Oliy sud odil sudmi? So‘z yangi raisga
Intervyu
−
15 dekabr 2022
11495O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov lavozimidan ozod etilib uning o‘rnini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Baxtiyor Islomov egallaganiga 4 oydan oshdi.
O‘tgan oylar mobaynida sud tizimiga bo‘lgan qarashlar o‘zgarganicha yo‘q. Tan olish kerak, bugun odamlar suddan norozi. Sudda yugur-yugurning ko‘pligi, sud majlislarining o‘z vaqtida boshlanmasligi, sud qarori, hukmlari adolatli chiqarilmasligi, eng yomoni sud qarorining ijrosi bajarilmasligi ko‘p tanqid qilinadi. Qolaversa, davlat rahbari ham tizim haqida ijobiy fikrda, deb aytolmaymiz.
Roppa-rosa bir oy oldin, 14 noyabr kuni odil sudlovni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish o‘tkazgani yodingizda bo‘lsa kerak.
Sudlar faoliyati, avvalo, inson taqdiriga, daxldor masala ekani haqida alohida gapirgan davlat rahbari mamlakatda sudlar mustaqilligini mustahkamlash, ishlarni ko‘rishda xolislik, adolat va qonuniylikni ta’minlash choralari ko‘rilayotgani haqida aytgan edi. Shavkat Mirziyoyev viloyat sudlari odil qaror chiqarish bo‘yicha yetarlicha mas’uliyat olmayotgani sababli ovoragarchiliklar ko‘pligini ham tanqid qilgandi.
Oliy sud raisi bo‘lish oson emas, yaxshimi yomonmi tosh kelib shu odamning boshiga tegadi. Odamlar sudyalardan emas, ularning rahbarlaridan norozi bo‘lishadi. Ayniqsa, adolat kutayotgan va adolatsizlik qurboni bo‘lganlar sudda adolat yo‘qligi, bu tizim o‘zgarmayotgani, odamlar taqdiri kimnidir qo‘lida o‘yinchoq bo‘layotganidan nolishadi.
Oliy sud raisi bo‘lganiga 4 oy bo‘lgan Baxtiyor Islomov shu vaqtgacha OAVga intervyu berganini ko‘rmadik. Odatda rahbarlar doim ham tutqich bermaydi. Ular Matbuot anjumani (agar kelishsa), yoki hisobot yig‘ilishlaridagi chiqishlari bilan cheklanadi. Tan olish kerak, hozirgacha intervyu berishdan bosh tortayotganlar yo‘q emas. Baxtiyor Islomovni katta konferensiyada uchratib qolganimizdan foydalanib, ikki og‘iz intervyu oldik. Oliy sud raisi bugun sudning faoliyatidan rozimi? Aynan shu savol bilan unga yuzlandik.
“Haqiqatan ham ish boshlaganimga uch oydan oshdi. Kamchiligimiz juda ko‘p. Odil sudlovni ta’minlash borasida, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajaryapmiz deb aytolmayman. Ishlashimiz kerak. Sudyalarni o‘qitish, tayyorlash, qayta tayyorlash masalalari bor. Sud qarorlarining ustida ishlashimiz kerak. Shuningdek, sud qarorlarining sifati masalasi, ishlarni qonunda belgilanmagan vaqtda ko‘rish masalasi bor. Hozirgi kunda kamchiliklarni ko‘rib tahlil qilyapmiz, Prezident oldimizga qo‘ygan maqsadlarni bajarish, xalqni rozi qilish, odil sudlovni ta’minlash qonun ustuvorligini ta’minlash borasida sud o‘z o‘rnini ko‘rsatadi deb o‘ylayman”, deydi Baxtiyor Islomov.
Oliy sud raisining tizim va uning kamchiliklari haqidagi fikrlari bilan tanishdingiz, sizchi, bugungacha sudlarga ishingiz tushganmi? Siz sudlar faoliyatini qanday baholaysiz?
LiveBarchasi