Maktabda uyushtirilgan otishma qurbonlari soni ortdi

Olam

image

Rossiyaning Ijevsk (Udmurtiya respublikasida) shahridagi 88-maktabda uyushtirilgan otishma qurbonlari 17 nafarga yetdi. Bungacha 15 nafar qurbon ma’lum bo‘lgandi. Bu haqda Udmurtiya respublikasi hukumati Rossiya Tergov qo‘mitasiga tayanib xabar berdi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 24 kishi jarohatlangan. Ularning 22 nafari bolalar. Barcha jabrlanganlar tibbiy muassasalarga yetkazilgan. Udmurtiya rahbari Aleksandr Brechalovning so‘zlariga ko‘ra, ularning ahvoli og‘ir va o‘rtacha og‘irlikda. To‘qqiz bola va ikki voyaga yetgan kishi reanimatsiyada qolmoqda. 

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, erkak qora niqobda maktabga bostirib kirgan. Dastlab qo‘riqchiga o‘q uzgan, keyin sinfxonaga borib, o‘quvchilarga hujum qilgan.

Surishtiruv davomida hujum qilgan shaxs 1988 yilda tug‘ilgan Artem Kazansev ekani, u ham 88-maktab bitiruvchisi ekani aniqlangan. U hujumdan keyin o‘z joniga qasd qilgan. U muqaddam shizofreniya tashxisi bilan psixo-nevrologik dispanserda ro‘yxatga olingan. 

Hodisa yuzasidan Tergov qo‘mitasi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi – ikki yoki undan ortiq shaxslarni, shu jumladan voyaga yetmaganlarni o‘ldirish, 222-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘adi. Tergovni Tergov qo‘mitasi markaziy apparati olib boradi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktabga hujumda bir qancha odam vafot etgani munosabati bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

maktabda otishma

Baholaganlar

170

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing