Istanbul aeroportida Eron samolyoti hibsga olindi

Olam

−

image

Kecha, 28 sentyabr kuni Istanbul aeroportida Eronning “Caspian Airlines” aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyoti hibsga olindi. Bunga Turkiya kompaniyasining 3 million yevro miqdoridagi qarzdorlikni undirish bo‘yicha bergan da’vo arizasi yuzasidan chiqarilgan sud qarori sabab bo‘lgan. Bu haqda “Haber7” xabar berdi.

Turkiya OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, layner uchishga hozirlanayotgan bir vaqtda EP-KPB ro‘yxatdan o‘tish raqami ostida ro‘yxatga olingan samolyotga kreditor – “ACM Temsil Gözetim” aviatsiyada vakillik va nazorat qilish kompaniyasi manfaatlarini himoya qiluvchi huquqshunoslar hamda sud ijrochilari yaqinlashib, hibsga olish to‘g‘risidagi qarorni topshirgan. Yo‘lovchilar va bort kuzatuvchilari samolyotdan chiqarilib, qaytadan terminalga yuborilgan.

Ma’lumot uchun, “Caspian Airlines” – Tehronda joylashgan, 1993 yilda tashkil etilgan va Eron davlat aviatsiya guruhi tarkibiga kiruvchi aviakompaniya. U ichki va xalqaro yo‘nalishlarda, jumladan, Istanbulga qatnovlarda Boeing 737 samolyotlaridan foydalanadi.

Eron aviatashuvchilari samolyotlar, ehtiyot qismlar, texnik xizmat ko‘rsatish va xalqaro moliya tizimlaridan foydalanishni cheklab qo‘ygan AQSH sanksiyalari sababli o‘n yillar davomida o‘z parklariga xizmat ko‘rsatish va xorijiy hamkorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarishda surunkali qiyinchiliklarga duch kelib kelmoqda. 

Fevral oyida boshlangan AQSH va Eron o‘rtasidagi urush bu bosimni yanada kuchaytirgan: Eron havo hududi bir necha bor yopildi, xalqaro yo‘nalishlar qisqartirildi. Joriy yilning 22 sentyabr kuni AQSHning Eron aviatsiya sektoriga qarshi keng qamrovli ikkilamchi sanksiyalari kuchga kirdi.

AQSH Moliya vazirligi 8 sentyabr kuni “Economic Outcast” operatsiyasi doirasida Eronning 27 ta aviakompaniyasi va ular bilan bog‘liq to‘qqizta xizmat ko‘rsatuvchi yetkazib beruvchiga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Vazirlik Eron tashuvchilariga xizmat ko‘rsatishni davom ettiradigan xorijiy aeroportlar, yoqilg‘i yetkazib beruvchilar, yerdagi xizmatlar va chipta agentliklarining o‘zlari ham sanksiyalarga duchor bo‘lishi va dollar tizimidan mahrum etilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ushbu ikkilamchi sanksiyalar Eron fuqaro aviatsiyasining xalqaro faoliyati keskin qisqarishiga olib keldi: Eron aviakompaniyalarining reyslari Iroq, BAA, Ozarbayjon va Ummonda to‘xtatildi. Buning ortidan Eronning eng yirik xususiy tashuvchisi “Mahan Air” Turkiya va Ummonga parvozlarni to‘xtatdi. 

“Lufthansa” va “Austrian Airlines” ham Eronga reyslarini 24 oktyabrgacha to‘xtatib qo‘ydi. “Qatar Airways” havo hududidagi cheklovlarni vaj qilib, parvozlarni bekor qildi. Xitoy, Rossiya va Pokiston Erondan va Eronga reyslarni amalga oshirishni davom ettirmoqda.

Parvozlarni kuzatish xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Tehronning bosh aeroportidagi kunlik xalqaro reyslar soni 28 sentyabr kuniga kelib 80-90 tadan taxminan 41 tagacha qisqargan. Tehron BMT, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) va BMTning Xalqaro sudiga rasmiy shikoyatlar yuborgan.

Turkiya Eron aviakompaniyalarining parvozlarini rasman taqiqlamagan, shu sababli samolyot hibsga olingan paytda “Caspian Airlines” Istanbulga reyslarni amalga oshirishni davom ettirayotgan bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron qo‘shni davlatlar AQSH bilan hamkorlik qilib, Eron reyslarini to‘xtatsa, ularning aeroportlari faoliyatini izdan chiqarishini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing