Qamoqxonalarda qiynoqlar ancha kamaygan – Abdurahmon Tashanov

Jamiyat

image

Dunyoning boshqa davlatlari qatori O‘zbekistonda ham inson huquqlarining buzilishi dolzarb masala bo‘lib kelmoqda. Ommaviy axborot vositalarini kuzatar ekanmiz, kimningdir ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga qaratgani uchun qamalgani, boshqa birovning esa tuhmat orqali sha’ni toptalgani, qamoqxonada mahkumning o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgani-yu, siyosiy mahkumlarning qo‘lida qontalash borligi kabi xabarlarga duch kelamiz. Ko‘p holatda ushbu xabarlar keng jamoatchilik muhokamasiga, ularning his-tuyg‘ularini jumbushga kelishiga sabab bo‘ladi. O‘zi mahbuslarning qanday huquqlari bor? Ular uchun yaqin vaqt davomida, qanaqa shart-sharoitlar yaratib berilgan?

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov joriy yilning 8 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada tergov hibsxonalarida tergov qilinayotgan va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarga nisbatan insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning kamayganini aytib o‘tdi.

“Keyingi paytlarda qamoqxonalarda qiynoqlar ancha kamaygan, deyarli to‘xtagan desa ham bo‘ladi. To‘g‘ri ba’zan qiynoqlar haqidagi gaplar yangrab qolyapti, lekin ular asosan tergov izolyatorlarida, ya’ni so‘roqlar jarayonida kuzatiladi. 2020 yilning may oyida qamoqxonalarni davlat siridan olib tashlash bo‘yicha hukumat qarori chiqqanidan keyin, katta o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘zbekistonda qancha qamoqxona, qancha mahkum bor degan ma’lumotlar ochiqlandi. Ilgari xorij matbuotida “O‘zbekiston – qamoqxonalar mamlakati”, “O‘zbekistonda 100 ming maxbus bor”, degan xabarlar tarqalardi. Lekin keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, mamlakatimiz dunyoda qamoqxonalarda mahkumlarning soni bo‘yicha ijobiy statistikaga ega”, deydi inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov.

U so‘zida davom etib, dunyoda 100 foiz qiynoqlardan holi bo‘lgan muassasaning o‘zi yo‘q ekanini qo‘shimcha qildi. Hattoki rivojlangan mamlakatlarda ham xuddi shunaqa. Bunday holatlarga qarshi kurashish uchun “Ezgulik” jamiyati bir qancha takliflar bildirgan.

“Hukumatga bir qancha takliflar bilan chiqdik. Qamoqxonadagi tibbiyot xodimlarini Ichki ishlar vazirligidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga bo‘yso‘nadigan qilishimiz kerak. Tasavvur qiling, qamoqxona xodimi qiynoq o‘tkazsada, yana boshqa qamoqxona xodimi uni tekshirsa. Bu umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Yana mahkumlarga beriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining miqdorini ham oshirish lozim. Hozir bular hujjatlashtirish jarayonida. Bu hujjatlashtirishga qancha vaqt ketadi, qancha cho‘ziladi bu bizga qorong‘u. Ammo harakat bor”, deydi Abdurahmon Tashanov.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ham bu boradagi holatlarga munosabat bildirib, faoliyati davomida qamoqxonadagi qiynoqlarga doir murojaatlarga duch kelmayotganini ma’lum qildi.

“Ombudsman o‘zining faoliyatini kelib tushayotgan murojaatlarga qarab baholaydi. Hozirgi kunda jazoni ijro etish muassasalarida qiynoq holatlarini deyarli uchratmadim. Biz jazoni ijro etish muassasalariga borib, mahkumlar bilan uchrashganimizda hech kimda “meni qiynayapti”, “meni urdi”, “ruhiy tazyiq o‘tkazdi” yoki “ruhiy bosimlar o‘tkazyapti”, degan gaplarni eshitmadik. Bugungi kunda 120 ga qadar monitoring tashrifi o‘tkazdik, lekin hali bunaqa murojaat kelib tushgani yo‘q”, deydi ombudsman Feruza Eshmatova.

Ta’kidlash kerakki, shaxsni qiynoqqa solish uni qilmagan ishini bo‘yniga qo‘yish aholi orasida tergov va sudga nisbatan nafrat, ishonchsizlik ortib borishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, ayblanuvchi, gumon qilinuvchi, guvoh, hatto, ba’zida jabrlanuvchini so‘roq qilish paytida psixologik bosimga olinishi ko‘plab tergov va sud xatolariga sabab bo‘ladi. Bu esa bir shaxsning nohaq ayblanishiga sabab bo‘ladi va haqiqatning ochilishiga to‘sqinlik qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

111

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing