Sud Zelenskiyni noqonuniy tashviqot olib borishda aybdor deb topdi
Olam
−
13 may 2019
8677Kiyevning Obolon tuman sudi Ukrainaning yangi saylangan Prezidenti Vladimir Zelenskiyni prezidentlik saylovi vaqtida noqonuniy tashviqot olib borishda aybdor deb topdi. Sud Zelenskiyga 850 griven (32,4 dollar) jarima jazosi tayinladi.
Prezidentlik saylovining ikkinchi turida Zelenskiy to‘ldirilgan byulletenni ko‘rsatib, qonunni buzgan. Politsiya unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzgan.
Zelenskiyning advokatlari ularning himoyasidagi shaxs sud majlisida ishtirok eta olmasligini bildirib, ishni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishini so‘ragan.
Himoya tomoni suddan qoidabuzarlik tarkibi bo‘lmagani sababli ma’muriy ishni yopishni so‘ragan.
“Byulleten jurnalistlarning iltimosi bilan ko‘rsatildi, ammo u yerda ovoz berish haqida hech nima aytilmadi”, degan advokat Sergey Kalchenko sudda.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy politsiya bayonnomasini imzolab, aybini tan olgan, negaki, u yurist emas va shunchaki to‘g‘ri harakat qilishni xohlagan.
Sud 850 griven jarimadan tashqari, Zelenskiydan sud yig‘imini undirishni ham tayinlagan. Sudlanuvchi hukm bo‘yicha apellyatsiya idorasiga shikoyat qilishi mumkin ekani ta’kidlangan.
LiveBarchasi