O‘zbekistonda Tergov qo‘mitasini tuzish taklif etildi
Jamiyat
−
17 iyul 2019
5418O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mamlakatda Tergov qo‘mitasini tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Kecha, 16 iyul kuni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining dasturi va Saylovoldi dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov barchani amaliy takliflar bilan faol ishtirok etishga chaqirdi.
Faollar tomonidan sud tizimini yanada takomillashtirish taklifi bildirildi. Unga ko‘ra, tumanlararo sudlarni fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha yagona odil sudlov organiga birlashtirib, Oliy sud bilan bir xil tizimdagi umumyurisdiksiya sudlarini yaratish lozim. Shuningdek, mamlakatimizda barcha tergov idoralarini birlashtirib, yagona – O‘zbekiston Respublikasi Tergov qo‘mitasini tashkil etish taklif qilindi. Bundan tashqari, sud tizimida inson omilini iloji boricha kamaytirish, uning ochiq va shaffofligini ta’minlamasdan turib sudlarni adolat qo‘rg‘oni sifatida shakllantirib bo‘lmasligi qayd etildi.
Tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish jarayonida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini kengaytirish lozimligi ta’kidlandi. Bunda asosiy e’tiborni barcha muassasalarda “aqlli tibbiyot”, “elektron tibbiyot” tizimi asosida ishlashga o‘tkazish taklif etildi. Shundan kelib chiqib, partiya Saylovoldi dasturida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar doirasi belgilanishi, pullik va bepul davolanish o‘rtasida aniq chegara o‘rnatilishiga ham e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda bir qancha huquqni muhofaza qilish idoralari tergov bilan shug‘ullanadi. Quyidagilar tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega:
- ichki ishlar organlari;
- Milliy gvardiya organlari;
- Davlat xavfsizlik xizmati organlari;
- yong‘in xavfsizligi organlari;
- chegarani qo‘riqlash organlari;
- davlat bojxona xizmati organlari;
- Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlar bilan kurash departamenti va uning joylardagi bo‘linmalari;
- Majburiy ijro byurosi va boshqalar.
LiveBarchasi