanilishi mumkin emasligi qayd etilgan. Shuningdek, hujjatda O‘zbekistonning barcha viloyat va tumanlaridagi moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxatini ham ko‘rish mumkin.
Madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatida bo‘lgan binoni xususiylashtirish mumkinmi?
“Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasida Davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros ob’ektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi ham belgilab qo‘yilgan.
Bino nima uchun sotuvga qo‘yildi?
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2021 yilning 10 aprel kuni Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Sayilgoh ko‘chasida joylashgan “Markaziy bino”sining binosi uchun ommaviy savdolar jarayonlari boshlanganini e’lon qiladi.
Moddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatida bo‘lgan va aslida sotish mumkin bo‘lmagan binoning nima uchun sotuvga chiqarilganiga quyidagi hujjatni asos qilish mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida Xususiy sektorga sotiladigan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxati keltirilgan. Bu ro‘yxatdan Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasidagi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq binosi borligini ham ko‘rish mumkin. Demak, bu madaniy meros ob’ekti o‘z-o‘zidan emas. Shaxsan Prezident imzolagan farmon bilan sotuvga chiqarilgan.
Madaniy meros agentligi kattalari nima deydi?
Shu bilan bino xususiylashtirilishiga oid turli gap-so‘zlar tingani yo‘q. 2021 yilda xususiylashtirilishi aniq bo‘lgan sobiq DXX binosi nima uchun sotuvga qo‘yilgani joriy yilning 9 mart kuni AOKAda Madaniy meros agentligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
“Sobiq DXX binosi madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarilishiga investitsiyalar dasturiga tushgan ob’ekt hisoblanishi sabab bo‘lgan. Bino davlat muhofazasida turgan ob’ekt, lekin davlat mulki emas. Bino xususiylashtirildi”, deydi Madaniy merosni asrashga doir ishlarni litsenziyalash, ruxsatnoma berish, ilmiy-texnik nazorat qilish boshqarma boshlig‘i Bahodir Haqqulov.
Haqqulovga ko‘ra, bino madaniy meros ro‘yxatidan chiqarildi degani butkul o‘chirildi degani emas, aksincha inshootni saqlab qolish bo‘yicha nazorat olib boriladi.
Bino madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarilgani, davlat balansidan nima uchun xususiy sektorga o‘tkazilganini tushundik. Ammo Madaniy meros agentligi xodimlari bino to‘liq buzilib, o‘rnida haybatli mehmonxona qurish reja qilingani va loyiha allaqachon tasdiqlanganidan xabari yo‘q, chog‘i. Xabari bo‘lganda binoni saqlab qolish bo‘yicha nazorat olib boriladi, deyishmasdi har holda.
DXX binosini kim sotib oldi?
Yuqorida aytganimizdek, DXXning sobiq binosi auksionda 210 milliard so‘mga “Metropol Group” kompaniyasiga sotilgan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 2,2 gektarni, bino va inshootlar maydoni hududi esa 40 243 kvadrat metrni tashkil qiladi. Mazkur hududda injinerlik aloqa tarmoqlari (suv, gaz, elektr, issiqlik ta’minoti) mavjud.
Auksionda g‘olib bo‘lgan kompaniya kimga tegishli?
DXX binosiga egalik qilgan “Metropol Group” kompaniyasining 100 foiz ulushga ega ta’sischisi Doniyor Abdulazizovich Komilov. Sharifi sizga tanish tuyilgan shaxs 2012 yildan 2022 yilning aprel oyiga qadar O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri, 2022 yilning aprelidan boshlab Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2022 yilning iyunidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili lavozimini egallagan Abdulaziz Komilovning o‘g‘li hisoblanadi.
Yozuvchi Safar Bekjon DXX sobiq binosi ostida krematoriylar borligini aytmoqda
Yozuvchi Safar Bekjon 2021 yilda "Amerika ovozi"ga bergan intervyusida DXX sobiq binosiga kirish va arxiv hujjatlarini ko‘rishga uringanini aytadi. Uning ta’kidlashicha, bu binoda o‘sha vaqtda foydalanilgan krematoriylar bo‘lgan va shu sababli ham bu inshoot begona qo‘lga topshirilmagan.
“Binoda dastlab, VCHK, NKVD, KGB tashkilotlari va O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin xavfsizlik xizmati, keyinchalik Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari faoliyat olib bordi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin yozuvchilar, tarixchilar bir nechta jamoat faollari bilan birga 1937 yil NKVD vaqtidagi hujjatlarni o‘rganish uchun Oliy sovet deputatlari orqali bino ostida joylashgan arxivga kirishga ruxsat so‘radik. Afsuski, shu vaqtgacha KGB bilan hamkorlik qilib kelganlargina ichkariga kira oldi. Surishtiruv shu bilan tugamadi. Keyinchalik 1996 yilga kelganda aniq o‘rgandik. Binoning ostida 3 qavat arxiv uchun ajratilgan. Bu arxiv esa Rossiya arxivi deyilar ekan. Rossiya Federatsiyasining mulki sifatida aynan shu qavatlarga hech kim tusha olmas ekan. Binoning boshqa bir qismi esa KGB qamoqxonasi deyilar edi.
Bu binoni olgan odam Dilshod Komilov Rossiya fuqarosi hisoblanadi. Uning tadbirkorlik faoliyati Rossiyada. U daromad solig‘ini Rossiya byudjetiga beradi. Dilshod Komilov kelib, aynan shu binoga ega chiqishi inshoot ostida yuqorida aytilgan yer ostidagi uch qavatida arxiv saqlanganligi, binoning o‘sha qismida odamlarni kuydirib, kulini chiqaradigan krematoriylar borligini isbotlaydi. Inshoot oddiy odamga sotilganda u yerda KGB tomonidan krematoriydan foydalanilgani o‘rtaga chiqib qolar edi”, deydi yozuvchi Safar Bekjon.
DXX binosi o‘rnida qad rostlaydigan mehmonxona qanday ko‘rinishda bo‘ladi.
Buzilishi allaqachon boshlangan bino o‘rnida yaxlit arxitekturaviy uslubga ega 4 ta binodan iborat mehmonxona quriladi. Asosiy va eng baland bino 22 qavat bo‘lib, unda 27 ming kv m maydonga ega “Radisson Sollection Hotel” joylashishi kutilmoqda. Loyihaga ko‘ra, mehmonxonadagi xonalar soni esa 164 tani tashkil qiladi. Majmua hududi jamoat joyi, savdo zonalari, kinoteatr, ofislar va ko‘p qavatli yerosti avtoturargohni o‘z ichiga oladi.
Yangi mehmonxonani qurish davlat ro‘yxatidan o‘tganiga ikki yil bo‘lgan “Metropol Group” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi. Orginfo portali ma’lumotlariga ko‘ra, “Metropol Group” 2021 yil 23 fevralda Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. MCHJning asosiy faoliyat turi biznes va boshqaruv konsaltingi bo‘lib, 100% ulushga ega ta’sischi – Doniyor Abdulazizovich Komilov hisoblanadi.
Tarixiy binoning buzilishiga mutaxassislar nima deydi?
Urbanist (shaharsoz-arxitektor) Iskandar Soliyevning so‘zlariga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida tashqi tomondan 3 xil ko‘rinishdagi va bir necha davr 30-, 50-va 70-yillardagi modern hamda postkonstruktivizm uslubidagi arxitekturani o‘zida jamlagan binoni buzib tashlash poytaxt qiyofasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
“Albatta bizning yurtda tarixiy binolarga e’tibor berilmaydi, buni tushunish kerak, xafa bo‘lishga ham arzimaydi. Toshkentning tarixini yer yuzidan sekin-asta yo‘qotib tashlayapmiz.
Shu o‘rinda menda bir qiziq savol paydo bo‘lmoqda: Atrofga umuman tushmaydigan Moskva Spasskaya minorasini eslatuvchi bu “dominanta” qanchalik to‘g‘ri arxitektura? Mayli qurilish tugadi deylik, bu binoni tepa qavatlari oynalari yopilib tashlanadimi? Chunki hatto Turkiston saroyi yonida arxitekturadan zavqlanib suratga olib tursangiz, yoningizga milliy gvardiya xodimlari kelib, rasmga olish taqiqlanishini va Oqsaroy binosi borligini eslatadi. Mehmonxonaning ro‘parasida Oqsaroy binosi joylashgan, demak, baland qilib qurmasdan o‘sha eski arxitekturani saqlagan holda renovatsiya qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, deya bu holatga munosabat bildirgan Iskandar Soliyev.
Yana bir shahahsoz-arxitektor Otabek Umarovning so‘zlariga ko‘ra, qurilishi kerak bo‘lgan har qanday bino mavjud va yaroqli bo‘lgan bino o‘rniga emas, bo‘sh joyga qurilsa, to‘g‘ri bo‘ladi.
Bir necha mutaxassis bilan suhbatda bo‘lganimizda bu binoning madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarilishi va tarixiy binoning buzilishi katta xato bo‘lganini aytdi.
Qaysi davlatga sayohatga bormang o‘z tarixi, va binolarini boricha saqlaganiga guvoh bo‘lasiz, ayniqsa, bino madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kirgan bo‘lsa. Afsuski, O‘zbekistonda na ro‘yxatga qaralyapti, na inshootning tarixiy ekanligiga. Topgan qarichimizdan uylar qurish, shaharni qo‘g‘irchoq shaharga aylantirish bilan shug‘ullanyapmiz. “Mumkin emas” deb yozilgan joylarini esa o‘zimizga to‘g‘rilab olishga ham ustamiz.
Afsuski, mas’ullar savolga tutilgani, bino ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin emasligi aytilgani bilan Madaniy va siyosiy meros buzilishi allaqachon boshlab yuborildi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi
26 noyabr