Tadbirkorlarning “ketmoni uchdi” yoxud amaldorlarning “sog‘in sigiri”ga aylangan tizim tugadi

Tahlil

Reklama
0:00

Tadbirkorning cho‘ntagini bo‘shatadigan 51 ta idoraning jarima zanjiri uziladi. Chunki jarima miqdori 2 barobarga kamaytiriladi. Kichik biznesni “sog‘in sig‘ir” deb biladiganlar yaxshilab eshiting. Prezident tekshir-tekshirlarga 3 yillik moratoriy e’lon qildi.

Birgina imzo uchun amaldorning eshigi tagida oylab kutiladigan ma’muriy xorlik endi bo‘lmaydi. Mansabdor shaxs arizaga vaqtida javob bermasa, qaror avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal bo‘ladi. Kursi egalarining qosh-qovog‘iga qarab kun ko‘rish amaliyotiga chek qo‘yish uchun 30 dan ortiq litsenziya talabi tugatildi.

Hali ishlab chiqarilmagan mahsulot uchun kelasi oyning gaz va elektr pulini 100 foiz oldindan talab qiladigan tizim yumshatildi. Miqdor 15 foiz deb belgilandi. Ammo hammaga emas. Xo‘sh, kimlar uchun bu yengillik? Tushunganingizdek, juda qiziq va muhim mavzularda gaplashamiz.

Biznesni nazorat qilish va undan “ulush” undirish o‘rtasidagi chegara yillar davomida juda ingichkalashib qolgan edi. Qayerdaki tekshiruvchining shaxsiy manfaatdorligi va jazolash huquqi birlashsa, o‘sha yerda tartib emas, tizimli “ov” boshlanadi. O‘zbekistonda 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Ularning ko‘plari jarimadan kelgan pulga qarab byudjetni rejalashtirishgacha borgan. Prezident ta’biri bilan aytganda, bu “tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – to‘laydi” degan qadimgi, lekin afsuski, bugun ham ishlaydigan sun’iy tizim bo‘yicha harakatlangan. Bugun, 18 avgustda Xivada bo‘lib o‘tgan Prezidentning tadbirkorlar bilan oltinchi ochiq muloqotida aynan mana shu og‘riqli nuqtaga barmoq bosildi: jarima – bu davlat idorasining qo‘shimcha daromad manbai emas, balki tarbiya va profilaktika quroli bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.

“Biznesga soliq yukini izchil kamaytirib kelyapmiz. O‘tgan o‘n yilda yashirin iqtisodiyot 50 foizdan 26 foizgacha kamaydi. Lekin, bu – hali ham ko‘p. Doim aytaman, iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish – tekshirish bilan emas, aksincha, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak. Masalan, tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pida bir yil ichida 2-3 marta, yana 21 foizida 4 martadan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi, qurilish, sanitariya, karantin, energiya inspeksiyalari tomonidan o‘tkaziladigan takroriy tekshiruvlar ko‘p”, dedi prezident.

Endi, jarimalar ikki barobarga qisqaradi. Tekshiruvchi idoralarga biznesmenni “sog‘in sig‘ir” deb qarash imkoni keskin cheklanadi. “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi. Ya’ni har qanday shubhali holatda, ayb sudda uzil-kesil isbotlanmaguncha, tadbirkor aybsiz hisoblanadi. Inson salomatligi yoki mol-mulkiga ziyon yetkazmagan ilk xatolik uchun jazo emas, kamchilikni tuzatishga 10 kunlik muddat beriladi. Nazorat organlari endi keyingi sud bosqichlariga shikoyat kiritish uchun o‘z yonidan davlat bojini to‘laydi. Bu ularni asossiz va “har ehtimolga qarshi” apellyatsiya berish odatidan tiyib turadi. Arbitraj doirasi kengayadi. Bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya kabi eng murakkab hamda nizo ko‘p chiqadigan sohalar Savdo-sanoat palatasi huzuridagi ekspert kengashi nazoratiga o‘tadi va 3 yil davomida istisno holatlardan tashqari umuman tekshiruv o‘tkazilmaydi. Chunki Prezident moratoriy e’lon qildi.

“Bir narsani tushunish kerak: xotirjamlik bo‘lmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham bo‘lmaydi. Shu bois, kichik biznes faoliyatida inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilamiz. Yana bir muhim yangilik: endi o‘rta va yirik tadbirkorlar korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazsa, xulosani soliq organi tan oladi. Muhimi, aniqlangan kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi va ushbu davr uchun soliq organi tekshiruv o‘tkazmaydi. Shu bilan birga, yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi”, dedi davlat rahbari.

Tadbirkorlikda eng katta tormoz – bu bir varaq qog‘oz uchun eshikma-eshik sarson bo‘lish va qaysidir amaldorning qosh-qovog‘iga qarab kun ko‘rish. Yangi loyiha boshlamoqchi bo‘lgan biznesmen qaysidir idoradagi “muhim odam” arizasiga imzo chekishni “unutib” qo‘ygani yoki shunchaki stolining tagiga tashlab qo‘ygani uchun sarson bo‘lgani bor gap. Birgina imzo yoki muhr uchun haftalab navbatda turish, arizaning taqdiri qaysidir mutaxassisning bugungi kayfiyatiga bog‘liq bo‘lib qolishi shunchaki vaqt yo‘qotishgina emas, tadbirkor uchun moliyaviy zarar ekanini anglash qiyin emas. Prezident nutqi davomida aynan mana shu amaldor va tadbirkor o‘rtasidagi nomutanosiblikka ham to‘xtalib o‘tdi.

“Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda muddat buzilishi bilan bog‘liq e’tirozlar ko‘p. Shu bois, tadbirkorlikka oid davlat xizmatining 50 foizi “sukut – rozilik” tamoyiliga o‘tkaziladi. Ya’ni, agar ariza belgilangan vaqtda ko‘rib chiqilmasa, ushbu murojaat avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan hisoblanadi. Bundan tashqari, litsenziya bo‘yicha ariza rad qilingan har bir holatni Biznes-ombudsman o‘rganadi. Asossiz rad qilish uchun javobgarlikni kuchaytiramiz. Yaqinda 30 dan ziyod faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomani bekor qilamiz, yana 35 tasini berish muddati 2-3 karra qisqaradi, 10 tasini xabardor qilish tartibiga o‘tkazamiz. Masalan, oziq-ovqat eksportida talab etiladigan 3 ta ruxsatnoma (veterinariya, sanitariya va fitosanitariya) o‘rniga “Yagona salomatlik sertifikati” beriladi. Endi yangi litsenziya va ruxsatnoma joriy qilishdan olti oy oldin 3 ta hududda sinovdan o‘tkaziladi”, dedi prezident.

Davlat xizmatlarining yarmida “sukut – rozilik” tamoyilining joriy etilishi – ma’muriy apparat uchun berilgan jiddiy va qa’tiy talabdir. Agarda mas’ul idora belgilangan muddat ichida munosabat bildirmasa, tizim avtomatik tarzda tadbirkorning foydasiga qaror chiqaradi. Boshqacha aytganda, amaldorning sustkashligi va mas’uliyatsizligi endi biznesning bo‘g‘ziga pichoq bo‘lib taqala olmaydi. Buning ustiga, litsenziya berishni shunchaki bahonalar bilan rad etish amaliyoti ham o‘z-o‘zidan xavfli mashg‘ulotga aylanmoqda, “to‘laysan-yashaysan” degandek eski gap. Yangi tartib-qoidalarni joriy etish uslubi ham o‘zgargani, endi har qanday yangi litsenziya avval 3 ta hududda 6 oy davomida sinovdan o‘tkazilishiga ham alohida to‘xtalaman. Bu – ma’muriy xatoliklarni butun respublika bo‘ylab qayta-qayta qilishdan voz kechilib, ilmiy va bosqichma-bosqich yondashuvga o‘tilayotganidan darak beradi.

Biznesdagi eng xatarli jihat nima, bilasizmi? Bu – hali ishlab chiqarilmagan mahsulot, sotilmagan xizmat va qo‘lga tegmagan daromad uchun bugun, naqd pulda badal to‘lash. Tasavvur qiling, zavodingiz endi xomashyo sotib olib, konveyerni yurgizmoqchi. Lekin energiya idorasi kelib, “Eshikni ochishdan oldin kelasi oyning gaz va elektr pulini 100 foiz to‘lab qo‘y”, deydi. To‘g‘ri, bunga ham asoslar bor. Ayrim noinsof deb atash mumkin bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar yillar davomida energetik resurslardan foydalangani uchun to‘lov qilmay kelgani sababli ushbu tizim joriy qilingan edi. Bu xuddi hali hosil bermagan daraxtning mevasini hozirdanoq bozor narxida talab qilishga o‘xshaydi. Oqibatda nima bo‘lardi? Biznesning eng hayotiy tomiri – aylanma mablag‘ bo‘g‘ilar edi. Ochiq muloqotda, nihoyat, mana shu g‘ayrimantiqiy zanjirga uzil-kesil nuqta qo‘yildi.

“Ko‘p tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilayotgani hisobiga aylanma mablag‘dan qiynalayotganini aytyapti. Yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayevga topshiriq berdim. Endi ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomini buzmagan korxonalarga oy davomida mablag‘ kiritish sharti bilan avans miqdori 15 foiz bo‘ladi. Bu sizlarga ma’qulmi? Umuman, energetika bo‘yicha boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartiryapmiz. Barcha tumanlarda tadbirkorlarning hozirgi ehtiyoji va ertangi rejasiga qarab ishlaydigan yangi tizim bo‘lyapti”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu qarorlar shunchaki navbatdagi imtiyozlar to‘plami emas. Bu – davlat va biznes o‘rtasidagi “sovuq urush”ni to‘xtatib, o‘zaro ishonch asosiga qurilgan pragmatik sheriklikka o‘tishga qilingan jiddiy va dadil urinishdir. Endigi masala faqatgina ushbu o‘zgarishlarni joylarda, ijro organlari darajasida amalda qanday ishlashida qolyapti.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing