“Star Med” ishlayapti. SSV kimni aldayapti?
Tahlil
−
13 mart 2023
16068O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yilning 11 mart kuni “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov o‘limi yuzasidan ma’lumot berib, Mannopovning o‘ligi chiqqan “Star Med Center” klinikasi ustidan tekshiruv boshlangani va klinika faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, “Star Med Center” klinikasi instagramdagi sahifasi orqali tibbiyot muassasasi faoliyati to‘xtamagani, tarqalgan xabarlar yolg‘onligini aytib chiqdi. Xo‘sh, bu yerda xalqni, ommaviy axborot vositalarini kim aldayapti: Sog‘liqni saqlash vazirligimi yoki “Star Med Center”. Agar klinika yopilmagan bo‘lsa, nega SSV ishonch bilan uning faoliyati to‘xtatilganini aytib chiqdi? Tibbiyotimizdagi muammolarning ortida ham aynan ana shu boshboshdoqliklar yotmayaptimi?
QALAMPIR.UZ surishtiruvi
QALAMPIR.UZ “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov o‘limi yuzasidan 10 mart kuni jurnalistik surishtiruv boshladi. Tahririyat jurnalisti Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Biznes Ombudsman bilan bog‘landi. Dastlab Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov holat yusazidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, sog‘liqni saqlash vazirligiga shifokorlarning xati-harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish yuzasidan xat kiritilgani, tekshiruv xulosasiga ko‘ra holatga huquqiy baho berilishini ma’lum qildi.
2023 yil 6 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bloger Farhod Mannopovning o‘limi yuzasidan yuridik nomi “OMAD PLYUS” MCHJ bo‘lgan, “Star Med Center” klinikasida tekshiruv o‘tkazish yuzasidan Biznes Ombudsmanga buyurtma bilan chiqib, tekshiruv kelishuvi so‘ralgan. 6 mart kuni tekshiruv o‘tkazishga ruxsat berilgan.
Mazkur ruxsatga asosan Sog‘liqni saqlash vaziri 7 mart kuni yuridik nomi “OMAD PLYUS” MCHJ hisoblangan “Star Med Center” shifoxonasida tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqargan. Buyruqda 2023 yilning 9-18 mart kunlari muddati 10 kunlik bo‘lgan tekshiruv o‘tkazish aytilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining Litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jaloliddin Asamutdinov 11 mart kuni QALAMPIR.UZ’ga bergan ma’lumotida ayni paytda tekshiruvlar olib borilayotgani sababli “Star Med Center” klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan.
“Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli organlar bilan birgalikda fuqaro Farxod Mannopov vafoti yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib bormoqda”, degan SSV rasmiysi.
Shularga asoslangan holda QALAMPIR.UZ'da “Star Med” ustidan tekshiruv boshlandi. Mannopovning o‘limi qanday yuz bergan?” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilindi. Oradan bir necha soat vaqt o‘tib, “Star Med Center” klinikasi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “asossiz xabarlarga ishonmang, klinika o‘z faoliyatini davom ettirmoqda”, deb chiqdi. Har holda yolg‘on gapirayotgan biz emas. QALAMPIR.UZ 20 bolaning vafotida SSVga qanday ishongan bo‘lsa, Mannopov bilan bog‘liq vaziyatda ham vazirlikka shunchalik ishongandi.
Bugun, 13 mart kuni QALAMPIR.UZ holatni aniqlash maqsadida “Star Med” klinikasiga yetib bordi va muassasa yopilmagani, doimgi ish faoliyatini davom ettirayotganiga guvoh bo‘ldi.
Klinikaga kirganimizda intervyu berishni istamagan, o‘zini “Star Med” klinikasi direktori, advokati deb tanishtirgan ikki nafar shaxs QALAMPIR.UZ’ni yolg‘on axborot tarqatishda aybladi.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — SSV QALAMPIR.UZ klinikada tekshiruv o‘tkazilayotgani, shu sababli “Star Med Center” yopilgani haqida rasmiy ma’lumot berdi.
O‘zini “Star Med Center” direktori deb tanishtirgan shaxs: — Kim ma’lumot berdi. Sizlar nimaga asoslanib shu gapni gapirdinglar?
O‘zini advokat deb tanishtirgan shaxs: — Haqiqatni aytinglar, hech qanday e’tiroz yo‘q. 4-hokimiyatga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi.
F.N.: — Ayni paytda tekshiruvlar olib borilayotgani sababli “Star Med Center” klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan deb, Sog‘liqni saqlash vazirligining Litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jaloliddin Asamutdinov.
O‘zini advokat deb tanishtirgan shaxs: — Minzdravga ofitsialniy chiqdim. “Biz bunday ma’lumot bermaganmiz deb aytdi. Litsenziya faqat sud orqali bekor bo‘ladi. Ekspertizani javobi berilmadi. Umumiy hulosa e’lon qilingandan keyin kimni aybi bo‘lsa qamaydi.
F.N.: — Biz vazirlikning rasmiy ma’lumotiga tayanib xabarni e’lon qilganmiz.
O‘zini advokat deb tanishtirgan shaxs: — Vazirlik tan olmayapti.
F.N.: — Siz advokat bo‘lsangiz intervyu bering va vazirlik tan olmaganini ayting.
O‘zini advokat deb tanishtirgan shaxs: — Ekspertiza javoblari chiqmasidan oldin, hech kim hech narsa deyolmaydi. Klinika bir kun ham yopilmadi, ko‘rib turganingizdek ishlayapti. Agar aybi bo‘lsa qonun oldida hamma javob beradi. Litsenziya faqatgina sud orqali yechiladi.
O‘zini “Star Med Center” klinikasi direktori deb tanishtirgan shaxs Sog‘liqni saqlash vazirligining Litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jaloliddin Asamutdinov bilan telefon orqali bog‘landi. Vazirlik rasmiysi esa allaqachon klinikani vaqtinchalik yopish haqida xat chiqarilganini tasdiqladi.
“Star Med Center” klinikasi direktori: — QALAMPIR.UZ’dan kelishdi. “Yolg‘on ma’lumot bergansizlar” desak, “Jaloliddin Asomiddinov bergan ma’lumotlari chiqarilgan” deyishdi.
Jaloliddin Asamutdinov: — Biz litsenziyani vaqtinchalik to‘xtatib turish haqida Adliya vazirligi tizimi orqali xat chiqarganmiz. Ogohlantirish xati chiqarilgan. Kelganingizda xatni ko‘rsataman.
“Star Med Center” klinikasi direktori.: — Xat bizga yetib kelmagan-ku.
Jaloliddin Asamutdinov: — Endi bilmadim. Adliya vazirligi tizimi orqali xat chiqarilgan. Balki yetib bormagan bo‘lishi mumkin.
F.N.: — QALAMPIR.UZ noto‘g‘ri yoki yolg‘on axborot tarqatmaydi.
Endi bizda jiddiy savol tug‘ilyapti. Yolg‘on gapirayotgan, bemorlar hayoti bilan o‘ynashayotgan kim? SSVmi yoki “Star Med Center” klinikasi.
Klinika yopilmagan ekan, “Star Med "ish faoliyati to‘xtatildi" deb jar solishdan vazirlikka nima naf?
Klinikaga vaqtincha ish faoliyatini to‘xtatish haqidagi xat yuborilgan bo‘lsa, ular “ishlayapmiz” deb bergan e’lonni SSV rasmiylari ko‘rmay qoldimi yoki ko‘zlarini yumib olishdimi?
Xat yetib bormagan, klinika ishlayotgan ekan, nima uchun ogohlantirish xati ijrosi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmayapti?
Nima bo‘lganda ham gap bir odamning o‘limi haqida ketmoqda. Surishtiruvlar hali davom etadi QALAMPIR.uz'ni kuzatib boring.
LiveBarchasi