Toshkentda bloger Ichki ishlar vaziri iste’fosini so‘rab, bir kishilik piket uyushtirdi

Jamiyat

image

Bloger va publitsist Shokir Sharipov O‘zbekiston Respublikasi Ishchi ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’fosini talab qilib, Toshkentda bir kishilik piket uyushtirdi. Bu haqda BBC-o‘zbek xizmati xabar berdi. 

Ichki ishlar idoralaridan fuqarolarning murdasi chiqayotgani bloger Sharipovni tashvishga solgan. Qo‘qon shahar Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli markazda 15 yashar bolaning urib o‘ldirilgani esa blogerni piket o‘tkazishga undagan asosiy omil bo‘lgan. 

“Bunga hech kim jiddiy ravishda munosabat bildirmasa, [bunday holat] har birimiz bilan yuz berishi mumkin bo‘ladi. Agar men bunga reaksiya bildirmasam, bu o‘zim bilan ham sodir bo‘lishi mumkin”, deydi faol.

Uning qayd etishicha, Ichki ishlar vazirligi isloh bo‘lmayotganining dalillari bisyor. Sharipovning iddaosicha, IIV ba’zi shaxslar va guruhlargagina xizmat qilyapti. 

U so‘zida davom etarkan, bunday [o‘lim] holatlarda Ichki ishlar vaziri shaxsan odamlar bilan muloqot qilmayotgani sababli ham uning iste’fosini talab qilib chiqqanini aytdi. 

“15 yashar bolaning o‘limi – bunda Ichki ishlar vaziri xalqdan uzr so‘rab, sohani isloh qilolmayotganini aytib, iste’fo berishi kerak edi. Nega mas’ullarni o‘zini boshqaning o‘rniga qo‘yish ko‘nikmasi yo‘q? Shu narsa meni hayron qoldiryapti. Bunaqa lavozimlarda empatiyasi kuchli, jamiyatning eng yaxshilari ishlashi kerak”, degan fikrda Sharipov.

Shokir Sharipov nafaqat vazir Po‘lat Bobojonov, balki u rahbarlik qilayotgan tizim ham matbuotdan, jamoatchilikdan uzoqlashib ketganini aytadi. Qolaversa, odamlarning o‘zi befarq bo‘lgani va talab qilmayotgani uchun ham Ichki ishlar tizimidagi xatolar uchun xodimlar javobgarlikka tortilishi paysalga solib kelinmoqda. 

15 yashar bolaning o‘limi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Uchko‘prik tumani, “Sulton” MFY, Sulton qishlog‘ida yashagan, 2007 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan R.A. joriy yilning 16 oktyabr kuni Buvayda tumani, Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida ota-onasining nazoratisiz yurgani va ushbu majmuada o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lganida, IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tuman IIB boshlig‘ining shu kungi qarori bilan Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat IIB Jamoat xavfsizlik xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limiga joylashtirilgan. 

17 oktyabr kuni voyaga yetmagan R.A. ning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgani sababli shahar Tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi” sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18.10.2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Tergov harakatlari davomida, 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi marhum R.Abdusattorovni urib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan tan jarohatlari yetkazgani ma’lum bo‘lgan. Shu sababli, jinoyat ishi doirasida ushbu 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qamoqqa olingan

Mazkur holat yuzasidan sobiq IIB markaz tarbiyachisi hamda navbatchilik smenasi inspektor-navbatchisi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan gumon qilinuvchi sifatida jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Ularga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Po'lat Bobojonov

Baholaganlar

264

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing