Vazir Hilola Umarova bilan ilk intervyu

Intervyu

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Uktamovna Umarova 2022 yilning so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi. Vazirlar orasida yagona ayol bo‘lgan Umarova yangi o‘quv yili boshlaniboq, tanqidlar ostida qoldi. Umumta’lim maktablarida III chorakning o‘z vaqtida boshlanmasligi ortidan barcha tanqid toshlari yangi vazirga otildi. Xo‘sh, ilk tanqidlarni Hilola Umarova qanday qabul qildi?

“Tanqidlarni to‘g‘ri qabul qildim. Albatta, o‘ziga yarasha hayajon bo‘ldi. Chunki farzandlarimizni bilimi, ta’limi biz uchun juda muhim. Har bir maktabda bolajonlarni xavfsizligi, ustozlarni o‘z ustida ishlashlari, shuningdek, ta’lim jarayonidagi dasturlarni bosqichma-bosqich, nazariya bilan amaliyotni qo‘llash borasida ish olib boramiz.

Prezident maktablarini tashkil qilingani ham bejiz emas. Endi Prezident maktablari ixtisoslashgan maktablar muhiti asosida ish olib boriladi. Har bir tashkilotning rahbariga juda ko‘p narsa bog‘liq. Agar maktab direktorlari adolatli, shaffof va halol bo‘lsa, birinchi navbatda jamoani qo‘llab-quvvatlasa, tartibga chaqirsa va motivatsiya bera olsa, tizimni birgalikda o‘zgartiramiz. Birgina vazirlikni o‘zi hech narsa qilolmaydi. ota-onalar, ustozlar, jamoat va albatta mahallalar bilan birga birlashamiz va oldimizga qo‘yilgan marralarni egallaymiz”, deydi yangi vazir Hilola Umarova.

Xalq ta’limi tizimi nafaqat yil boshida, balki doim tanqid qilinadi. O‘qituvchilarning maoshi bir necha yildan buyon 1000 dollar bo‘lmasligi, ularga qo‘shimcha yuklamalar borligi, majburiy mehnat deganda odamlarning ko‘z o‘ngida birinchi bo‘lib o‘qituvchilar gavdalanishi, shular jumlasidandir. Xo‘sh, Hilola Umarova vazir bo‘lib, o‘qituvchilarning dardini eshitadimi va u muammolar hal etiladimi?

“Albatta. Fevral oyidan vazir platformasi ishga tushadi. O‘qituvchilardan keladigan har bir murojaatni shaxsan o‘zim nazoratimga olaman. Bu platforma ishga tushishi uchun jamoa ish olib boryapti. Vazirlik endi faqat vazirlikda emas, balki hududlarda yuradi. O‘zim ham barcha viloyatlar, tumanlar va albatta chekka-chekka maktablarga borishni reja qilganman.

Ustozlarning oyligi oshishi esa o‘ziga bog‘liq. Bugungi kunda ularga ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan. Agar o‘qituvchilarimiz o‘z ustida ishlashsa, albatta, 1000 dollargacha maosh oladi. Men shaxsan bir nechta ustozlarni bilaman 1000 dollar maosh oladi. Albatta, ular yaxshi maosh olishlari uchun o‘z ustilarida ishlashlari uchun sharoit ham yaratib berishimiz, kerak bo‘lsa vaqt ajratib berishimiz lozim. Direktor qanday bo‘lishi kerak? Birinchi navbatda menejer bo‘lishi lozim degan maqsadda direktorlar bilan treninglar o‘tkazamiz”, deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova.


Maqola muallifi

Teglar

O'qituvchi Xalq ta'limi Hilola Umarova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing