Nursulton Nazarboyev nomini tarixdan o‘chirayotgan To‘qayevni g‘alaba bilan tabrikladi
Olam
−
21 noyabr 2022
8262Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Qosim-Jomart To‘qayevni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi.
“Sizni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman! Bu g‘alaba Sizning davlat rahbari sifatidagi yuksak nufuzingizdan dalolat berib, amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlaringiz va yangi tashabbuslaringiz, shuningdek, davlatimiz mustaqilligi garovga qo‘yilgan og‘ir damlarda ko‘rsatgan matonat, qat’iyat va donolikka xalqning ishonchining so‘zsiz isbotidir”, deydi Nazarboyev o‘z tabrigida.
Nazarboyev To‘qayevga har doim xalqning umumbashariy qo‘llab-quvvatlashi va hurmatidan bahramand bo‘lishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 noyabr kuni Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Nursulton Nazarboyev ham “Ostona Opera” saylov uchastkasida ovoz berib, saylovda ishtirok etdi.
“Exit poll” natijalariga ko‘ra, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev 82 foizga yaqin ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi.
Qayd etish kerakki, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyev lavozimidan ketganidan 3 yil o‘tib, unga oid bir qancha qaror va qonunlar bekor qilindi. Xususan, uning nomi berilgan poytaxt Nur-Sulton shahriga ham Ostona nomi qaytarildi. Nazarboyevdan Elboshi rutbasi va qator imtiyozlar olib qo‘yildi.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda 1 dekabr Birinchi Prezident kuni sifatida nishonlanib kelingan. Bu haqdagi qaror 2011 yilda qabul qilingan va birinchi marta 2012 yilning 1 dekabrida nishonlangan. Bu kunning sanasi tasodifan tanlanmagan. 1991 yil 1 dekabrda Nursulton Nazarboyev birinchi xalq saylovlarida Qozog‘iston Prezidenti etib saylangan.
29 sentyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatning "Birinchi Prezidenti kuni"ni davlat bayramlari ro‘yxatidan chiqarib tashlash haqidagi qonunni imzoladi.
LiveBarchasi