“Star Med” ustidan tekshiruv boshlandi. Mannopovning o‘limi qanday yuz bergan?

Tahlil

Xabaringiz bor, shu yilning 5 mart kuni “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etgan edi. Boshi va burnidan jarohat olgan va davolanish uchun “Star Med Center” xususiy klinikasiga murojaat qilgan blogerning o‘limi yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida Bosh prokuratura ma’lum qilgan. “Star Med Center” klinikasi esa vaqtincha yopib qo‘yilgan. 

Aholi orasida esa 27 yoshli fuqaroning o‘limi, shifokorlarning tajribasizligi, xususiy shifoxonalarga esa ishonib bo‘lmasligi haqida har xil gaplar bolalamoqda. 

Xo‘sh, holat bo‘yicha SSV nima uchun munosabat bildirmayapti? Bloger bo‘ladimi yoki vaynchi, gap bir fuqaroning o‘limi haqida ketmoqda. Vazirlik nega haligacha jim? Axir bu tibbiyotning xatosi emasmi?

QALAMPIR.UZ shu savol bilan SSVga murojaat qildi. Vazirlik matbuot kotibi Furqat Sanayevning ma’lum qilishicha, har bir o‘lim holati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganiladi, nazoratga olinadi. Vazirlik biror bir xususiy tibbiyot muassasa faoliyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘rganishga vakolatli emas. O‘rganish, tekshirish ishlari esa faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes Ombudsman) tomonidan ruxsat berilgan taqdirdagina amalga oshiriladi.

Biz Biznes-ombudsman bilan bog‘landik.

“Hozirgi kunda Prezidentning 5490-sonli (“Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi) farmoniga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlarida ikki xil turdagi tekshiruv o‘tkazish belgilangan. Birinchisi vakolatli organ, ya’ni biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda, ikkinchisi biznes-ombudsmanni xabardor qilgan holda o‘tkaziladigan tekshiruv turlari bor. Mazkur tekshiruv turlari Prezident farmonining tegishli ilovasida keltirib o‘tilgan. Yagona davlat nazorati axborot tizimi bor va ushbu tizimdan ro‘yxatdan o‘tgan holda xabardor qilinadi. 

2023 yil 6 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bloger F.Mannopovning o‘limi yuzasidan yuridik nomi “OMAD PLYUS” MCHJ bo‘lgan, “Star Med Center” klinikasida tekshiruv o‘tkazish yuzasidan Biznes Ombudsmanga buyurtma bilan chiqib, tekshiruv kelishuvi so‘ralgan. Biz 6 mart kunining o‘zidayoq tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha kelishishga ruxsat berilgan”, deydi biznes-ombudsman bosh inspektori Mirafzal Miralimov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.

Mazkur ruxsatga asosan Sog‘liqni saqlash vaziri 7 mart kuni yuridik nomi “OMAD PLYUS” MCHJ hisoblangan “Star Med Center” shifoxonasida tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqargan. Buyruq nusxasi QALAMPIR.UZ’ga yetib keldi. Unda shunday deyilgan:

“OMAD PLYUS” MCHJ tomonidan fuqaro Farhod Mannopovga tibbiy faoliyatga berilgan litsenziya talab va shartlariga rioya etgan holda tibbiy xizmat ko‘rsatilganligi holatini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosarining 2023 yil 6 martdagi TM-00-03808-sonli xati asosida byuraman:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 13 sentyabrdagi PQ-374-sonli qarori bilan tasdiqlangan. “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida pochta manzili Toshkent viloyati Toshkent viloyati, Yangiyshl tumani, Xonqo‘rg‘on MFY, Tadbirkor ko‘chasi 21-uyda, tibbiy faoliyat manzili Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 6-mavze, 6.1-uyda joylashgan “OMAD PLYUS” MCHJ (Stir 302747478, IFUT 86210) da 2023 yilning 9-18 mart kunlari muddati 10 kunlik bo‘lgan tekshiruv o‘tkazilsin.

Tekshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan tekshiruv dasturi asosida o‘tkazilsin.

2023 yilning 2 martdan tekshiruv yakuniga qadar bo‘lgan davr “OMAD PLYUS” MCHJni tekshiriladigan faoliyat davri etib belgilansin”.

Shuningdek, tekshiruv o‘tkazish uchun maxsus ekspertlar guruhi shakllantiriladi, to‘plangan va rasmiylashtirilgan hujjatlar o‘z vaqtida Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatiga taqdim etiladi. Ushbu buyruqning ijrosini nazorat qilishni esa vazir Amrullo Inoyatov o‘z zimmasiga olgan.

Bugun, 11 mart kuni esa vazirlik fuqaro Mannopovning o‘limi yuzasidan o‘rganish ishlari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni ochiqlab, QALAMPIR.UZ tahririyatiga rasmiy axborot berdi.

“Dastlabki o‘rganishlarda aniqlanishicha, bemor F.Mannopov joriy yil 3 mart kuni Toshkent shahridagi “Star Med Center” klinikasiga burundan nafas olishning qiyinlashuvi, vaqti-vaqti bilan bosh og‘rig‘i shikoyatlari bilan murojaat qilgan.

Marhum klinikaga kelishidan bir kun avval cho‘milish payti peshona va burun sohasi bilan suzish havzasi devoriga urilgan va jarohat olgan. O‘tkazilgan laborator tahlillar va MSKT tekshiruvlaridan so‘ng unda burun to‘sig‘ining qiyshayishi, gaymor bo‘liqlari giperplaziyasi, o‘rta va pastki burun chig‘anoqlari giperplaziyasi aniqlangan.

“Shundan so‘ng bemorning roziligi bilan unda tegishli jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Fuqaroga rinoseptoplastika amaliyoti uchun endotraxeal narkoz berilgan. 

Biroq operatsiya davrida marhumning ahvoli to‘satdan yomonlashgan. Olib borilgan intensiv va reanimatsion davo choralariga qaramasdan joriy yil 5 mart kuni soat 03:22 lar chamasi unda biologik o‘lim qayd etilgan.

Ayni paytda tekshiruvlar olib borilayotgani sababli “Star Med Center” klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli organlar bilan birgalikda fuqaro F.Mannopov vafoti yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib bormoqda”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jaloliddin Asamutdinov.

Bosh prokuratura ayrim ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularida “Star Med Center”  xususiy shifoxonasida boshqa o‘lim holatlari kuzatilgan bo‘lishi mumkinligini rad etmadi va buni “tergov siri” ekani bilan izohladi. Shunday bo‘lgan taqdirda xususiy shifoxonaning litsenziyasi olib qo‘yilishi mumkinmi?

“Bunday holatlarda agar tadbirkorlik sub’ektining litsenziya talab sharti tekshiriladi. Agar litsenziya talab-shartlariga rioya qilmaganlik holatlari aniqlansa o‘sha litsenziyalovchi organ tomonidan 10 kun muddatga litsenziya vaqtincha to‘xtatish huquqi bor va bu qonun bilan belgilangan. Agar 10 kun ichida kamchiliklar bartaraf etilsa, tadbirkorlik sub’ekti chna faoliyatini davom ettirishi mumkin. Agar 10 kun ichida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda korxonaning litsenziyasi sud orqali tugatilishi mumkin”, dedi Mirafzal Miralimov.

Shuningdek, biznes-ombudsman fuqarolardan Mannopovning o‘limi sabab respublikadagi barcha xususiy tibbiyot muassasalari, hatto “Star Med Center” shifoxonasining boshqa xodimlariga ham ishonchsizlik bilan qaramaslikni so‘ramoqda. 

“Xususiy shifoxonalar orasida aholi salomatligini yaxshilashda xissa qo‘shayotganlari juda ko‘p. Davlat mamlakat hududida faoliyat yurituvchi barcha tarbirkorlik subektlarining, xususan, xususiy shifoxonalarning huquqlarini himoya qiladi”, deydi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda 8300 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat ko‘rsatayotmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Farhod Mannopov Mittivine Star Med Center

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing