Usmonli jasorati, Arab nefti va Pokiston bombasi birlashdi yoxud dunyo geosiyosatini o‘zgartirayotgan “Makka bitimi”
Olam
−
10 avgust 1213 23 daqiqa
Dunyo yetakchilari Makkada juma namozini birgalikda o‘qidi. Ammo ular faqat ibodat qilish uchun yig‘ilmadi. Yaqin Sharqda mutlaqo yangi “uchlik” va Islomiy mudofaa alyansi paydo bo‘ldi. Ko‘plarni shoshirib qo‘ygan “Makka bitimi” AQSH, Isroil va Eronga qanday signal beradi?
“Qog‘ozdagi tinchlik”ning achchiq haqiqati yana ko‘rindi. G‘azoda 3 yil mobaynida vayronalar ostida qolgan qurbonlar endi dafn qilindi. Bitta bomba bilan 300 kishilik katta oila qirilib ketgan. Yo‘q bo‘lib ketgan qavmning qonli tarixi bugunga kelibgina ochiqlandi.
Ukrainaning Wildberries omborlariga berayotgan zarbalari O‘zbekistonliklarga ham ta’sir qila boshladi. Zelenskiy qurol yetkazib berishda “toshbaqalik” qilayotgan hamkorlarini tanqid qilyapti. Rossiya hududida Kiyev yuborgan dronlar sayr qilib yuribdi. Rossiyada katta lavozimdagi harbiylarga suiqasdlar avj olgan. Tashi qolib, ichidan ham yemirilishni boshlagan bu ikki davlatdan qaysi biri birinchi bo‘lib oq bayroqni ko‘taradi?
Tinib-tinchimas Tramp tug‘ilishlarga ham aralashdi. Uning ma’muriyati navbatdagi keskin qadamni tashladi. AQSHda tug‘ilish orqali avtomatik fuqarolik berish taqiqlanishi mumkin. “Yerdagi huquq”dan “qondagi huquq”qa o‘tishdan maqsad nima?
Jiddada yangi Islomiy alyans tuzilmoqda
Yaqin Sharqdagi navbatdagi alangani o‘chirishga, ko‘rinishidan endi Vashington va Moskvaning emas, balki mintaqaning o‘z “uchligi”ning kuchi yetadigandek. 7 avgust kuni Saudiya Arabistonida Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo geosiyosiy xaritasini qayta chizadigan voqea sodir bo‘ldi. Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya o‘rtasida uch tomonlama mudofaa ittifoqi tuzildi. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi va Saudiya Arabistoni davlat OAVlari e’lon qilgan qo‘shma bayonotga ko‘ra, bitimda uch mamlakatdan biriga qilingan qurolli hujum ularning barchasiga qilingan hujum sifatida qaralishi belgilangan. Kelishuv mudofaa va xavfsizlik bilan bir qatorda, razvedka ma’lumotlarini almashish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari va mintaqaviy hamkorlikni ham qamrab oladi. Shu sababli ayrim ekspertlar mazkur tuzilmani “Islomiy NATO”ning boshlanishi deb atamoqda. Tushunyapsiz-a?
“Ushbu kelishuv uch davlatning xavfsiz va farovon kelajak yo‘lida jamoaviy xavfsizlikni yanada mustahkamlash hamda mintaqada va undan tashqarida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ilgari surish bo‘yicha umumiy majburiyatini aks ettiradi”, deyiladi bayonotda.
6 avgust kuni Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va armiya shtabi boshlig‘i Osim Munir Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Makkada Umra ziyoratini ado etgan. 7 avgust kuni esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Saudiya Arabistoniga uchib kelgan va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashgan. Dunyoga yangi messej yo‘llayotgan bu shartnoma “Makka qo‘shma mudofaa bitimi” deb nomlangan. Kelishuvni Islom olamining eng muqaddas maskani bo‘lmish Makkada tuzilishi ramziy ma’noga ham ega albatta. Uni har kim o‘z o‘lchovi va dunyoqarashi bilan ta’riflashi mumkin.
Xo‘sh, bir tomonda NATO a’zosi, ikkinchi tarafda monarxiya va uchinchi tomonda yadroviy davlat bo‘lgan bu uchburchakni nima bir joyga to‘pladi?
Bu kelishuv shunchaki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q – u uzoq vaqt pishitilgan. Pokiston o‘nlab yillar davomida Saudiya harbiy kuchlariga nazariy va texnik yordam ko‘rsatib kelgan, Turkiya va Pokiston esa harbiy kemalar va o‘quv samolyotlarini o‘zaro ayirboshlashgan. 2023 yilda Saudiya Arabistoni Turkiya dronlarini sotib olishga rozi bo‘lgan, Anqara esa buni o‘z tarixidagi eng yirik mudofaa eksporti shartnomasi deb atagandi. Ya’ni harbiy masalalarda muloqotlar bo‘lgan. Ammo Fors ko‘rfazida AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlarning kuchayishi, Hormuz bo‘g‘ozi va Qizil dengiz yo‘llarining amalda falajlanishi ushbu jarayonni tezlashtirdi.
“Al Jazeera”ning yozishicha, bu pakt “mohiyatan eng yirik musulmon aholisiga ega uchta davlatni birlashtiradi” va mintaqada “mutlaqo yangi xavfsizlik arxitekturasi” boshlanishini anglatadi.
Bungacha mintaqa xavfsizligi, ayniqsa Ko‘rfaz arab davlatlari xavfsizligi, to‘liqligicha Vashingtonning “soyaboni”ga bog‘liq edi. Biroq so‘nggi voqealar Oq uyning har doim ham o‘z ittifoqchilarini himoya qilishga tayyor emasligini yoki ularning manfaatini o‘zinikidan, undan ham avval Isroilnikidan ustun qo‘ymasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Saudiya Arabistoni 2025 yilda Pokiston bilan ikki tomonlama mudofaa paktini imzolash orqali Vashingtondan bosqichma-bosqich uzoqlasha boshlagan edi. Endi bu safga Turkiyaning qo‘shilishi – Vashington hamda Tehronga birdek uzatilgan jiddiy “signal”dir.
Har bir tomon bu ittifoqdan nima oladi degan savol sizni ham o‘ylantirgandir. Bu shunchaki uch davlat vakilining navbatdagi qog‘ozga qo‘l qo‘yishi emas, bu har uchala tomon uchun ham o‘ta aniq va hayotiy hisob-kitobdir.
Saudiya Arabistoni neftga boy, ammo doimiy ravishda Eron va uning proksi guruhlari (masalan, husiylar) tahdidi ostida. AQSHga bo‘lgan ishonch pasaygan bir paytda, Saudiya o‘zi uchun haqiqiy “yadroviy soyabon”ni Islom dunyosining yagona yadroviy davlati – Pokiston siymosida ko‘rmoqda.
Erdo‘g‘an uchun bu hamkorlik – turk harbiy sanoat kompleksining, masalan, Bayraktar, Kaan va boshqa zamonaviy qurol-aslahalarning dunyo bozoriga chiqishi hamda Ko‘rfaz kapitalini inqirozdan chiqishga yo‘naltirish imkoniyatidir. Turkiya bu bilan Yaqin Sharq xavfsizligida NATOga bo‘ysunmaydigan mustaqil o‘yinchi ekanini yana bir bor namoyish etmoqda.
Doimiy iqtisodiy inqiroz va Hindiston bilan qarama-qarshilikda yashaydigan Pokiston uchun Saudiya riyoli va Turkiyaning harbiy-texnik ko‘magi suv bilan havodek zarur.
Ya’ni har biri o‘ziga keragini olyapti. Uchchala tomon ham erishilgan natijadan xursand. Uchchala lider Makkada bo‘lib o‘tgan kelishuvdan so‘ng, birgalikda ibodat ham qildi. Erdo‘g‘an, bin Salmon va Shahboz Sharif bitimni imzolaganlaridan so‘ng, Makkada juma namozini ado etdi. U yerda olingan rasm va videolar OAVlarda e’lon qilingach, siyosiy tahlilchilarning juda katta qismi endi ““Ibrohim kelishuvlari” tugadi”, deb yoza boshladi. Bunday fikrlar nega baralla yangrayotganini esa tushuntirishga harakat qilaman.
“Ibrohim kelishuvlari” mohiyatan Isroil va arab davlatlari o‘rtasida munosabatlarni normallashtirish va Tehron tahdidiga qarshi Vashington homiyligidagi umumiy qalqon yaratish loyihasi edi. Biroq Makkada imzolangan ushbu uch tomonlama pakt fonida “Ibrohim kelishuvlari”ning kelajagi va umuman uning asl konsepsiyasi barbod bo‘lganini ko‘rsatuvchi bir nechta o‘ta jiddiy va asosli omillar bor.
“Ibrohim kelishuvlari”ning bosh g‘oyasi shundan iborat ediki, Ko‘rfaz monarxiyalari Isroil bilan aloqalarni tiklaydi, buning evaziga esa AQSH va Isroil texnologiyalari ularga Erondan himoya kafolatini beradi. Biroq Yaqin Sharqdagi so‘nggi inqirozlar va G‘azodagi qonli to‘qnashuvlar fonida Vashington o‘zining ushbu kafolatlarini amalda ta’minlab bera olmasligini, Vashington uchun Isroil manfaati har doim birinchi o‘rinda turishini ko‘rsatib qo‘ydi. Ar-Riyod bu teshik “soyabon”dan voz kechib, real harbiy kuchga – yadroviy Pokiston va NATOning eng qudratli armiyalaridan biriga ega Turkiyaga yuzlandi.
“Ibrohim kelishuvlari” orqali Tel-Aviv o‘zini Arab dunyosiga yagona va almashtirib bo‘lmas xavfsizlik sherigi sifatida ko‘rsatishga urinayotgan edi. Makkada imzolangan “qo‘shma mudofaa bitimi” esa Isroilni bu o‘yindan butunlay chiqarib tashladi. Arab va Islom dunyosining eng nufuzli markazi bo‘lmish Saudiya Arabistoni o‘z xavfsizligini Tel-Avivga emas, o‘zining dindosh va harbiy jihatdan tengsiz bo‘lgan sheriklariga topshirishni afzal ko‘rdi deyish mumkin.
G‘azodagi qirg‘inbarot va O‘rta sharqdagi keskinlik ortgan bir paytda arab jamiyatlarida Isroil bilan har qanday yaqinlashuv siyosiy va ijtimoiy suitsid bilan teng bo‘lib qoldi. Muhammad bin Salmon Tel-Aviv bilan munosabatlarni normallashtirish orqali o‘z xalqi va musulmonlar oldida obro‘sizlanish xavfini angladi. Makkada turk va pokistonlik liderlar bilan birga namoz o‘qib, “Makka qo‘shma mudofaa bitimi”ni imzolash – “Ibrohim kelishuvlari”ning g‘arbparast ruhini butunlay sindirdi va arab-islom dunyosidagi birdamlikni birinchi o‘ringa olib chiqdi. Tan oling, uchta rahbar birgalikda ibodat qilayotgani aks etgan tasvirlar sizda ham yangi xulosalarni paydo qildi-ku.
“Ibrohim kelishuvlari”ning asosiy maqsadi Eronni yakkalab qo‘yish va unga qarshi Isroil – Arab blokini shakllantirish edi. Makkadagi yangi alyans esa Eronni yo‘q qilishni emas, balki mintaqada kuchlar muvozanatini ushlashni va Tehronga nisbatan konstruktivroq, lekin vazmin bosim o‘tkazishni nazarda tutadi. Turkiya va Pokistonning Tehron bilan diplomatik kanallari ochiqligi sababli, bu pakt Isroil xohlaganidek “Eronga qarshi tajovuzkor blok” emas, balki mintaqaning o‘ziga xos muvozanat mexanizmi vazifasini o‘taydi.
Tabiiyki, yer sharining bu nuqtasida uchta qudratli davlat — “Usmonli merosxo‘ri”, “Yadroviy qurol egasi” va “Neft giganti” bir mushtga aylanayotganida, o‘zini dunyoning xo‘jayini deb bilgan superdavlatchilar buni shunchaki chetdan tomosha qilib o‘tirmaydi. Geosiyosiy shaxmat taxtasida yangi, o‘ta xavfli va kutilmagan yurish qilindi. Xo‘sh, bu “uchlik”ning birlashishiga dunyo megapolislari qanday javob berishi mumkin? Ehtimoliy ssenariylarga nazar tashlaymiz.
AQSH va Isroil uchun Makkada imzolangan bu bitim — ochiqdan-ochiq “qizil chiziq”ning bosilishi, ularning nazdida. Sabablarni biroz avval aytdim. Oq uy o‘n yillar davomida Fors ko‘rfazini o‘zining nazorati ostida deb bilib kelgan, Isroil esa mintaqada harbiy ustunlikni hech kimga bermaslikka o‘rgangan edi. Endi-chi? NATOning eng yirik armiyalaridan biriga ega Turkiya va yadroviy bombali Pokiston Saudiya Arabistonini o‘z qanoti ostiga olmoqda. Bu degani — Isroil va AQSH endi har bir tajovuzkor adashuvidan oldin o‘n marta o‘ylashiga to‘g‘ri keladi. Vashington bu alyansni parokanda qilish uchun zudlik bilan barcha parda ortidagi dastaklarini ishga solishi mumkin. Ehtimol, Pokistonga iqtisodiy bosimlar kuchaytiriladi, Anqaraga navbatdagi sanksiya tahdidlari yog‘diriladi, Ar-Riyodga esa diplomatik shantaj vositalari ishlatilishining ehtimoli katta.
Pekin va Moskva esa qarsak chalayotgan tomoshabinlar obrazida. Ular bu voqeani ehtiyotkor, ammo ich-ichidan suyungan holda kuzatmoqda. Pekin uchun ham, Moskva uchun ham AQSHning Yaqin Sharqdagi gegemoniyasiga berilgan har qanday zarba — bayram. Pekin o‘zining “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida bu yangi alyans bilan til topishishga tayyor, chunki barqarorlik uning savdo yo‘llari uchun juda zarur. Moskva esa Vashingtonning Yaqin Sharqdan bosqichma-bosqich haydalayotganidan foydalanib, yangi blok bilan mudofaa va energetika sohasida parallel muloqotlarni chuqurlashtirishga harakat qilishi mumkin.
Eron uchun bu bitim — uning yillardan beri yuritib kelayotgan tashqi siyosatiga qo‘yilgan jiddiy to‘g‘on. Tehron o‘z atrofida “Islomiy halqa” zanjiri sirg‘alayotganini juda yaxshi his qilib turibdi. Shu paytgacha Eron husiylar yoki boshqa proksi guruhlari orqali Ar-Riyodga bosim o‘tkaza olgan bo‘lsa, endi u qarshisida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Pokiston yadro quroli va Turk armiyasi turganini biladi. Natijada Tehron Fors ko‘rfazidagi agressiv ritorikasini majburan pasaytirishga va moslashuvchanroq diplomatiyaga o‘tishga majbur bo‘ladi.
G‘azodagi qonli urush to‘xtamayotgan, Qizil dengizda kemalar yonayotgan, AQSH va Eron to‘qnashuvi esa butun dunyoni yangi iqtisodiy kollaps yoqasiga keltirayotgan bir paytda, Makkada imzolangan ushbu “qo‘shma mudofaa bitimi” — shunchaki obro‘ yoki navbatdagi quruq shiorlar uchun qilingan harakat emasligi aniq.
G‘arbning “xavfsizlik soyaboni” teshilib, xalqaro huquq va institutlar amalda falaj bo‘lganini butun dunyo ko‘rib turibdi. Bu paytda esa uchta yirik davlat mintaqa taqdirini o‘z qo‘liga olishga qaror qildi. Ko‘raylik-chi, “Usmonli jasorati”, “Arab nefti” va “Pokiston bombasi” birlashgan ushbu strategik pakt mintaqaga uzoq kutilgan muvozanat va tinchlikni olib keladimi yoki katta urushning yangi, yanada xavfli boshlanishi bo‘ladimi…?
Uch yil vayronalar ostida qolgan haqiqat
Dunyo hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar “inson huquqlari” hamda “hududiy xavfsizlik” haqida minbarlardan turib balandparvoz ma’ruzalar o‘qishda, turli “gumanitar sammitlar” o‘tkazishda davom etmoqda. Ammo G‘azo sektoridan kelayotgan raqamlar va real voqelik bu gaplarning barchasi aslida qanchalik puch va quruq rasmiyatchilik ekanini yana bir bor isbotlab, ularning yuziga tarsaki urmoqda.
G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligining oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning oktyabridan buyon Isroil tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 73 377 nafarga, jarohatlanganlar esa 174 230 kishiga yetgan.
E’tiborli jihati shundaki, 2025 yil 10 oktyabrda rasman “o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi” kuchga kirgan edi. U Isroil va HAMAS o‘rtasida tuzilgan, xalqaro vositachilar — AQSH, Misr va Qatar ishtirokida, ularning bosimi va diplomatik ko‘magi ostida amalga oshirilgandi. Va kelishuv qog‘ozda — tinchlik, diplomatik minbarlarda — muvaffaqiyat deb baholandi. Lekin achchiq reallik nimani ko‘rsatayotganini yaxshi bilasiz.
Ushbu “tinchlik” kelishuvi kuchga kirgandan beri o‘tgan davr mobaynida Isroil zarbalari oqibatida 1 252 kishi halok bo‘lgan, 4 120 kishi jarohatlangan. Vayronalar ostidan esa 804 kishining jasadi olib chiqilgan.
Mana sizga “qog‘ozdagi tinchlik”ning asl bahosi! Ko‘rinib turibdiki, xalqaro kelishuvlar va hujjatlar zarbalarni to‘xtatish uchun emas, balki axborot maydonidagi shov-shuvlarni bostirish va jamoatchilikni chalg‘itish uchun xizmat qilmoqda.
Og‘riqli jihatlardan yana biri — G‘azo shahrining Sabra mahallasida sodir bo‘lgan voqea. 2023 yilning 22 noyabrida Abu Shariat va Al-Hasayna oilalari yashaydigan hududga berilgan havo zarbasi oqibatida 308 nafar oila a’zosi bir onda hayotdan ko‘z yumgan edi. Ular orasida 40 nafar bola, 30 nafar ayol va 7 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs bor edi.
Qutqaruv guruhlari faqat oradan uch yil o‘tibgina ularning qoldiqlarini vayronalar ostidan kavlab olishga muvaffaq bo‘ldi. Joriy yil, 4 avgust kuni G‘azo ko‘chalarida 112 nafar falastinlikning ommaviy dafn marosimi o‘tkazildi.
Bitta zarba — 300 dan ortiq inson, bir necha avlod va butun bir qavmning yo‘q qilinishi dunyo hamjamiyatining genotsidga befarq bo‘lmagan qismini chuqur qayg‘uga solgandi. Qutqaruvchilarning ta’kidlashicha, 157 kishi haligacha bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turibdi.
Eng achinarlisi bu fojialarning barchasi zamonaviy, “sivilizatsiyalashgan” dunyoning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqda.
Xalqaro sudlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, inson huquqlari bo‘yicha komissiyalar va g‘arb demokratiyasi bayroqdorlari o‘zlarining navbatdagi “qat’iy xavotirlari”ni bildirishdan va majlislar zalida qarorlar loyihasini topshirishdan nariga o‘ta olmayapti. G‘azoda esa vayronalar ostida hali ham minglab jasadlar qolib ketmoqda.
G‘azodagi bu manzaraga qarab, bugungi dunyoda xalqaro huquq yoki adolat degan tushunchalar shunchaki qudratli mamlakatlarning geosiyosiy manfaatlariga xizmat qiluvchi qulay vositaga aylanib bo‘lgan deya olaman xolos. Agar bu “kuzatuvchilik” va “sukut saqlash” trendi shu tarzda davom etsa, G‘azo shunchaki vayrona emas, balki butun boshli xalqaro huquq va adolat tizimining ko‘milgan qabristoniga aylanadi, deyishga to‘la asoslarimiz bor.
URUSHNING YANGI FAZASI
So‘nggi kunlar davomidagi voqealar xronologiyasi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘qnashuv mutlaqo yangi, yanada shafqatsiz va texnologik bosqichga o‘tganini ko‘rsatmoqda. Bu urushda nafaqat harbiy ob’ektlar, balki front ortidagi logistika zanjirlari, tinch aholi va hatto diplomatik poydevorlar ham birdek barbod bo‘lmoqda.
Front chizig‘ida va uning ortida qonli voqealar bir zum bo‘lsin to‘xtamayapti. 3 avgust tongida Ukraina dronlari Rossiyaning Vladimir viloyatidagi Wildberries logistika markaziga zarba berdi. Viloyat gubernatori Aleksandr Avdeyevning aytishicha, Sobinsk tumanidagi omborga qilingan hujum oqibatida vayronagarchiliklar va yong‘in yuzaga kelgan, bir kishi jarohat olgan. Ukraina tomoni bu logistika markazlarini dronlar hamda navigatsiya uskunalarida qo‘llaniladigan butlovchi qismlarni yetkazib berishda ayblanyapti. Vladimir viloyatidagi ob’ekt kompaniyaning hujumga uchragan 18-logistika markaziga aylandi.
Shunga o‘xshash vaziyat Rossiyaning janubida ham kuzatildi. Faqat bu safar zarbalar Gelendjik kurort hududiga berildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, mustaqil ravishda tasdiqlanmagan videolarda dron sohil hududiga kelib urilgani va shundan so‘ng kuchli portlash sodir bo‘lgani aks etgan.
Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratevning aytishicha, Gelendjik yaqinidagi fuqarolik infratuzilmasiga qilingan dron hujumi oqibatida 4 kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgan, yana 10 kishi jarohatlangan. Gubernator bu voqeani “fojia” deb atadi. Ukraina tomoni hozircha mazkur hodisa yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Ukraina ham, Rossiya ham fuqarolarni ataylab nishonga olmasligini ta’kidlab keladi. Ammo tarmoqlarda Rossiya droni bir savdogarni ta’qib qilib, quvlab yurib, nishonga olgani aks etgan videolar tarqaldi.
4 avgust kuni Xersonda kuzatilgan holatda Rossiya droni ko‘cha bo‘yida sabzavot sotayotgan tinch fuqaroni portlatib yuborgan. Ukraina politsiyasi tomonidan e’lon qilingan videoda dron erkakni mikroavtobus atrofida quvib yurgani, u transport vositasi ortiga yashirinishga uringan paytda esa portlagani aks etgan.
Bu tasvirlar dunyo mediasida juda ko‘p muhokama qilindi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 52 yoshli sotuvchi erkak omon qolgan, biroq miya chayqalishi va kichik jarohatlar olgan.
Keyinchalik jabrlanuvchining ismi Yuriy ekani ma’lum qilindi. Xerson viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudin uning shifoxonadagi videomurojaatini ham e’lon qilgan.
“Endigina soyabonni o‘rnatib, qutilarni tushira boshlagandim. Xotinim ham yonimda edi. Shunda g‘uvillagan ovozni eshitdik, ammo dronni ko‘ra olmadik. U bozor ortidagi butalar tomondan juda pastlab uchib keldi. Bu yer ochiq dasht, qochadigan joy yo‘q. Juda qo‘rqinchli edi. Haqiqatan ham juda qo‘rqinchli”, degan Yuriy.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa ushbu videoga munosabat bildirib, Rossiya Xersonda tinch aholiga qarshi hujum uyushtirayotganini aytgan.
“Bugun ko‘pchilik rossiyaliklar Xersondagi tinch aholiga qarshi amalga oshirayotgan navbatdagi “dron safari” aks etgan videodan dahshatga tushdi. Rossiya aqldan ozgan. Biz Rossiyani dronlar sonini ko‘paytirish emas, tinchlik haqida jiddiy o‘ylashga majbur qiladigan tarzda harakat qilishimiz va hayotni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, deb yozgan Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ushbu hujum Rossiyaning tinch aholini qo‘rqitishga qaratilgan ataylab olib borayotgan kampaniyasining bir qismi ekanini aytgan.
“Xersondagi bu vahshiyona Rossiya urush jinoyati xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralanishi va adolat qaror topishi kerak. Biroq bunga o‘xshash minglab jinoyatlar jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmoqda”, deb yozgan u Telegram'da.
Ayni paytda Rossiya ichkarisida ham tinchlik yo‘q: so‘nggi ikki yilda kamida olti nafar yuqori martabali general suiqasd nishoniga aylangani e’lon qilindi, “Meduza” nashri tomonidan. General Igor Kirillov, Yaroslav Moskalik, Fanil Sarvarovlar portlashlarda halok bo‘lgan, General Vladimir Alekseyevga esa qurolli hujum qilingan. “Meduza” bergan ma’lumotga ko‘ra, aprel oyida general-mayor Azatbek Omurbekovga qarshi ham suiqasd uyushtirilgan. Eng so‘nggi nishon – 1 avgust kuni Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni Aleksandr Chayko bo‘lgani aytilmoqda. Rossiya o‘z generallarini hatto poytaxt markazida ham himoya qila olmayotgani uning ichki xavfsizlik tizimi qanchalik ojiz ekanini fosh qilmoqda. Biroq bu jihat hech qachon ochiqchasiga tan olinmaydi va aksincha “hali kuchimiz ko‘p” degan fikrni o‘z fuqarolariga singdirish hamda Ukrainaga javob qaytarish uchun rasmiy Moskva ham hujumlar uyushtiryapti.
5 avgustga o‘tar kechasi Rossiya Kiyevga ballistik raketalar hamda dronlar bilan yopirildi. Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, viloyatda 14 kishi halok bo‘lgan va 22 kishi jarohatlangan. Tkachenko bu zarbalar Bucha, Brovari va Fastiv tumanlaridagi omborlar hamda tinch aholi infratuzilmasiga berilganini bildirdi. Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko ham poytaxtdagi ahvol haqida gapirdi.
“Poytaxtda bir kishi halok bo‘ldi, 26 kishi jarohatlandi. Goloseyev tumanida xususiy uy va omborxona vayron bo‘ldi, ammiak sizib chiqishi yuz berdi”, deydi Klichko.
Ayni shu kuni Ukraina dronlari Rossiyaning Tula viloyatidagi Wildberries logistika markaziga zarba berib, ketma-ket ikkinchi yirik omborni yondirib yubordi. Tula viloyati gubernatori Dmitriy Milyayev hujum oqibatida bir kishi jarohatlangani, Novomoskovsk va Uzlovayadagi sanoat ob’ektlari hamda turar joy binolari shikastlanganini ma’lum qildi.
Nafaqat Rossiyadagi, balki butun MDHdagi eng yirik onlayn do‘kon hisoblangan Wildberries omborlarining yonishi tabiiyki uning ichida saqlanayotgan mahsulotlarning egasi bo‘lgan tadbirkorlarga ham katta ziyon keltirmoqda. Wildberries asoschisi va bosh direktori Tatyana Kim Ukraina dronlarining kompaniya logistika ob’ektlariga qilgan hujumlari oqibatida O‘zbekiston va boshqa bir qator mamlakatlar tadbirkorlari milliardlab zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Kim 31 iyul kuni o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan videomurojaatida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Belarus, Armaniston, Xitoy va boshqa mamlakatlardan bo‘lgan tadbirkorlar ushbu hujumlar sababli katta iqtisodiy yo‘qotishlarga uchraganini ta’kidlagan.
“Terrorchilar bizga zarba berish orqali haqiqiy sabablarni yashirmoqda hamda bizni harbiy tovarlar sotayotganlikda ayblamoqda. Lekin har qanday global marketpleysni – Amazon yoki Alibaba'ni ochib ko‘rishingiz mumkin, bizda ular sotmayotgan biror narsa bor-yo‘qligini ko‘rasiz. Terrorchilarning harakatlarida hech qanday mantiq, aql-idrok yoki ratsionallik yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Dushman Wildberries’ga qilingan hujumlar oddiy fuqarolarga qaratilganini o‘zi ochiqcha ma’lum qildi. Ularning yagona maqsadi – bosim o‘tkazish, vaziyatni beqarorlashtirish hamda ko‘plab insonlar orasida sarosima va shok keltirib chiqarishdir”, dedi Tatyana Kim.
Marketpleysning 18-20 foiz logistika quvvati izdan chiqqach, Rossiyadagi sotuvchilar sarosimaga tushdi. Manbalarga ko‘ra, Wildberries o‘z mahsulotlarini Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonga ko‘chirishga majbur bo‘lmoqda.
Sotuvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda Wildberries vakillari yangi logistika tizimi joriy etilishini ma’lum qilgan. Uchrashuv ishtirokchilaridan birining aytishicha, ularga endi uzoq muddatli saqlash omborlari Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonda joylashishi aytilgan. Biroq bu o‘zgarish narxlar, yetkazib berish muddati va mahsulotlarni ushbu davlatlarga qanday tashish masalasiga qanday ta’sir qilishi hozircha ochiqlanmagan. Boshqa tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Wildberries mazkur davlatlarda allaqachon o‘ziga tegishli va ijaraga olingan omborlarga ega bo‘lib, mahsulotlarni xorijdagi logistika markazlariga ko‘chirishni boshlab yuborgan. Tadbirkorlar “Kompaniya yangi omborga mahsulot yuborishni so‘rashi bilan u yerga dronlar zarba bermoqda” deb xavotirini yashirmagan. Uning fikricha, mahsulotlarni xorijiy omborlarga ko‘chirish ularni hujumlardan himoya qilishi mumkin. Biroq tadbirkorlar bu qaror boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishidan cho‘chishyapti. Ularning aytishicha, uzoq logistika zanjiri sababli Wildberries yetkazib berish tezligi va narxi bo‘yicha asosiy raqobatchilariga yutqazishi mumkin. Yirik sotuvchilarning aylanmasining 70-80 foizi aynan kompaniyaning uzoq muddatli saqlash omborlari orqali amalga oshiriladi. O‘z omboridan mustaqil yetkazib berish esa, ularning fikricha, asosan kichik va o‘rta biznes uchun mos. Lekin Wildberries matbuot xizmati bu xavotirlarni inkor etishga urinib bayonot berdi.
“Ombor ob’ektlarimiz qurilishi rejadagidek olib borilmoqda. Ommaviy axborot vositalaridagi qurilish sur’atlarini tezlashtirish yoki kompaniyaning asosiy logistika quvvatlarini Rossiya Federatsiyasidan tashqariga ko‘chirish mavzusidagi sizib chiqqan barcha xabarlarni biz vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatishga bo‘lgan ortiqcha hissiyot deb baholaymiz, bu biznes-jarayonlarimiz mohiyatini aks ettirmaydi”, deyiladi kompaniya xabarida.
Rossiya va Ukraina bir-biriga ketma-ket zarba berayotgan bir paytda, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Patriot tizimiga muqobil bo‘ladigan raketalarga qarshi mudofaa tizimini ishlab chiqish bo‘yicha yil oxirigacha “aniq natijalar”ga erishishni istayotganini ma’lum qildi. Bu bo‘yicha Zelenskiy 6 avgust kuni Kiyevda yig‘ilish o‘tkazdi.
“Ukraina o‘z raketasi va qurilmasini ishlab chiqarishga qodir, hamkorlarimiz esa zarur komponentlar va muhim elementlar – radarlar, sensorlar va boshqa kerakli jihozlarni taqdim etadi. Boshqalar o‘z tizimlarini ishlab chiqishga o‘nlab yillar sarflagan. Ukraina esa buni imkon qadar tez amalga oshirishi kerak. 2026–2027 yillar chegarasiga kelib, aniq natijalar bo‘lishi zarur”, degan Zelenskiy.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, ushbu ishga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi, Bosh vazir, Mudofaa vazirligi, Tashqi razvedka xizmati, Ukraina havo kuchlari qo‘mondonligi, Brave1 mudofaa texnologiyalari tashabbusi hamda mahalliy mudofaa kompaniyalari jalb qilingan.
Zelenskiy bu qarorga bekorga kelgani yo‘q, u anchadan beri G‘arbning qurol yetkazib berishdagi sekinligini ochiqchasiga tanqid qiladi.
“2026 yilning birinchi yarmida yetkazib berilgan havo mudofaa raketalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga kamaygan. Barcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish muhim. Ukrainada odamlarning hayoti har kuni Yevropa va AQSHdagi hamkorlarimizning qat’iyatiga bog‘liq”, deydi Zelenskiy.
Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi, sobiq bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniy esa Yevropa davlatlarini va NATO tuzilmasini keskin tanqid qildi. 3 avgustda bo‘lib o‘tgan Kiyevdagi elchilar yig‘inida Yevroatlantik xomxayollarni chirpalak qilib tashlaydigan fikrlarni bildirdi.
“Men NATOni juda yaxshi bilaman. Qariyb 12 yil shaxsan NATO standartlarini o‘zlashtirish bilan shug‘ullandim va har yili “mana, hozir NATOga kirasizlar” degan ertaklarni eshitdim. Afsuski, biz hech qachon unga kira olmaymiz”, deydi Zalujniy.
U NATOning bugungi tushunchalari eskirib ketganini ta’kidladi. Va majburiy standartlarni “erishib bo‘lmaydigan” deb atadi.
“Ehtimol, NATO hozirgi ko‘rinishicha qoladi va yana kamida 12 yil Ukraina kabi yetib olish kerak bo‘lgan standartlarga o‘tadi. Bu standartlar hatto Rossiya Federatsiyasi darajasining yarmiga ham tenglashish uchun zarur”, deydi u.
Zalujniy Ukrainaga endi NATO emas, Buyuk Britaniya kabi davlatlar bilan yangi, moslashuvchan xavfsizlik bloklari kerakligini ochiq aytdi.
Bu voqealardan qanday xulosa qilish mumkin? So‘nggi 7 kunlikdagi jarayonlar va bayonotlar NATO berayotgan "qog‘ozdagi va’dalar" hamda Yevropaning byurokratiyasi urush shiddatiga dosh bera olmayotganini ko‘rsatadi. Ukraina o‘z kuchiga tayanib ballistik raketalar va "FREYJA" tizimini yaratishga majbur, aks holda Rossiya dronlari va raketalari ham harbiy, ham fuqarolik infratuzilmasini yakson qilishda davom etadi. Boshqa tarafdan esa urush ta’siri Rossiyaning ichki iqtisodiy tomirlariga allaqachon yetib borgan. Ikki davlat ham turli jabhalarda zaiflashib boryapti. Ammo birinchi bo‘lib kim oq bayroqni ko‘taradi degan savolga ham hozircha aniq javob topish mushkul.
Tramp “mamlakatdagi tug‘ilishlar”ga qarshi
Har doim dunyo mediasida o‘ziga xos qiliqlari, fikrlari va qarorlari bilan muhokama markaziga chiqadigan Donald Tramp bu haftadan ham jim o‘tirgani yo‘q. AQSH Prezidenti mamlakatda tug‘ilish orqali fuqarolik olish amaliyotini cheklash hamda Amerika fuqaroligining qadrini himoya qilishga qaratilgan ikkita muhim ijro farmonini imzoladi. Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qarorlardan biri AQSH hududida tug‘ilgan barcha bolalarga avtomatik fuqarolik berish tartibiga cheklovlar kiritishni ko‘zda tutsa, ikkinchisi Davlat departamenti va Ichki xavfsizlik vazirligiga “tug‘uruq turizmi” deb ataluvchi amaliyotni to‘liq to‘xtatish choralarini ko‘rishni topshiradi. Tramp ma’muriyati bu qadamlar orqali Amerika fuqaroligi shunchaki tug‘ilgan joy bilan beriladigan imtiyoz emas, balki “chuqur huquq, imtiyoz va mas’uliyatlarni o‘zida jamlagan bebaho maqom” ekanini ochiq-oydin ta’kidlamoqda.
Ushbu qarorlarning huquqiy va konstitutsiyaviy ildizlari AQSHning 160 yillik 14-tuzatishiga borib taqaladi. 1868 yilda qabul qilingan ushbu normada “AQSHda tug‘ilgan va uning yurisdiksiyasiga bo‘ysunuvchi barcha shaxslar AQSH fuqarolaridir” deb belgilangan. Tramp ma’muriyati esa “yurisdiksiyaga bo‘ysunish” tushunchasini qayta talqin qilib, u shunchaki jo‘g‘rofiy hududda bo‘lishni emas, balki mamlakatda qonuniy doimiy yashash huquqini anglatishi kerakligini ilgari surmoqda. Shunga tayanib, ota-onasining kamida biri AQSH fuqarosi yoki doimiy rezidenti, sodda qilib aytganda, Green Card egasi bo‘lmagan bolalarga avtomatik fuqarolik berishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Aslida Tramp o‘zining ikkinchi muddatidagi birinchi kunidayoq bu bo‘yicha tegishli farmonni imzolagan bo‘lsa-da, u darhol federal sudlar tomonidan muzlatilgan edi. AQSH Oliy sudi qarori bilan konstitutsiyaviy normani o‘zgartirish uchun Prezident farmoni yetarli emasligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, ma’muriyatning yangi va qayta ko‘rib chiqilgan farmonlari Oliy sud ajratgan huquqiy bo‘shliqlardan foydalanishga hamda “tug‘uruq turizmi” orqali soxta hujjat topshirganlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy cheklov qo‘yishga qaratilgan.
Raqamlar va statistika bu muammoning ko‘lamini yaqqol ko‘rsatib beradi. Aholishunoslik va immigratsiya institutlari ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHda yillik tug‘ilishlarning umumiy soni 3,5–3,7 millionni tashkil etadi. Shundan mamlakatda noqonuniy yurgan migrantlar yoki vaqtinchalik vizadagi shaxslardan yiliga taxminan 255 000 nafar chaqaloq dunyoga keladi. Agar ushbu taqiq to‘liq kuchga kirsa, MPI hisob-kitoblariga ko‘ra, 2045 yilga borib AQSHdagi huquqiy maqomga ega bo‘lmagan aholi soni qo‘shimcha 2,7 million kishiga, 2075 yilga borib esa 5,4 million kishiga ko‘payishi mumkin. Ayni paytda, Kasalliklarni nazorat qilish markazining rasmiy statistikalariga ko‘ra, yiliga 9 600 nafarga yaqin chaqaloq xorijiy manzillarga ega bo‘lgan onalar tomonidan AQSH hududida dunyoga keltiriladi. Yuqori baholashlarga ko‘ra, maxsus tijoriy agentliklar orqali keladigan “tug‘uruq turistlari” ko‘lami yiliga 22 000 dan 26 000 gacha chaqaloqni tashkil etadi. Bu AQSHdagi yillik umumiy tug‘ilishlarning 1 foizidan kamrog‘i bo‘lsa-da, bu amaliyotdan asosan Xitoy, Rossiya, Nigeriya, Turkiya hamda ayrim Lotin Amerikasi mamlakatlari fuqarolari keng foydalanib kelgan.
Tug‘ilish orqali fuqarolik berishni cheklash Tramp ma’muriyatining noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha umumiy va kompleks strategiyasining bir qismidir. Immigratsiya tizimini isloh qilish doirasida ma’muriyat janubiy chegaradagi nazoratni keskin kuchaytirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp prezidentlik lavozimiga qaytganidan keyin noqonuniy ravishda mamlakatda bo‘lgan 3 milliondan ortiq migrant deportatsiya qilindi, shuningdek, xavf darajasi yuqori deb topilgan 75 ta davlat uchun viza rasmiylashtirish jarayonlari vaqtincha to‘xtatildi. Bundan tashqari, ma’muriyat soxta yo‘l bilan fuqarolik olgan shaxslarga qarshi choralarni kuchaytirib, 88 nafar shaxsga nisbatan fuqarolikni bekor qilish bo‘yicha sud da’volarini qo‘zg‘atdi. Ayni vaqtda 1,4 milliondan ortiq noqonuniy migrant davlat byudjeti hisobidan beriladigan ijtimoiy va tibbiy nafaqalardan uzildi, fuqarolik olish testi qiyinlashtirildi hamda shtatlardagi saylovchilar ro‘yxatidan noqonuniy migrantlarni chiqarib tashlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Ushbu qarorlarning tub iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari juda chuqur. Tramp ma’muriyati ushbu keskin qadamlar orqali, eng avvalo, chaqaloq vositasida ota-onaga yoki oilaning boshqa a’zolariga vaqt o‘tib fuqarolik olib berish anchor babies va zanjirli migratsiya amaliyotiga to‘liq barham berishni ko‘zlamoqda. Shu bilan birga, noqonuniy migrantlar va tug‘uruq turistlarining farzandlariga bepul ta’lim hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish mahalliy soliq to‘lovchilar zimmasiga salmoqli moliyaviy yuk bo‘lib tushayotgani aytilmoqda. Muxtasar aytganda, Donald Trampning ijro farmonlari AQSHning ko‘p asrlik “yerdagi huquq” tamoyilini cheklab, mamlakatni ko‘proq Yevropadagi kabi “qondagi huquq” tizimiga o‘tkazishga bo‘lgan urinishdir.
Live
Barchasi