O‘yinga Ummon qo‘shildi, AQSH bombardimon qiladimi?
Tahlil
−
22:14 819 8 daqiqa
Hormuz hech qachon faqat Eronnikki bo‘lmagan. Bo‘gozning ikki qirg‘og‘i ikki davlatga tegishli: shimol tomonda Eron bo‘lsa, janubda Ummon Sultonligi yerlari mavjud. Ya’ni, bo‘gozni to‘liq nazorat qilish uchun Maskatning ham roziligi kerak.
Aynan shu sababli Eron bugun Ummon bilan yaqinlashishga urinmoqda. Mamlakat tashqi ishlari rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiyning ma’lum qilishicha, ikki sohilbo‘yi davlati qariyb uch oydan beri xavfsiz dengiz yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha jadal muzokaralar olib bormoqda.
Ammo Hormuzning taqdirini bu ikki davlat tomonidan belgilanishi AQSHga yoqmadi. Har qancha g‘alati bo‘lmasin, Hormuzga egalik masalasida Prezident Donald Tramp har qanday boshqa da’vogar davlatdan ko‘ra AQSHni haqliroq deb hisobladi. U Ummonning Eron bilan yaqinlashuvi AQSH manfaatlariga zid ekanligini aytib, muzokaralarga halal bersa bombardimon qilish bilan tahdi qildi. Qizig‘i, Ummon AQSHning uzoq yillik hamkori.
Xo‘sh, endi Ummon nima qiladi?
AQSH va Eron o‘rtasida keskinlik siyosiy tusini yo‘qotganiga ancha bo‘ldi. Bugun barcha e’tibor Hormuz bo‘g‘ozi atrofida jamlangan. Ushbu torgina suv yo‘lining jahon iqtisodiyotida tutgan o‘rni haqida shu qadar ko‘p gapirildiki, Tehron ham anchadan beri qo‘lida “tilla baliqcha” saqlab kelayotganini anglab qoldi.
Ammo yuqorida ta’kidlaganimizdek, Hormuzning janubida Ummon Sultonligi yerlari mavjud. BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasiga ko‘ra, mamlakat qirg‘oqlaridan 12 dengiz mili ya’ni taqriban 22 kilometrdan oshiqroq qismi shu davlatning hududiy suvlari hisoblanishi kerak. Bu hudud davlatning rasmiy chegarasi hisoblanadi va shu davlat qonunlari to‘liq amal qiladi.
Biroq Hormuzning eng tor joyi 21- 24 dengiz mili (taxminan 39–44 km) kenglikka ega, ya’ni har ikki davlatning hududi dengizda tutashib ketgan. Ammo BMT nizomiga ko‘ra, hududiy suvlardan har qanday xorijiy tijorat kemasi erkin o‘tishi mumkin. Hormuz esa alohida maqomga ega. U xalqaro yuk va neft tashiladigan eng muhim strategik bo‘g‘ozlardan biri bo‘lgani uchun u yerda “Tranzit o‘tish huquqi” amal qiladi. Ya’ni, nafaqat barcha mamlakatlar tijorat kemalari, balki harbiy kemalar ham erkin o‘tish huquqiga ega.
Ammo muammoli jihati shudaki, Eron BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasini parlament darajasida ratifikatsiya qilmagan. Ya’ni, xalqaro huquq faqat o‘yin qoidalari bilan o‘ynashni istaydigan ishtirokchilarga taalluqli, uni tan olmaganlar esa o‘z qoidalari bilan o‘ynayveradi.
Shu sababli, bugun Eron Hormuzni nazorat qilish da’vosidan qaytmayapti. Tehron va Maskat Hormuz bo‘g‘ozidan xavfsiz dengiz qatnovini tiklash bo‘yicha qariyb uch oydan beri muzokaralar olib bormoqda. Tomonlar kemalar qatnovi uchun yangi dengiz yo‘nalishlari xaritasini kelishib oldi. Endi navbat mazkur kelishuvni rasmiylashtirish va qo‘shma hujjatni imzolashga kelgan. Garchi, Ummon BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasini 1989 yilda ratifikatsiya qilgan bo‘lsa-da, bo‘g‘ozni nazorat qilish imkoniyatini boy bermoqchi emas.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiyga ko‘ra, so‘nggi uch hafta ichida muzokaralarda “ijobiy va istiqbolli” siljish kuzatilgan.
“AQSH tomonidan to‘sqinliklar bo‘lishiga qaramay, ushbu muzokaralar oxirgi uch haftada ijobiy va istiqbolli ilgarilashga erishdi, dengiz yo‘nalishlari xaritasi bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deydi u.
Ammo Tehronning Hormuz bo‘yicha talabi Maskat kutayotganidan ancha kengroq. Eronning takliflarida AQSH va Isroil kemalarining bo‘g‘ozdan o‘tishini taqiqlash, Eronga dushman deb baholangan davlatlardan kompensatsiya undirish hamda kemalar qatnovi uchun “xizmat haqi” joriy etish kabi talablar bor. Tehron, shuningdek, Hormuzdagi xavfsizlik va navigatsiyani boshqarishda o‘zining hal qiluvchi rolini saqlab qolishni istamoqda.
Eron hukumatining ayni paytdagi pozitsiyasiga ko‘ra, Hormuz xavfsizligini ta’minlash mas’uliyati mintaqa davlatlari, avvalo Eron zimmasida bo‘lishi kerak. Tehron AQSHning bo‘g‘oz ustidan nazorat o‘rnatish haqidagi da’volarini rad etmoqda.
Eron TIVga ko‘ra, bo‘g‘oz orqali to‘liq va normal qatnovni tiklash uchun AQSH harbiy-dengiz blokadasini, aralashuv va tahdidlarni to‘xtatishi hamda so‘nggi oylar davomida yuz bergan majburiyatlar buzilishi uchun kompensatsiya to‘lashi kerak.
Maskat esa Hormuzning faqat Eron tasarrufidagi yo‘lakka aylanishini istamayapti. Ummon bo‘g‘ozning janubiy qismidagi muhim sohilbo‘yi davlati sifatida o‘zining qonuniy va amaliy manfaatlarini hisobga olishni talab qilmoqda. “Al Hurra” portali ma’lumotiga ko‘ra, Maskat Hormuz boshqaruvida urush tugaganidan keyin ham doimiy va rasmiy rolga ega bo‘lishni, shuningdek, kemalardan olinadigan ehtimoliy to‘lovlarning bir qismini olishni xohlamoqda.
Sultonlikning dastlabki taklifi hatto bo‘g‘ozni Eron bilan 50/50 tamoyilida birgalikda boshqarishni nazarda tutgan. Tehron esa bu variantni bir necha bor rad etib, Maskatga faqat o‘zi taklif qilgan yo‘nalishning bir qismida rol beruvchi modelni ilgari surgan. Demak, tomonlar “kelishuvga erishdik” degan nuqtaga kelgan bo‘lsa-da, Hormuzning kelajakdagi boshqaruv mexanizmi hali ham mavhum.
Maskat o‘z navbatida Malakka bo‘g‘ozidagi modelga o‘xshash mexanizmni taklif qilmoqda. Malayziya, Tailand hamda Indoneziya o‘rtasida joylashgan bo‘g‘ozda kemalar bitta davlatga majburiy boj to‘lamaydi, balki mintaqaviy mexanizmga ixtiyoriy to‘lovlar amalga oshiradi. Bu versiyada Eronning bo‘g‘oz ustidan yakka nazorat o‘rnatishiga yo‘l qo‘yilaydi va Ummonning ham boshqaruv jarayonidagi rolini kafolatlanadi.
Bu jarayonda Ummonning mavqei ham o‘zgarib bormoqda. Ilgari Maskat asosan Eron va G‘arb o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi sifatida tanilgan bo‘lsa, endi u Hormuzning xavfsizligi va navigatsiyasini boshqarish masalasida bevosita ishtirokchiga aylanmoqda.
Hormuzning yangi “egasi”
Ummon va Eronda Hormuz ustidan nazorat o‘rnatish da’vosiga qandaydir asos topish mumkin. Ammo Tramp bo‘g‘ozni AQSH manfaatlari hududi deb e’lon qilishi uchun hech narsa kerak emas. 18 avgust kuni “Truth Social” tarmog‘ida Tramp “AQSHning yangi hududi” yozuvi ostida surat joyladi. Unda Fors ko‘rfazi va Ummon ko‘rfazi o‘rtasidagi Hormuz bo‘g‘ozi aylanaga olingan.
14 avgust kuni Tramp Nyu-Yorkdagi politsiya akademiyasida qilgan chiqishida Eron ustidan g‘alaba qozonilgach, Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilishini aytdi. U hatto amaldagi dengiz blokadasini bunga asos qilib, “Aslida, u allaqachon shunday”, degan mazmunda kinoya qildi. Trampning ta’kidlashicha, AQSH blokadasi mavjud va Vashington xohlamagunicha hech qanday kema o‘ta olmasligini ma’lum qildi.
Eron ma’muriyati ham Hormuz tijorat kemalari uchun ochiqligini, asosiy xavf esa AQSH blokadasida ekanligini bildirgan. Tehronning ta’kidlashicha neft narxlarini qimmatlashayotganiga asosiy aybdor Trampning o‘zi. AQSH ham bu blokada zarurligini, Eronni mag‘lub etish biroz qimmatga tushishini aytib chiqdi.
“Biz ularni yadro quroliga ega bo‘lishini istamaymiz. Shunday ekan, benzin uchun ozgina ko‘proq haq to‘layotganingizda, buni dunyodagi birinchi raqamli terrorizm homiysi bo‘lgan o‘ta yovuz mamlakatdan qutulish uchun qilayotganingizni yodda tuting”, deydi Tramp o‘z nutqida.
Shu bilan birga, Trampning Hormuzga nisbatan da’volari shu bilan tugamadi. “Al Jazeera” nashrining yozishicha, Tramp Hormuzni “juda tez orada” AQSH hududi deb e’lon qilishini ochiq aytgan. Ammo bu gapni hech kim jidiy qabul qilmayapti.
Tehron ham Vashingtonning da’vosini darhol rad etdi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy Trampga keskin javob qaytardi.
“Hormuz bo‘g‘ozi Eronniki bo‘lgan, Eronniki va Eronniki bo‘lib qoladi. Bu bo‘g‘oz faqat Eronning amri bilan yopiladi va ochiladi. Hormuz bo‘g‘ozini na tvit, na avianosets, na farmon chiqarish va na saylovoldi nutqi bilan egallab bo‘lmaydi”, deydi u.
Trampning o‘zi esa Hormuzni nazorat qilishga da’vo qilganlarni qo‘rqitish bilan band. Eron va Ummon o‘rtasidagi muzokaralar ham uning jig‘iga tegmoqda. 17 avgust kuni, AQSH va Eron o‘rtasidagi 60 kunlik kelishuv muddati tugayotgan bir paytda Tramp Ummon Sultonligini Eron bilan muzokaralarda ehtiyot bo‘lishga chaqirib, agar Vashington va Tehron kelishuvga halal bersa, harbiy kuch ishlatishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Agar Ummon yo‘lga xalaqit bersa, ularni juda qattiq bombardimon qilamiz”, deydi AQSH Prezidenti.
Bu tahdidning g‘alati tomoni Ummon AQSHning mintaqadagi dushmani emas, aksincha, Vashington bilan uzoq yillik strategik aloqalarga ega davlat. Bundan tashqari, Maskat tarixan AQSH va Eron o‘rtasida yashirin yoki norasmiy diplomatik aloqa kanali vazifasini bajarib kelgan. Trampning tahdidi esa aynan shu vositachilik rolini nishonga oldi.
E’tiborli jihati shundaki, AQSH bo‘g‘ozni ochiq bo‘lishi tarafdori ekanligini aytayotgan bo‘lsa-da, o‘z ta’sir doirasiga olishini ham rad etmayapti. Ya’ni Hormuz urushdan oldigidek hammaniki emas, kimningdir pul ishlash vositasi bo‘lib qolishi mumkin.
Ammo Tramp Hormuzni mutlaq AQSH hududi deb e’lon qilishi uchun avval Eron ustidan g‘alaba qozonishi kerak. O‘tgan 5 oylik tajribadan kelib chiqsak, hali-beri buni iloji yo‘qdek. Mojaro qancha cho‘zilmasin, Vashington qanday yo‘l tutmasin, baribir haqiqiy g‘olib kim ekanligini bilib bo‘lmaydi.
Xullas, bugun dunyo iqtisodiyoti yuzlanib turgan savol “Hormuz aslida kimniki?” emas, “Uni kim, qanday nazorat qilmoqchi?” mazmunida bo‘lib turibdi. Umid qilamizki, savollarga javobni yaqin kelajada topamiz.
Live
Barchasi