Jarima mashmashasi. “Gai” aybdormi yoki 103 haydovchilari?
Intervyu
−
10 yanvar 2023
9071Toshkentda tez yordam haydovchilari qoidabuzarliklar uchun jarima qog‘ozlari kelayotgani sabab videomurojaat bilan chiqdi. Ular o‘z murojaatida chaqiruv bo‘yicha harakatlangan vaqtida tezlikni oshirish, “polosa”ni bosish, qizil chiroqda o‘tib ketish holatlari uchun jarimaga tortilganini aytib, aholidan agar chaqiruvga vaqtida yetib bora olmasa, buni to‘g‘ri tushunishini so‘rashgan.
“Chaqiruv bo‘yicha harakatlangan vaqtimizda tezlikni oshirish, “polosa”ni bosish, qizil chiroqda o‘tib ketganlik uchun jarima qog‘ozlari kelyapti. Jarimalarning summasi katta, bunga bizning oyligimiz ham yetmaydi. Jarimalar harakatimizni cheklab qo‘yapti. Shuning uchun o‘z vaqtida yetib borolmasak har xil gap-so‘zlar qilmaslikni iltimos qilamiz”, deyiladi videomurojaatda.
Video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgach, holatni o‘rganish boshlandi. Murojaatni o‘rganish maqsadida Maxsuslashtirilgan avtokorxona (103 avtomobillari garaji)da matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda avtokorxona rahbari Bahodir Teshaboyev, Respublika tez yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshqarma boshlig‘i Ilhom Idirov qatnashdi.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbirining aytishicha, videoda o‘z muammolarini ma’lum qilgan tez tibbiy yordam haydovchilari kamera qarshisida tamoman boshqa gapni aytishdi. Ularga ko‘ra, jarima qog‘ozi videoda chiqqan haydovchilarning hamkasblariga tegishli va “o‘zlari bilmagan holda video qahramoniga aylanib qolishgan”.
“Jarima qog‘ozlari aslida bizniki emas, boshqa haydovchilarniki. Video nima maqsadda olinganini ham bilmaymiz. Hammasi to‘satdan bo‘ldi. O‘zim ikki yildan beri ishlayman, lekin biron marta menga jarima qog‘ozi kelmagan. Qog‘ozni qo‘limizga berib, video olamiz, deyishdi. Hammasi shu”, deydi haydovchilardan biri QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.
Boshqalarning aytishicha, texnik xodim jarima qog‘ozini olib kelgach, avtomobil haydovchilarini jahli chiqib ketgan va video olgan. Aytishlaricha, jarima qog‘ozlarining ularga berilishi ish kunlarini kayfiyatsiz boshlanishiga sabab bo‘lmoqda.
“Ishga kelamiz, qo‘limizga jarima qog‘ozini tutqazadi. Bu esa ertalabdan kayfiyatimiz buzilishiga olib keladi. Tizimni o‘zgartirish kerak”, deydi haydovchilardan biri.
Maxsuslashtirilgan avtokorxona rahbari Bahodir Teshaboyevga ko‘ra, haydovchilarga jarimalarni berishdan asosiy maqsad – ular qoida buzmasligini eslatish. Qolaversa, bemor shifoxonaga ketayotgan vaqtda u to‘liq tez tibbiy yordam xodimi nazoratida bo‘ladi. Shunday ekan, chorrahadan qoida buzib, yashil chiroq yonishini kutmasdan harakatlanish, shu oradagi bir necha daqiqalar ko‘p narsani hal qilmaydi.
“Jarima qog‘ozi kelganda uni haydovchilarga berishimizdan asosiy maqsad – sodir etilgan qoidabuzarlik vaqtini tez tibbiy yordam markazi bilan solishtirishlari kerakligini aytish va, albatta, qoida buzmasligi kerakligini eslatish”, deydi Bahodir Teshaboyev.
Yo‘l harakati xavfsizligi xodimi Oybek Rahmonovning aytishicha, chaqiriq vaqtida haydovchi qoida buzsa, bu jarimalar hech qanday muammosiz o‘chiriladi.
“Maxsusavtokorxona xodimi chaqiruv haqidagi ma’lumotlarni YHX xizmatiga asoslab, hujjat taqdim etadi. Barcha hujjatlar tekshirilgach, tez tibbiy yordam haydovchilari sodir etgan qoidabuzarliklari YHX xizmati bazasidan hech qanday muammosiz o‘chiriladi”, deydi Oybek Rahmonov.
Korxona “qoidalariga” ko‘ra, jarima qog‘ozi kelsa, haydovchi qoida buzgan vaqtida chaqiruvda bo‘lgani haqidagi ma’lumotni Respublika tez tibbiy yordam markazidan olib kelishi va Maxsuslashtirilgan avtokorxonaga taqdim etishi kerak. Bu esa ularning ishdan bo‘sh, ya’ni dam olish kunlarida amalga oshirilishi lozim(!).
“Ertalab ishga kelganlarida kimdandir “IDEYA” chiqqan, qaysidir biri gapir desa, qog‘ozni ushlab gapiravergan, hech nimani tushunmagan. Men ularni ogohlantirish uchun chaqiraman, ogohlantirmasam, Xudo ko‘rsatmasin, ertaga YTHlarni soni ortaveradi. Qolaversa, qog‘ozni qo‘llariga berib, pulini to‘lang, demaymiz. Aksincha, tez tibbiy yordam markaziga borib, qoidabuzarlik sodir etgan vaqtlarida ishda bo‘lganlarini isbotlovchi qog‘ozni olib kelishlari talab etiladi. Albatta, bu ishlarni bajarish dam olish kunlarida, ishlariga xalal bermagan holda amalga oshiriladi”, deydi avtokorxona rahbari Bahodir Teshaboyev.
Respublika tez tibbiy yordam markazi rahbari Abduvoitjon G‘afurovning aytishicha, joriy yil sentyabr oyiga qadar YHX va tez tibbiy yordam tizimi birlashtiriladi. Bu esa haydovchilarga kelgan jarimani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rish va ularni chaqiriqda bo‘lgani bilan solishtirish imkonini beradi.
“YHX va tez tibbiy yordam tizimi birlashtirilishi ishimizni osonlashtiradi. Jarimalar va boshqa holatlarda hujjat yig‘ib yurmasdan hamma ma’lumot yagona bazadan olinadi. Bu esa qog‘ozbozlikning kamayishiga olib keladi”, deydi Respublika tez yordam markazi rahbari Abduvoitjon G‘afurov.
Yo‘l harakati xavfsizligi xodi Oybek Raxmonovga ko‘ra, tez tibbiy yordam haydovchilari sodir etgan qoidabuzarliklar ortidan kelgan jarima qog‘ozlarini saralash Maxsuslashtirilgan avtokorxona texnik xodimi vazifasiga kiradi. Afsuski, ishini o‘z vaqtida bajarmagan xodimlar ortidan haydovchilar dam olish kunlarida hujjat yig‘ib yurishga majbur bo‘lmoqda. Raxmonovga ko‘ra, mas’ullar ishini o‘z vaqtida bajarsa, jarimalar YHX tomonidan kechiktirilmay, belgilangan muddatda o‘chiriladi.
Aslida jarimalar haydovchi gardaniga tushmasligi kerak. Qolaversa, hujjatni olib, u eshikdan bu eshikka yugurish ham ularning vazifasi emas.
Eng achinarlisi, o‘z qo‘llari bilan jarima qog‘ozlarini ushlab, videoga tushgan haydovchilar kamera qarshisida asl haqiqat va muammoni ayta olmadi. Demak, bu mavzuga yana qaytamiz.
Ma’lumot o‘rnida, Yo‘l harakati qoidalarining 25-bandiga ko‘ra, tez tibbiy yordam avtomobilining haydovchisi belgilangan tartibda ayrim qoidalarning talablaridan chetga chiqishi mumkin. Bunday holatda maxsus kameralar orqali avtomobil qayd etilgan taqdirda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma’muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi va ma’muriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi. Ya’ni haydovchi yoki korxona jarimadan ozod etiladi
Akobir Misiraliyev
LiveBarchasi