Ichkaridagi ishlar yohud Oyatullo Maxsumov rostdan o‘z joniga qasd qilganmi?

Tahlil

Joriy yilning 9 oktyabr kuni Navoiy shahar beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasida mahkum vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarlar keng jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lgach, Navoiy viloyat prokuraturasi tezkorlik bilan holatga munosabat bildirib, mahkum o‘ldirilmagani, aksincha, o‘z joniga qasd qilganini aytib chiqdi.

IIV, Navoiy viloyat prokuraturasi, shuningdek, Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, mahkum Oyatullo Rahmatullo o‘g‘li Maxsumov joriy yilning 7 oktyabr kuni soat taxminan 01:35 larda koloniya intizomiy bo‘linmasining 2-hujrasida o‘zining kiyimidan arqon yasab, yotish uchun mo‘ljallangan o‘rin joyidagi krovat temiriga o‘zini osib, o‘z joniga qasd qilgan.

QALAMPIR.UZ mazkur masala yuzasidan surishtiruv o‘tkazdi. Xo‘sh, Oyatullo Maxsumov o‘z joniga qasd qilganmi? Marhumning yaqinlari qanday fikrda?

Nima uchun O‘zbekiston turmalarida ba’zan mahkumlar o‘zini o‘ldiradi yoki ularni o‘ldirishadimi? O‘zbekistondagi qamoqxonalarda qiynoqlar haligacha davom etyaptimi?

Biz mazkur savollarga javob olish uchun marhum Oyatullo Maxsumovning yaqinlari, oila a’zolaridan, xalq vakili bo‘lgan deputat Jahongir Jiyanov, Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovdan hamda Navoiydagi turmalarda jazo o‘tagan va hozir ozodlikka chiqqan sobiq mahkumlar bilan suhbatlashdik.

Oyatulloning  ota-onasi farzandlari o‘z joniga qasd qilmagani, chunki uning bo‘ynida arqon izi yo‘qligini, shuning uchun qamoqxona xodimlari Oyatulloni o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

“Men bolamning jasadini morgga borib ochib ko‘rdim. Men qo‘y emasman-ku o‘zini osgan bilan kaltak yeganning farqiga bormaydigan. Qanaqadir trosslarda qisganmi, bilmayman, badani archilib ketgan. Ko‘rib bo‘lmaydi. Oyog‘ining tagiga “dubinka” bilan urgan. Uni suvning ichiga tushirib qo‘yib, yalong‘och qilib urishgan”, deydi marhum mahkumning otasi Rahmatulla Maxsumov.

Uning aytishicha, ularga dastavval koloniyadan telefon qilib, Oyatulloning izolyatorga tushib qolganini aytishgan. Ertasi kuni esa telefon qilib uning o‘lgani haqida xabar berishgan.

“Qo‘lidan trossda tortilganmi, izlar bor edi. Uning ko‘krak qafas qismi ko‘karib-qontalash bo‘lib ketgan edi. Oyog‘ining tizzadan past qismi singan”, deb aytdi Oyatulloning tog‘asi Salohiddin Muhamedov.

Oyatulloning onasi esa o‘g‘lining o‘limida o‘zini ayblashdan nariga o‘tmadi. Chunki, u bir necha marotaba farzandining jazo muddatini qisqartirishni so‘rab, IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga, Prezident Adminstratsiyasiga va yana bir qancha davlat idoralariga murojaat qilgan. Biroq, ushbu murojaatlardan keyin Oyatullo o‘ziga bosim bo‘layotganini aytgan.

“Men o‘zimni aybdor deb his qilyapmanki, telefonim orqali bolamga yaxshilik emas, balki yomonliklar qilib qo‘yibman. Uning o‘limiga mening murojaatlarim sabab bo‘libdi. Mahkumlarga yengillik haqidagi yangi qonunlar amalda faqat salbiy oqibatlarga olib kelar ekan. Chiqarilayotgan barcha yengilliklar faqat qog‘ozda qolib ketar ekan. Hech kim endi o‘g‘limni qaytarib berolmaydi. Men tirik murdaman. Boshqa onalar shunday bo‘lishini xohlamayman. Menday qolgan umrini vijdonan qiynalib o‘tkazishini xohlamayman”, deydi marhumning onasi Zulayho Maxsumova.

Tomonlarni teng o‘rganish maqsadida biz ikkinchi tomon, Ichki ishlar vazirligi, Navoiydagi 4-son jazoni ijro etish kaloniyasi boshlig‘i bilan bog‘lanmoqchi bo‘ldik. Ammo butun tizim nomidan javob berishini aytgan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshev marhumning oila a’zolari aytayotgan gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.

“Haqiqatdan ham marhumning jasadi 8 oktyabr kuni uyiga jo‘natildi. Voqea haqidagi xabar 9 oktyabr kuni marhumning ko‘milishidan avval chiqyapti. Endi turmada morg sharoiti emas. Qon bunaqa sharoitda ba’zi joylarda tananing pastki qismiga oqmasdan, ayrim joylarda qotib qoladi. Marhumning oila a’zolari shuni ko‘rib, farzandlari kaltaklangan degan fikrga borgan. Mahkum o‘zini osgan paytda darhol prokuraturadan, IIVdan xodimlar kelishdi. Holatni o‘rganishdi, lekin kaltaklanganlik alomatlari topilmagan”, dedi Yo‘ldoshev.


Andijon shahar deputati esa Ichki ishlar xodimlariga ishonchsizlik bildirib, ularning bahonasi mantiqdan yiroq ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar haqiqatan ham IIV haq bo‘lsa, turmadagi kameralardagi yozuvlarni xalqqa ko‘rsatishi kerak.

“O‘ziga kelganda kameralardagi yozuvlarni yashiryapti, jamoatchilikka kelganda ochiq-oydin ko‘rsatyapti. Ochiqlik siyosatidan faqat bir tomonlama, o‘ziga kerak bo‘lgan paytlarda foydalanyapti. Boshqa holatlarga kelganda esa maksimal darajada yashirishga harakat qilyapti. Buning uddasidan chiqyapti ham. Ichki ishlar vazirligi o‘zining asl yuzini ko‘rsatib qo‘ymoqda. Xo‘p, mahkum o‘lgan ekan, nima uchun uning ayblarini elga ovoza qilyapti.  Ha, u jinoyatchi, lekin o‘z aybi uchun jazo o‘tayotgan edi”, deydi deputat Jiyanov.

Jazoni ijro etish departamenti matbuot kotibi deputatning shubhalarini quyidagicha izohladi:

“Kameralar u yotadigan xonada yo‘q. Faqat koridorda bo‘ladi. Chunki uning kiyinishi bor, shaxsiy ehtiyojidan kelib chiqib qiladigan ishlari bor. Shuning uchun uning xonasiga kamera qo‘ya olmaymiz. Lekin har yarim soat, bir soatda nazoratchi mahkumlardan xabar olib turadi. Nazoratchi eshikning tagidan o‘tib, teshik tirqishidan qarab o‘tib ketadi. Ana shunday qarab o‘tib ketayotgan paytida Oyatullo Maxsumovning o‘z kiyimidan arqon yasab, o‘zini osib qo‘yganini ko‘rib qolgan. Shartta yechvolib olib borgan ham. Nazoratchining aytishicha, o‘sha paytda uning joni uzilmagan bo‘lgan. Koloniyadagi doktorlarning oldiga olib borilgan, birinchi yordam ko‘rsatilgan. Lekin kech qolishgan bo‘lgan”.

Shuningdek, prokuratura xodimlarining xatti-harakatlari, ekspertiza o‘tkazishdagi tushunmovchiliklar ham marhumning yaqinlarida shubha uyg‘otgan.

“Biz borgunimizcha ekspertiza o‘tkazib bo‘lishibdi. Lekin bo‘ynida arqon izi yo‘q edi. Ular aybini yashirish uchun bo‘ynini ham kesishgan”, deydi Oyatulloning otasi.

Shuningdek, uning tog‘asi ham ekspertiza ustidan ariza yozmoqchi bo‘lganida morg xodimlari undan jasadni tezroq olib ketishini so‘rab, aks holda uni Navoiydagi qabristonlardan biriga ko‘mib yuborishini aytgan. Shu sababli marhumning yaqinlari murdani o‘zlari bilan olib ketishga majbur bo‘lgan.

Xo‘p, marhum o‘zini o‘ldirgan degan fikrga ham boraylik. Shu o‘rinda u nega o‘zini osdi, degan savol tug‘iladi.

“Jazoni ijro etish muassasalarida bugun 30 mingga yaqin mahkum saqlanadi. 30 mingta odam jinoyat sodir etishga moyilligi bor maxsus kontingent hisoblanadi. O‘z joniga qasd qilish nimadan bo‘lishi mumkin? Oilasini sog‘ingandan bo‘lishi mumkin, buni qiynoq alomatiga yo‘yish yaxshi emas. Bu koloniya bo‘lgandan keyin to‘rtta devorning ichida oilasini sog‘inadi, siqiladi, umri o‘tib ketyapti. Bu uning holatiga psixologik ta’sir qiladi. Buni qiynoqlar bilan bog‘lash noto‘g‘ri. Men sizga fakt bo‘yicha ayta olamanki, bizda qiynoqqa solish holati bo‘lmagan”, deydi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshev.

Uning aytishicha, Oyatullo o‘zini osgan paytda xonada, turmaning 2-hujrasida bir o‘zi bo‘lgan va shuning uchun uning ovozini hech kim eshitmagan.

Marhum mahkumning otasi esa “mening o‘g‘lim o‘zini osadigan bola emasdi”, deyapti.

Tog‘asi esa Oyatulloning bo‘yi uzun bo‘lgani, krovatga o‘zini osganda oyog‘i yerga tegib qolishi antiqligini aytib, IIV hamda Prokuraturaning gaplari mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi sabab ularga ishonmasligini bildirdi.

“Lampochkaning simiga osib qo‘yganlar bo‘lgan. Siz nima deyapsiz? “Plintus”ni yulvolib, dor yasab osadiganlar bor. Har xil, ming bir usulini topadi ichkarida. Kiyimiga osib qo‘yyapti qarang, o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring, jenferiga o‘zini osganini. Mahkumlar ichkariga kirgach, ana shunday o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish maqsadida botinkasining ipigacha olib qo‘yiladi”, deya “ichkari”ning biz bilmagan haqiqatlari haqida gapirib berdi Jazoni ijro etish departamenti matbuot kotibi.

Ammo o‘sha savol yana ochiq qolmoqda. Nima uchun ular bunchalik o‘zini o‘ldirishga harakat qilishadi.

Farzand dog‘ida kuyayotgan ota-ona mas’ullardan adolat so‘ramoqda. Ularning aytishicha, Oyatulloning o‘lim sababi qayta tekshirilishi kerak.

Marhumning yaqinlari u haqiqatan ham aybdor ekani, aybiga yarasha jazo olayotganini, o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lganini ta’kidladi. Eng achinarlisi, turmadan o‘lik holda chiqarilgan Oyatulloning jasadi birinchisi emas va oxirgisi bo‘lmasligi ham mumkin.

Oyatullodan avval, joriy yilning fevral oyida ham Navoiy viloyatidagi 36-sonli manzil koloniyada jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkum Umid Jonuzoqov o‘z joniga qasd qilgani, unga nisbatan koloniya katta tezkor vakili lavozimida xizmat qiluvchi mayor tomonidan bosim o‘tkazilgani to‘g‘risida videomurojaat joylangan. U hatto mahkumdan pul so‘ragani ham aytib o‘tilgan.

Biroq, Ichki ishlar vazirligi holatga izoh berib, mahkum Jonuzoqovga hech qaysi xodim kuch ishlatmagani, u o‘zining og‘iz bo‘shlig‘ida saqlab kelayotgan lezviya bilan o‘ziga o‘zi jarohat yetkazganini aytib chiqqan.

2020 yilda ham Navoiydagi qamoqxonadan yangiyo‘llik 45 yashar mahkum Farruh Xidirovning jasadi chiqarilgandi.

Ichki ishlar vazirligi esa o‘sha paytda uning o‘limini limfa tugunlarining tarqoq kattalashishi, orofarengial kandidoz, noma’lum etiologiyadan uzoq davom etuvchi isitma, tana vaznining 10 foizdan ortiq ozishi, diareya bilan izohlagan. Ammo bu vaziyatda ham marhumning oilasi u tazyiqqa uchragani, kaltaklangani va og‘ir jarohatlari sabab vafot etganini da’vo qilgan. Biroq ularning ovozini mas’ullar eshitishmadi. Eshitganlari esa rad etdi.

Xullas, bu ro‘yxatni yana ancha davom ettirish mumkin va mahkumlarning qiynoqqa solinishi, turmaning o‘zida jon berishi yoki Ichki ishlar vazirligi, prokuraturaning tili bilan aytganda “o‘z joniga qasd qilishi” respublikadagi turmalarda, manzil koloniyalarda uchrab turadigan holat. Marhumlarning oila a’zolari ularga nisbatan qiynoq bo‘lganini aytishadi, IIV, prokuratura esa qamoqxonada mahkumlarga hech qanday qiynoqlar qo‘llanilmasligini da’vo qiladi. Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning ham turmalar mavzusidagi bayonotlarida ham qiynoqlar deyarli yo‘qligi yaltiroq qilib yoziladi. Masalan, O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmani Feruza Eshmatovaning 2021 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, qamoqxonalardagi vaziyatda “ombudsman o‘zining faoliyatini kelib tushayotgan murojaatlarga qarab baholaydi”.

“Hozirgi kunda jazoni ijro etish muassasalarida men o‘zim qiynoq holatlarini deyarli uchratganim yo‘q. Ular bilan suhbatlashganimizda, shu paytgacha ularning hech qaysisidan, masalan, “meni bu qiynayapti”, “urdi” yoki qanaqadir “ruhiy tazyiq, bosim, qiynoqlar o‘tkazayapti” degan [murojaat] bo‘lmadi. Bugungi kunga qadar 120 ga yaqin monitoring tashrifi o‘tkazdik. Lekin bizga hali bunday murojaat kelib tushgani yo‘q”, degan u.

Butun tizim nomidan javob bera olishini ma’lum qilgan departament matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshevning aytishicha, departament ham qiynoqlar masalasida faqat faktlarga tayanadi.

“Men sizga Navoiydagi koloniyalarda qiynoqlar 100 foiz yo‘qligi haqida ayta olaman. Aynan Navoiydagi 4-sonli koloniya haqida gapiradigan bo‘lsam, u yerda bir necha marotaba jinoyat sodir etib qamalganlar bor. Ularning ichida koloniyada yaxshi sharoit xohlaydiganlar bor. Ayrimlari qonunlardan chetga chiqib, erkinlik istab qoladi. Shuning uchun ular har xil gaplar aytishi mumkin. Lekin men sizga aniq faktlar asosida ayta olamanki,, yaqin 5-6 yilning ichida prokuratura organlari va Ombudsmanning o‘rganishlari natijasida biror marta qiynoq holati aniqlanmagan”, dedi Yo‘ldoshev.  

Biz aynan Oyatullo jazo o‘tagan Navoiy shahar beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasida, shuningdek, Navoiydagi boshqa kaloniyalarda jazo muddatini o‘tagan, yoki xalq tilida aytganda, “o‘tirib chiqqanlar”ning ayrimlari bilan suhbatlashamiz.

Ismini sir saqlashni so‘ragan boshqa bir mahkum ham qiynoqlarni o‘z boshidan o‘tkazgan.


“Men Navoiy shahar jazoni ijro etish muassasasiga 2019 yilda borganman. 2021 yilning 30 noyabrda jazo muddatimning to‘rtdan bir qismi tugashi kerak edi. Men shu ikki yil ichida umuman “narusheniye” qilmaganman. Lekin meni chaqirib “telefon berasan”, deb talab qilishdi. Menda telefon yo‘qligini aytganimdan so‘ng, to‘qqiz marta oyog‘imga “dubinka”da urishgan. Meni urishayotganda boshqa bir mahkum kelib qoldi. Keyin esa mendan ularning urganini hech kimga aytmasligimni talab qilishdi”, deydi u.

Navoiydagi koloniyalardan birida jazo o‘tagan yana bir ism-sharifini sir saqlagan mahkum qamoqxonalardagi bosimlar avvalo ruhiy tomonlama boshlanishini, mahkumlarni mahkumlarning o‘ziga urdirishini aytib berdi.

“Mahkumning shaxsiyatiga tegishadi. Keyin uning quyushqondan chiqqanidan foydalanib, IIO xodimiga hurmatsizlikda ayblaydi va yana “izolyator”ga olib kirishadi”, dedi sobiq mahkum.

Shuningdek, sobiq mahkumlarning aytishicha, mahkum qamoqxonaga tushgan payti hech qanday psixologlarning dastlabki ko‘niktiruv mashg‘ulotlari bo‘lmaydi. Bundan tashqari, Navoiydagi koloniyalarning psixologlari malakasiz va ularning o‘ziga psixolog yordami kerak.

Sobiq mahkumlarning aytishicha, qamoqxonalarda qiynoqlar odatiy hol. Biroq “nima uchun” degan savol yana ko‘ndalang.

Qamoqxonadagi mahkumlar ham inson va ularning cheklangan bo‘lsa-da huquqlari bor. Lekin bugun O‘zbekiston qamoqxonalarida ozodlikdan mahrum etilganlarning o‘sha kichik huquqlari himoya qilinyaptimi?

Bu savolimizga aynan turmalardagi holatlar bo‘yicha izlanishlar olib boradigan inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovdan javob oldik. Uning ma’lumot berishicha, O‘zbekistondagi qamoqxonalarda qiynoqlar soni sezilarli darajada oshgan.

“Dastlab 2020-2021 yilda Prezidentimiz tomonidan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha mexanizmlar sistemasi joriy qilindi va bu vazifa Ombudsman boshchiligidagi Kommissiyaga topshirildi. Biz ham shu Komissiyaning a’zosi sifatida turmalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri monitoringlar uyushtirdik. Jarayonni kuzatish davomida nazoratning kuchaytirilgani uchun ko‘plab qiynoqlarning oldi olinganining guvohi bo‘ldik.   Lekin keyingi yillarda, ayniqsa, joriy yilning boshidan beri Ombudsman bilan ovozimiz bir joydan chiqmay qoldi. To‘g‘rirog‘i, biz ularning xo‘riga qo‘shilolmay qoldik. Shuning uchun hozir ular monitoring kuzatuvlarida ishtirok etishimizga qo‘ymayapti”, deydi inson huquqlari faoli Tashanov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Ombudsman mana shunday optimistik kayfiyatda O‘zbekistonda qiynoqlar yo‘q, deb o‘tiraversa, yaqin o‘rtada bu muammoning oldini ololmaymiz.

Bu borada Jazoni ijro etish departamentining esa umuman boshqa gapni aytmoqda.

“Odam xom sut emgan bandada. Bir joyda yolg‘on gapirishi mumkin, yomon ko‘rgan odamiga qo‘shimcha ayb to‘nkashi mumkin. Men sizga mening sohamni yaxshilang yoki biron nimani yashiring, demoqchi emasman. Shunchaki, aniq faktlar asosida ishlagan ma’qul. Ombudsmandan yoki prokuraturadan so‘rasangiz aniq aytadi: qachon qiynoq holati kuzatildi, qachon va kim mahkumga azob berdi, qiynadi? Qani biror fakt bormikin?!”. 

Jinoyatchi har qancha yovuz bo‘lmasin, har qancha xatolar qilmasin, u yaqinlari, ota-onasi uchun baribir aziz! Buni mana muqaddam to‘rt marotaba sudlangan Oyatulloning ota-onasi misolida ham ko‘rish mumkin. Ular xatoga yo‘l qo‘ygan farzandini qonun qo‘liga topshirar ekanlar, jigarbandiga aql kirishiga, insofga kelishiga umid qiladi. Ammo farzandlari turmadan esi kirib emas, joni chiqib, vafot etib chiqqach, ularning umidlari sinadi.

2019 yilda 16 iyul kuni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mamlakatda Tergov qo‘mitasini tashkil etishni taklif qilib chiqqan edi.

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida  O‘zbekistondagi tergov va jazoni ijro etish muassasalarida gumonlanuvchi va jazoga mahkum etilganlar ustidan sodir etilayotgan qiynoq va tazyiqlar hali ham uchrab turgani, bu esa fuqarolarning jiddiy e’tirozini keltirib chiqarayotgani hamda mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytgan edi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan O‘zbekistonda Qiynoqning oldini olish qo‘mitasi tashkil etish taklifi ilgari surildi. Ammo, bu taklif haligacha amalga oshirilgani yo‘q.

Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 11-yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva qamoqxonalardagi qiynoqlar mavzusiga to‘xtalgan va mazkur masala “kun tartibidan chiqib ketishi kerak”ligini ta’kidlagandi.

Bunday muhim islohatlarning ortga surilishi ortidan O‘zbekistondagi qamoqxonalarda mahkumlarning jon berish holatlari ayrim vaziyatlarda ko‘zga tashlanmoqda.Tergovgacha bo‘lgan jarayonlarda fuqarolarning qiynoqlar oqibatida vafot etishi ham bundan mustasno emas.

Masalan, o‘tgan yilning 23 yanvarida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida mol o‘g‘irlashda gumon qilingan 32 yoshli erkak IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgandi.

Xuddi shunday, o‘tgan yilning 29 may kuni fuqaro A.Abdukarimov qimmatbaho tosh o‘g‘irlashda gumonlanib, Andijon shahar IIBga olib kelingan va shafqatsizlarcha qiynoqqa solinishi natijasida shifoxonada vafot etgandi.

Biz O‘zbekistonda mahbuslarga bo‘lgan munosabatni Oyatullo va yana ayrim vafot etgan mahkumlar misolida o‘rganishga harakat qildik. Vaziyat haqida quruq axborot bermasdan, uni tahlil qilishga urindik. Niyatimiz muammo muammoligicha qolmasin, osonlikcha unutilmasin. Zero, mahbuslar ham inson!

Qo‘shimcha o‘rnida, Oyatullo Maxsumov odam o‘ldirish aybi bilan qamalgan bo‘lsa-da, u joniga qasd qilgan yigit tirik.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, agar jinoyatchi qasddan odam o‘ldirishni maqsad qilib jabrlanuvchiga suiqasd qilgan bo‘lsa, lekin jabrlanuvchi baxtli tasodif tufayli tirik qolgan taqdirda ham, bu jinoyatchining O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi bilan jazoga tortilishiga asos bo‘la oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

128

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing