“Jarima” deb jar solgan 103 haydovchisi sudda gapidan tondi

Jamiyat

Sud yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun jarima bayonnomalarini olayotganini aytib videomurojaat qilgan tez yordam haydovchilaridan biriga ogohlantirish berdi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova xabar berdi.

Holat yuzasidan Uchtepa tumani IIBda olib borilgan tergovga qadar surishtiruvlar asosida ish hujjatlari sudga taqdim etilgan. IIB taqdim etgan tergov hujjatlari asosida kecha, 11 yanvar kuni, Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Soat 16:00 da boshlanishi aytilgan sud majlisi 19:32 da o‘z ishini boshladi. Sud xodimlarining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, huquqbuzarlarni sudga olib kelish, ichki ishlar tomonidan ta’minlanishi lozim. 103 haydovchisi Miraziz Samigovning aytishicha, IIB xodimlari u va Maxsuslashtirilgan avtokorxona mexanigi Dilshod Qosimovga sud majlisi soat 10:00 ga belgilangani haqida xabar bergan.

“Bizni soat 10:00 ga chaqirishgan edi. O‘z vaqtida keldik. Sud majlisi qoldirilganini aytishdi. Soat 10:00 da sud bo‘lishi haqida IIB xabar berdi va Dilshod akam bilan birga kelganmiz. “Sud 16:00 ga ko‘chirildi”, deb hech kim aytmadi. Bugun sud bo‘lmasligini aytishgandan keyin dam olaman, deb telefonimni ham o‘chirib qo‘ydim. Hozirgacha o‘chiq”, deydi haydovchi Samiqov.

Haydovchilarning murojaatini videotasvirga olgan Miraziz Samiqov boshqa hamkasblariga qaraganda Uchtepa tuman IIBda ko‘proq ushlab turildi. Hamkasblari ular IIBga kirib ketayotgani haqida oila a’zolarini xabardor qilishga imkon berilmagani, qaytib chiqqanlaridan so‘ng ichkarida qolgan Samiqovning turmush o‘rtog‘i uni qidirib ish joyiga kelganini aytishgandi. Xo‘sh, Miraziz Samiqovga ruhiy yoki jismoniy tazyiqlar bo‘ldimi? Unga oila a’zolarini ogohlantirish uchun imkon berildimi?

“Yo‘q hech qanday tazyiq bo‘lgani yo‘q. Holat haqida ariza so‘rashdi va yozib berdim. Oila a’zolarimga ham qayerdaligim haqida ma’lumot berdim. Men o‘g‘limga telefon qilganim uchun turmush o‘rtog‘im bexabar qolgan va qidirib kelgan”, deydi Miraziz Samiqov.

Tergovoldi surishtiruv hujjatlariga ko‘ra, tez yordam haydovchisi Miraziz Samiqov va Maxsuslashtirilgan avtokorxona mexanigi Dilshod Qosimov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 202-2-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) bilan huquqbuzar deb topilgan. Sud majlisi davomida huquqbuzarlar ham tinglandi.

“Meni vazifam avtomobillarning texnik holatini tekshirish, shifokor ko‘rigidan o‘tgan haydovchilarni yo‘nalishga chiqishlari uchun ruxsat berishdan iborat. Haydovchilar ishda bo‘lgan vaqtida jarimaga tushsa, u qog‘ozlar menga keladi va qoidabuzarlikni aniqlashlari uchun jarima qog‘ozini haydovchilarga beraman. Video tarqalgan kuni ham jarimaga tushgan haydovchilarning har biriga o‘zlariga tegishli qog‘ozlarni bergandim. Tarqalgan videoni olishgani haqida keyin xabar topdim”, deydi Dilshod Qosimov.

Haydovchi Samiqovga ko‘ra, tarqalgan video hazil uchun olingan va o‘zaro haydovchilar guruhiga yuborilgan. Qolaversa, haydovchilar chaqiriqda bo‘lgan vaqtlarida sodir etilgan qoidabuzarlik uchun jarimalarni to‘lashdan ozod etilgan.

“Videoni men olganim rost. Doimgidek ish kunimizni boshladik. Mexanikimiz tomonidan jarima qog‘ozlari o‘z egalariga berildi. Hazil-hazil bilan videoni oldik va guruhimizga yubordik. Bu videoni tasvirga olishda g‘arazli niyatimiz bo‘lmagan. Hammasi hazil edi. Haydovchilar orasida “jarimani to‘laganman” deganlari haqida gap aylangan edi. Bu boshqa shofyorlar tomonidan boshqacha talqin qilindi va “panika”ga tushib qoldik. Hazil qilib ishimizni boshladik. Aniqlanishicha, hozirgacha jarima to‘laganlarning hammasi ishdan tashqari (yonilg‘i, mashina ustasi yoki boshqa sabab) holatlar bilan jarima sodir etgan haydovchilar ekan. Men qilgan ishimdan pushaymonman”, deydi tez yordam haydovchisi Miraziz Samiqov.

Sud huquqbuzarlar bilan birga guvoh sifatida qatnashgan Maxsuslashtirilgan avtokorxona rahbari Bahodir Teshaboyevni ham eshitdi. Taqdim etilgan hujjatlar va huquqbuzarlarning ko‘rsatmalari tinglanib, qaror qabul qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudining 2023 yil 11 yanvardagi qarori bilan Dilshod Qosimov (Maxsuslashtirilgan avtokorxona mexanigi)ning harakatlarida MJtKning 183-moddasi va 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar alomatlari yo‘qligi sababli unga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan harakatdan tugatildi.

Murojaatni videotasvirga olgan tez yordam haydovchisi Miraziz Samiqovning harakatlarida MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli ishning shu qismi MJtKning 27-1-moddasi (ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 1-bandiga asosan harakatdan tugatildi.

Haydovchi Miraziz Samiqov MJtKning 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, u MJtKning 21-moddasi (huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish)ga asosan ma’muriy javobgarlikdan ozod etildi va ogohlantirildi.


Maqola muallifi

Teglar

sud 103 haydovchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing