Xorazmda ijaraga olingan yerni sotishga uringan shaxs ushlandi

3-sahifa

image

Xorazm, Andijon va Navoiy viloyatlarida davlatga qarashli yerni sotishga uringan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Q.X. elektron auksion savdolari natijasi bo‘yicha o‘zining nomiga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ijara shartnomasi asosida ajratilgan Urganch tumani “Qo‘ng‘irot” mahallasi hududidagi 10 sotix yer maydonini fuqaro H.S. ning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 30 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, departamentning Andijon viloyati Xonobod shahar bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro F.X. fuqaro M.T. ning ishonchiga kirib, fuqaro S.T. ga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun ajratilgan 20 sotix yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytib, ushbu yer maydonida bino-inshootlar qurishga ruxsat beruvchi hujjatlarini tayyorlab, uning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, departamentning Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahar bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.K. “Oq oltin” MFY hududidagi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 13 sotix bo‘sh yer maydonini fuqaro M.Jga sotishga kelishib, 6 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida fermer xo‘jaligi balansidagi 16,9 gektar yerni 56 ming dollarga sotishga uringan fermer xo‘jaligi rahbari qo‘lga tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy DXX Xorazm Andijon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing