To‘qayev ketishini 2029 yilgacha kutamiz

Jamiyat

20 noyabr kuni Qozog‘istonda o‘tkazilgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat raxbari Qosim-Jomart To‘qayev yana Prezidentlikka saylandi. Bir marta Prezident bo‘lgan odamning ikkinchi marta Prezident bo‘la olmasligi, boshqaruvda qarindosh urug‘chilik va klanlashuvga qarshilikni va’da qilayotgan To‘qayev 2029 yilgacha Prezident lavozimida qoladi. 

2019 yildan buyon mamlakat boshida bo‘lib kelayotgan To‘qayev navbatdan tashqari saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, 81,31 foiz ovoz to‘pladi. Qolganlar esa To‘qayevdan ancha orqada. 

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, To‘qayevga  saylovda qatnashganlarning 81,31 foizi yoki 6 456 392 kishi, “Ovul” Xalq demokratik partiyasidan nomzod Jiguli Dayrabayevga 3,42 foiz yoki 271 641 kishi, “Ijtimoiy ishchilar alyansi” tomonidan ko‘rsatilgan Karakat Abdenga 2,60 foiz yoki 206 206 kishi, Qozog‘iston “Amanat” kasaba uyushmalari hamdo‘stligidan nomzod Meyram Kajikenga 2,53 foiz yoki 200 907 kishi, “Milliy” sotsial-demokratik partiyasidan o‘z nomzodini ko‘rsatgan, Nurlan Auyesbayevga 2,22 foiz yoki 176 116 kishi, "Qozoq onalari - bojxonaga yo‘l" uyushmasidan Saltanat Tursinbekovaga 2,12 foiz yoki 168 731 kishi ovoz bergan. Ovoz berishda qatnashganlarning 5,8 foizi yoki 460 484 kishi barcha nomzodlarga qarshiligini ifoda etgan. 

“Saylovchilarning yangilangan ro‘yxatiga ko‘ra Qozog‘iston Respublikasi fuqarolarining umumiy soni 11 953 465 kishini tashkil etdi. Qabul qilingan saylov byulletenlari 8 300 046 ta yoki 69,44%. Ovoz berish kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning 11 ming nafardan ortiq ishonchli vakili, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning 641 nafar kuzatuvchisi, siyosiy partiyalardan 15 ming 500 nafar, jamoat birlashmalaridan 30 ming nafardan ortiq kuzatuvchi saylov jarayonlarini kuzatdi”, deydi Qozog‘iston Respublikasi MSK raisi Nurlan Abdirov. 

20 noyabr kuni soat 21:00 da Qozog‘iston hududida prezidentlik saylovi yakunlandi. 

Saylov natijalari elon qilingach, Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Qosim-Jomart To‘qayevni navbatdan tashqari prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan birinchilardan bo‘lib tabrikladi.

“Sizni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman! Bu g‘alaba Sizning davlat rahbari sifatidagi yuksak nufuzingizdan dalolat berib, amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlaringiz va yangi tashabbuslaringiz, shuningdek, davlatimiz mustaqilligi garovga qo‘yilgan og‘ir damlarda ko‘rsatgan matonat, qat’iyat va donolikka xalqning ishonchining so‘zsiz isbotidir”, deydi Nazarboyev o‘z tabrigida.

Shu o‘rinda tarixga qaytmay ilojimiz yo‘q. O‘zi To‘qayev mamlakat boshiga qanday kelib qoldi? Mamlakatni 1989 yildan 2019 yilgacha – roppa rosa 30 yil boshqargan Nursulton Nazarboyev birdan Prezidentlikdan ketishini aytib, hammmani shokka tushirdi. Mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra, Prezident lavozimini o‘sha vaqtda Senat raisi bo‘lib ishlab kelayotgan To‘qayev egalladi va oradan uch oy o‘tib, Prezident saylovi o‘tkazildi. O‘shanda ham To‘qayevning katta natija qayd etib, ishonchli g‘alaba erishgani aytildi va janob To‘qayevning Nazarboyev soyasi ostidagi prezidentligi boshlandi. Senatda undan bo‘sh qolgan o‘rinni esa Nazarboyevning to‘ng‘ich arzandasi Darig‘a Nazarboyeva egalladi. 

Rasman mamlakat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev bo‘lsa-da, hali tetik bo‘lgan Nursulton Nazarboyev respublikaning to‘liq tizginini To‘qayevning qo‘liga tutqazib qo‘ygani yo‘q. Mamlakat sobiq Prezident sharafiga “nur”larga to‘ldi. Poytaxt nomi Nur-Sultonga o‘zgardi. Birinchi Prezident va uning oilasiga qo‘sha-qo‘sha vakolatlar berildi. Uning maqomi Konstitutsiyada belgilandi. Xullas, Nazarboyev To‘qayevning qo‘li bilan o‘zi va oilasini to o‘lgunicha, balki undan ham keyin ishlaydigan tarzda daxlsizlashtirib oldi. 

Prezident To‘qayev. Ammo u mamlakatda Prezident. Mamlakat tashqarisidagi rasmiy tadbirlarda hamon mehmon va mamlakat nomidan so‘z oluvchi Nazarboyev. Qozog‘istonning ikkiga bo‘linishi xorijda ham Qozog‘istonga nisbatan munosabatlarga ta’sir qila boshladi. Rasmiy uchrashuv va muloqotlarda davlatning ikki rahbari paydo bo‘lgandek edi. Aynan shu ikki boshlilik Qozog‘istonni “qonli yanvar” fojialariga yetakladi. 

Yodingizda bo‘lsa 2022 yilning ilk kunlarida Qozog‘istonda norozilik aksiyalari boshlangandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi qariyb 3 ming so‘mga ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. 

Talato‘plar ortidan 5 yanvar kuni, Qozog‘iston Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, 1989 yildan 2019 yilgacha mamlakat prezidenti bo‘lgan, 2019 yilning mart oyidan Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Birinchi Prezident - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning vakolatlari nihoyat Prezident To‘qayevga o‘tdi.

28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi. 

2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.

“Qonli yanvar” voqealari ortidan 2020 yilning 29 aprelida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazilishini e’lon qildi. 

Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining uchdan bir qismiga tegishli bo‘lgan jami 33 ta o‘zgartirish ovozga qo‘yildi. Asosiy o‘zgartirishlardan biri Konstitutsiyadan respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga bag‘ishlangan moddaning chiqarib tashlanishidir. 

Shuningdek o‘zgartirishlarda, Qozog‘istonning bir Prezidenti ketma-ket saylanishi mumkin emasligi, Davlat rahbari bir marta 7 yilga saylanishi belgilandi. Bundan tashqari, mamlakat raxbarining yaqin qarindoshlariga davlat xizmatchisi lavozimlarini egallash taqiqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Qozog'iston

Baholaganlar

121

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing